Gvardiola Kontega qarshi, London derbisi va APLning boshqa uchrashuvlari anonsi
3 dekabr kuni Angliya premer-ligasining 14-tur uchrashuvlariga start beriladi. Tribuna.Uz shanba kuni bo‘lib o‘tadigan 7ta uchrashuvning anonsini e'tiboringizga havola etadi.
MANCheSTeR SITI — CheLSI 17:30 (UzReport, Match! Futbol 1)
Mazkur jamoalarning o‘tgan yilgi «Etihad»dagi uchrashuvida «Manchester Siti» 3:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritgan. O‘sha paytda «Chelsi»dagi atmosfera juda yomon holatda edi. Joze Mourino va klub shifokori Yeva Karneyro o‘rtasidagi mojarolar, keyin futbolchilar bilan murabbiy o‘rtasida yuzaga kelgan muammolar...
Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib ikkala jamoada ham keskin o‘zgarishlar kuzatildi. Ikkala jamoada ham murabbiy almashdi. Muhit butunlay boshqa holatga kirdi. Oldingisidan farqli ravishda «Chelsi» o‘zining so‘nggi 10 yillikdagi eng yaxshi sport formasiga kirib ulgurdi. Shu jihatlarni hisobga olganda bizni oldinda superto‘qnashuv kutib turganiga ishonishimiz mumkin.
Shanba kungi uchrashuvda Xosep Gvardiola uchun ham, Antonio Konte uchun ham g‘alaba qozonish juda muhim. Chunki bu uchrashuvdagi g‘alaba jamoalarning chempionlik ambitsiyasi qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatib beradi.
«Chelsi»ning «Etihad»ga safarlari tarixini titkilasak, jamoa uchun bu stadion juda noqulay ekanini ko‘rishimiz mumkin. Barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda «ko‘klar» Manchesterda o‘tkazgan so‘nggi sakkiz uchrashuvning 6tasida mag‘lubiyatga uchrashgan. Faqat bir marta g‘alaba qozongan.
«Siti» hamon sardor Vensan Kompani xizmatidan foydalana olmaydi, ammo uzoq vaqt jarohatlardan aziyat chekkan Fabin Delf chovida yuzaga kelgan muammolardan xalos bo‘lgan va bu uchrashuvda qisqa vaqtga bo‘lsada tusha olishi mumkin.
So‘nggi olti uchrashuvdan buyon boshlang‘ich tarkibda hech qanday o‘zgarish qilmayotgan «Chelsi» eng muhim o‘yin oldidan ham o‘zgarish qilishiga ishonish qiyin. Hozircha faqat Jon Terri jamoa lazaretida qolmoqda.
VeST BROMVICh — UOTFORD 20:00
Bu uchrashuvga «Vest Bromvich» ustozi Toni Pyulis unchalik yaxshi bo‘lmagan kayfiyatda yetib kelmoqda — bir hafta muqaddam sud unga sobiq jamoasi «Kristal Pelas»ga 3.7 million funt miqdorida tovon puli to‘lashi kerakligi bo‘yicha qaror chiqardi. Ammo bu turnir jadvalining yuqori qismida o‘rnini saqlab qolishga harakat qilayotgan Toni va uning jamoasiga ta'sir o‘tkazmasligi kerak. Qanchalik g‘alati eshitilmasin, «Uotford» ham hozircha APL top-10ligida bormoqda — hattoki Matstsari shogirdlari «Bromvich»dan oldinroqda joylashgan. Shunday ekan bu uchrashuvda autsayder deyish mumkin bo‘lgan jamoa yo‘q. Chempionat doirasida «Vest Bromvich» o‘z uyidagi so‘nggi sakkizta uchrashuvda «Uotford»dan faqat bir martagina mag‘lubiyatga uchragan.
Mezbonlar tarkibida asosiy hujumchi Solomon Rondon maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Boaz Mayxill va Saido Beraxino ham turli sabablar bilan bu uchrashuvni o‘tkazib yuborishga majbur.
