Jamiyat | 14:06 / 12.01.2017
35933
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Oyning aniq yoshini ma'lum qilishdi

Foto: Getty Images

Oy 4,51 milliard yil avval tashkil topgan. Bu Quyosh tizimi shakllanganidan 60 million yil o‘tib ro‘y bergan. Bunday xulosa Kaliforniya universiteti olimlari tomonidan Science Advances ("Ilm-fan taraqqiyoti") jurnali sahifalarida e'lon qilingan maqolada keltirildi. Avvalgi taxminlarga ko‘ra, Yer yo‘ldoshi Quyosh tizimi shakllanganidan 150-200 million yil o‘tib, Yerning hajmi Mars sayyorasi kabi bo‘lgan fazoviy obekt bilan to‘qnashuvidan so‘ng tashkil topgan, deb hisoblanardi. Maqolada ta'kidlanishicha, "Oyning yoshi haqidagi ma'lumotning muhimligiga qaramay, avval bunga javob berilmagan".

"Biz Oy bunday yoshda ekani haqidagi fikrlar o‘z isbotini topgan, deb hisoblaymiz", - ma'lum qildi Kaliforniya universiteti mutaxassislar guruhi rahbari Melani Barboni. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqolaga 1971 yilda Amerikaning "Apollon-14" kemasi ekipaji astronavtlarining Oy yuzasidan olgan namunalari tahlil natijasi asos qilib olingan. 

"Aniq hisob-kitoblar uchun sirkon mineralidan foydalandik, u eng yaxshi “vaqt kapsulasi” sanaladi", - dedi olim. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu modda Oy yuzasidagi magmaning muzlab qolishidan paydo bo‘lgan. Olimlar o‘rganish chog‘ida ushbu mineralda bo‘lgan uranning qancha miqdori qo‘rg‘oshinga aylanganini o‘lchashdi. Bu uslub geologik obektlar yoshini aniqlashda eng ishonchlidir. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, Yerning yo‘ldoshi 4,51 milliard yil avval shakllangan.

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, Oyning yoshi haqidagi ma'lumot - "Yerning tashkil topish va rivojlanish jarayonini tushunishga yordam beruvchi kalitdir".

Mavzuga oid