Jamiyat | 22:14 / 04.12.2016
8157
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistonda o‘tgan saylov borasida qanday fikrda?

O‘zbekistonda 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning 500 dan ortiq vakili kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan suhbatda bo‘ldi.

Igor Chamov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi vakili:
– O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish uchun kelgan xalqaro kuzatuvchilar qatorida tashkilotimiz vakillari ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Saylovda xalqingizning birdamligi, hamjihatligi va siyosiy faolligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Mamlakatingizga ilk bor kelib, bu tarixiy voqeada kuzatuvchi bo‘lib qatnashayotganimdan xursandman.

Masanori Aikyo, Aichi Milliy universiteti prezidenti (Yaponiya):
– 14-Toshkent saylov okrugida va bir nechta saylov uchastkasida bo‘lib, aholining ovoz berish jarayonini kuzatdim. Aholi saylovga jiddiy yondashayotgani menda yaxshi taassurot qoldirdi. Saylov ochiq-oshkora, demokratik ruhda o‘tdi. O‘zbekistondagi bu qadar yuksalish diqqatga sazovor.

Mixail Kozlov, Rossiya Federal Majlisi Federatsiya kengashining Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi a'zosi:
– Bu saylov o‘zbek xalqi o‘z kelajagi, o‘z Vatani taraqqiyoti uchun katta va muhim qadam qo‘yganining amaliy ifodasi bo‘ldi. Saylovning yuksak uyushqoqlik va faollik bilan o‘tganida mamlakatdagi tinchlik va barqarorlik muhim omil bo‘ldi, deb hisoblayman.

Gao Yuyshen, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining maxsus elchisi:
– Men bir qator saylov uchastkalariga borib, erta tongdanoq odamlarning ovoz berish jarayonida faol ishtirok etganiga guvoh bo‘ldim. O‘zbekistondagi saylovlar milliy qonunchilik hamda xalqaro andozalarga to‘la mos tarzda o‘tdi. Saylov uchastkalarida barcha toifadagi saylovchilar, jumladan, alohida ehtiyojli fuqarolar, bolali ayollar, keksalar uchun qulay sharoit yaratilgani e'tiborga sazovor.

Dominik Tilmans, Belgiya Qirolligining faxriy senatori:
– O‘zbekistonga har safar kelganimda ulkan o‘zgarishlar, hayratlanarli rivojlanishning guvohi bo‘laman. O‘zbekiston saylov tizimi takomillashtirilgan. Ochiqlik, tenglik va xolislik kabi demokratik talablar ta'minlangan. Men saylov jarayonini bevosita kuzatdim, demak, ushbu jarayonga to‘g‘ri va xolis baho bera olaman. O‘zbekistonning milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalardan xabarimiz bor. Turli millatlar, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun teng qulayliklar yaratilgani – bu demokratiyaning yorqin ko‘rinishi. Siyosat sohasida 27 yillik tajribaga egaman. Binobarin, saylov tizimini yaxshi tushunaman va shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yuqori darajada tashkil etilgan, deb hisoblayman.

Venta Kotseri, Latviya universiteti akademik kutubxonasi direktori:
– O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetidagi saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatib, O‘zbekiston xalqi nainki o‘tmishga hurmat, balki kelajakka ham yuksak ishonch bilan qarashiga amin bo‘ldim. Yuqori tashkiliy tayyorgarlik, saylovchilar faolligi hamda mazkur jarayon ishtirokchilarining hamjihatligi saylovning muvaffaqiyatli o‘tishini ta'minladi, deb o‘ylayman.

Mavzuga oid