Iqtisodiyot | 10:53 / 30.01.2017
26262
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi bank ochilmoqda

O‘zbekistonda yangi bank - «O‘zagroeksportbank» aksiyadorlik tijorat banki tashkil etiladi. Bu Prezidentning 24 yanvardagi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan (hujjat matni Lex.uz saytiga joylashtirilgan).

Bank tashkil etilishidan maqsad — eksport qiluvchi tashkilotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, meva-sabzavot mahsulotlarining eksport imkoniyatlarini samarali va barqaror rivojlantirishni ta'minlash, agrosanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat hisoblanadi.

Bankning boshlang‘ich ustav kapitali 10 mln yevro. O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (7,5 mln yevro, 75 foiz), «O‘zbekinvest» kompaniyasi (1 mln yevro, 10 foiz), «O‘zbekoziqovqatxolding», «O‘zagrosug‘urta» va «Kafolat SK» (500 ming yevrodan yoki 5 foizdan) bankning muassislari hisoblanadi.

2020 yilga qadar «O‘zagroeksportbank» 15 foizdan kam bo‘lmagan ulush bilan strategik xorijiy investorlarni ustav kapitaliga jalb etishi lozim bo‘ladi.

Yangi bank va uning filiallari ro‘yxatga olingan sanadan 5 yil muddatga barcha turdagi soliqlar hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etiladi va bo‘shayotgan mablag‘lar bankning resurs va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yo‘naltiriladi. 

Mavzuga oid