«Uotford»da esa bir qator futbolchilarning jarohat olgani ularning bu uchrashuvda qatnashishini so‘roq ostida qoldirmoqda. Yunus Qobul, Ben Uotson va Isaak Saksessda shu kabi muammolar bor. Migel Britos va Valon Behrami esa diskvalifikatsiya tufayli bu uchrashuvni aniq o‘tkazib yuborishadi.
TOTTeNHEM — SUONSI 20:00 (Match! Futbol 1)
O‘tgan haftada «Tottenhem» premer-liganing bu mavsumidagi ilk mag‘lubiyatini tan olishga majbur bo‘ldi. «Suonsi» esa yangi bosh murabbiy Bob Bredli boshchiligida ilk g‘alabasini (g‘alaba bo‘lganda ham qanday g‘alaba!) tantana qildi. Hozirgi vaqtga kelib «shporlar» Chempionlar ligasi uchun yo‘llanma beradigan o‘rindan to‘rt ochko ortda qolmoqda. Endi jamoaning bu farqni yanada oshib ketishiga yo‘l qo‘yishga haqqi yo‘q. Premer-Liga doirasidagi barcha uchrashuvlarni qo‘shib hisoblaganda «Tottenhem» hali biror marta ham «Suonsi»ga imkoniyatni boy bermagan — 8 g‘alaba, ikki durang.
«Tottenhem» markaziy himoyasining yetakchisi Tobi Alderveyreld nihoyat tizzasidan olgan jarohatidan qutuldi. Danni Rouz diskvalifikatsiyadan so‘ng safga qaytdi. Ben Devis va Erik Lamela esa hozircha jarohatini davolash bilan band.
«Suonsi» sardori Leon Britton sonidan olgan jarohatidan tuzalib o‘yinga shay bo‘lib turibdi. Ki Sung Yong esa qo‘lini sindirib olgani sabab bu uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi.
SANDeRLeND — LeSTeR 20:00
Ketma-ket qozonilgan g‘alabadan keyin «Sanderlend» shuni ko‘rsatdiki, ularni hisobdan chiqarishga hali erta ekan. Ammo «Liverpul»ga qarshi uchrashuvdagi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat jamoani yana turnir jadvalining eng pastki pog‘onasiga ravona qildi. Ammo «Lester»da ham hammasi joyida emas. Jamoa bugungi raqibidan faqat besh ochkoga oldinda bormoqda. Ikkala jamoaning Premer-Liga doirasidagi so‘nggi 9 uchrashuvini hisoblasak, «Lester» faqat bir martagina mag‘lubiyatga uchragan. Olti uchrashuvda hattoki o‘z darvozasidan to‘p ham o‘tkazib yubormagan.
«Sanderlend» himoyachisi Pap Jilobodji diskvalifikatsiyadan so‘ng yana maydonga tusha olishi mumkin. Linden Guch jarohati sabab bu uchrashuvda ishtirok eta olmaydi, ammo Yan Kirhoff to‘liq sog‘ayib jamoasiga yordam berishga tayyor bo‘lib turibdi.
«Lester» yarimhimoyachisi Nampalis Mendi uchun bu avgust oyidan buyon ilk uchrashuv bo‘lishi mumkin. Shuningdek Ben Chiluell ham jarohatidan forig‘ bo‘lgan. Danni Drinkuoter esa hamon diskvalifikatsiya muddatini o‘tamoqda.
STOK SITI — BYoRNLI 20:00
Mavsumni juda yomon boshlagan «Stok»da barchasi iziga tushib bormoqda. O‘tgan haftada «Uotford» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Mark Hyuz jamoasi turnir jadvalining 11-o‘rniga ko‘tarilib oldi. Shanba kuni jamoada turnir jadvalidagi o‘rinini yanada musthkamlab olish imkoniyati mavjud. Sababi «Byornli» hamon mehmondagi uchrashuvlarni dahshatli darajada muvaffaqiyatsiz o‘tkazmoqda. «MYu»ga qarshi uchrashuvni hisobga olmasa, jamoa mehmondagi so‘nggi 4ta o‘yinda faqat yirik hisoblarda imkoniyatni boy berdi. Ammo boshqa tarafdan jamoa «Stok»ka qarshi APL doirasidagi so‘nggi uch uchrashuvda biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan.
