Sport | 12:54 / 21.12.2016
11762
2 daqiqa o‘qiladi

«Shapekoense» samolyotining halokatidagi aybdorlar aniqlandi

Foto: Google image

Braziliyaning «Shapekoense» futbol klubi a'zolari va xodimlari uchayotgan samolyotning qulashi bilan bog‘liq hodisani o‘rgangan Boliviya hukumat komissiyasi tergov natijalarini e'lon qildi. Ularning fikricha, halokatga uchuvchi Migel Kiroga aybdor bo‘lgan.

GloboEsporte ma'lumotlariga ko‘ra, uchuvchi belgilangan yo‘nalishdan chekingani sababli samolyotga parvozni yakunlash uchun yonilg‘i yetmay qolgan. Samolyot soatiga 250 km tezlikda toqqa kelib urilgan. 

Tergovning aniqlashicha, uchuvchining malakasi bu kabi parvozlarni amalga oshirish talabiga javob bermagan. 

Kiroga yetarli darajada parvoz soatiga ega bo‘lmagan, bu turdagi samolyotni yaxshi bilmagan, mehnatga joylashganida esa, yolg‘on ma'lumotlarni ham taqdim etgan bo‘lishi mumkin. 

«Ushbu fojia yuzasidan bevosita javobgarlik LaMia idorasi va uchuvchi zimmasidadir», — deya Boliviya jamoat ishlari vaziri Klaros so‘zlarini keltiradi  ABI agentligi. 

Mazkur aviahalokat sababli Boliviya avianazorat boshqarmasining sobiq vakili Gustavo Vargas Vilegas hibsga olingan. U Kolumbiyada halokatga uchragan samolyotga litsenziya berishda o‘z xizmat lavozimidan foydalangan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, uning otasi va LaMia aviakompaniyasi rahbari Gustavo Vargas Gamboa ham qo‘lga olingan. Gumonlanuvchilarning ikkisi ham o‘z aybini tan olmayapti. 

29 noyabrda Kolumbiyada sodir bo‘lgan aviahalokat oqibatida samolyot bortidagi 77 kishidan 71 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi. 

Mavzuga oid