O‘zbekiston | 15:55 / 28.12.2016
10495
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Turkiya elchisini qabul qildi 

2016-yilning 28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkiya Respublikasining yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shenni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy sayti xabar bergan.

Vazir elchining ishonch yorliqlari nusxasini qabul qildi. 

Muloqot davomida hozirgi paytda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda an'anaviy do‘stlik va sherikchilikka asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga imkon beradigan konstruktiv va ochiq munosabat o‘rnatilganligi qayd etildi. 

2016-yilning 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya uchrashuvining muvaffaqiyatli yakunlari buning yana bir bor isbotidir. Shu nuqtayi nazardan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga doir aniq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda bo‘lajak ikki tomonlama aloqalar, jumladan vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazish vaqtlari va mazmuni yuzasidan fikr almashildi. 

Mavzuga oid