«Stok» sardori Rayan Shoukross oyog‘ining son qismidan olgan jarohati sabab ketma-ket ikkinchi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin. Yana bir yetakchi Jo Allen esa diskvalifikatsiyadan keyin maydonga tushishga shay bo‘lib turibdi.
«Byornli»da mavsum qahramoni bo‘lib turgan darvozabon Tom Hiton, shuningdek Din Marni jarohatidan qutulib safga qaytgan, ammo Yoxan Berg Gudmundsson hamon o‘yindan tashqari holatda qolmoqda.
KRISTAL PELAS — SAUTHEMPTON 20:00
Keyingi har bir o‘yin «Kristal Pelas» bosh murabbiyi Alan Pardyu uchun so‘nggisi bo‘lishi mumkin. Jamoa so‘nggi olti uchrashuvda faqat mag‘lubiyat alamini totdi. «Burgutlar»dan bu kecha boshni ko‘tarib, ajoyib formada bo‘lgan «Sauthempton»ga qarshi uchrashuvda ochko olishlari talab etiladi. Mehmonlar shu haftada «Arsenal» ustidan qozonilgan ishonchli g‘alaba evaziga so‘nggi 30 yilda birinchi marta Angliya liga kubogining yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ikki yil oldin «Sauthempton»ning «Selherst Park»dagi g‘alabasida Nil Uornokning hissasi katta bo‘lgandi, bu tarix shanba kuni yana takrorlanishi mumkin. Jamoalarning premer-liga doirasidagi so‘nggi 14 uchrashuvini oladigan bo‘lsak, «Pelas» faqat bir martagina «Sauthempton»dan ustun kelgan.
«Kristal Pelas» hujumchisi Konnor Uikxem tizza bo‘g‘imlaridan jiddiy jarohat olgan va bu mavsumda boshqa maydonga tusha olmasa kerak. Stiv Mandanda esa tizzasini operatsiya qildirgach, bir yarim oygacha safga qayta olmaydigan bo‘ldi. Yarimhimoyadagi asosiy futbolchilaridan biri Yoan Kabay esa diskvalifikatsiya qilingan.
Mehmonlarda bu borada muammo kamroq. Faqatgina burnini sindirib olgan pleymeyker Dushan Tadich hamon o‘yindan tashqari holatda qolmoqda.
VeST HEM — ARSeNAL 22:30 (Uzreport, Match! Futbol 1)
Haftaning o‘rtasida ikkala London jamoasi ham Liga Kubogidan chiqib ketdi: «Vest Hem» «Manchester Yunayted»ga yirik hisobda yutqazdi, «Arsenal» esa o‘z uyida «Sauthempton»ga imkoniyatni boy berdi. «Kanonirlar» lazareti kengayishda davom etayotganiga qaramay, birinchi turdan keyin jamoa hamon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Venger shogirdlari «bolg‘aurarlar»ga qarshi Premer-Liga doirasidagi so‘nggi 11 uchrashuvdan 9tasida zafar quchgan.
«Vest Hem» Diafre Sakoga qo‘shilib, endi Aaron Kressuell va Micheyl Antonioni ham yo‘qotdi. Jamoaning eng asosiy qurollaridan biri ikkala qanotning yo‘qotilishiga qaramay, birgina xursand qiladigan xabar ham mavjud. Endi Kerroll nihoyat safga qaytmoqda.
Santi Kasorla navbatdagi jarohatini operatsiya qildirishga tayyorlanmoqda. Mavsumda ilk marta maydonga chiqib, darhol lazaretga qaytgan Mate Debyushiga u yerdan chiqishi uchun yana bir yarim oy vaqt kerak bo‘ladi. Olive Jiruning chovidagi muammolari sabab o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda. Jarohati to‘liq tuzalmagan Ektor Belerinda ham vaziyat xuddi shunday.
Mavzuga oid
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
10:38 / 09.12.2024
Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi
12:04 / 08.12.2024
«Siti» va «Barsa» yana ochko yo‘qotdi, Mbappe gol urishni boshladi
10:17 / 05.12.2024