O‘zbekiston | 20:45 / 31.01.2017
14509
3 daqiqa o‘qiladi

“Yagona oyna” bojxona axborot tizimi ishga tushirildi

Davlat bojxona qo‘mitasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Ochiq hay'at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi” to‘g‘risidagi Qonuni doirasida bojxona organlarida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida axborotlar berildi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasida unifikatsiyalashtirilgan “Yagona oyna” bojxona axborot tizimining taqdimot marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Rahbariyati, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) vakillari, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok qildi.

“Unifikatsiyalashtirilgan “Yagona oyna” bojxona axborot tizimini joriy etish yo‘li bilan bojxona xizmatini modernizatsiya qilish” loyihasini amaliyotga joriy etish ishlari 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida ikki tomonlama Hadli bitim imzolanganidan so‘ng boshlangandi. 

Mazkur loyiha O‘zbekiston va Koreya hamkorligining navbatdagi yorqin ifodasi bo‘lib, uni amalga oshirish uchun Janubiy Koreya tomonidan 5,5 mln AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratilgan edi.

Loyihani ishlab chiqish va to‘liq amaliyotga joriy qilish mahalliy va Koreya Respublikasinnig yuqori malakali mutaxassislari bilan hamkorlikda belgilangan muddatdan kechiktirmay, ya'ni 2014-2016 yillar davomida to‘la amalga oshirildi. 

«O‘zstandart» agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi kabi qator vazirlik va idoralarni qamrab olgan mazkur tizim yordamida 20 dan ortiq ruxsatnoma hujjatlari, shu jumladan, muvofiqlik sertifikati, ekologik sertifikat, veterinar guvohnoma va boshqa shu kabi hujjatlarni olish mumkin.

Tadbir davomida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari “Yagona oyna” axborot tizimi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi. 

“Yagona oyna” axborot tizimi www.sw.customs.uz manzilida sinov tarzida ishga tushirildi.

Taqdimot marosimida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kvon Yong Vu ishtirok qildi.

Mavzuga oid