Jamiyat | 09:58 / 07.02.2017
30421
5 daqiqa o‘qiladi

Hakamlik sudlari: nizolarni bartaraf etishning tezkor va qonuniy yechimi

Fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan, tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida vujudga keluvchi xo‘jalik nizolarini hakamlik sudlari tomonidan ham hal etilayotgani mamlakatimizda bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham bu yo‘lda qo‘yilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Mazkur hakamlik sudlari o‘z faoliyatlarini xolislik, qonuniylik asosida mustaqil ravishda hakamlik muhokamasi taraflarining tortishuvi va teng huquqligini ta'minlagan holda hamda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish va ularga yordam berish maksadida amalga oshirmoqdalar.

Afsuski, hakamlik sudi orqali nizolarni hal qilish imkoniyati, uning afzalliklari haqida joylarda olib borilayotgan tushuntirish ishlari yetarli emas. Ko‘pgina huquqshunoslar va mutaxassislar hakamlik huquqi mavjudligini yetarli anglab yetmayapti. Jamoatchilik hakamlik sudlarining samarali faoliyati haqida zarur darajada xabardor qilinmayapti.

Shu o‘rinda hakamlik sudlari haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tsak. Hakamlik sudi nodavlat sud tizimi bo‘lib, uning asosiy vazifasi fuqarolar va tadbirkorlarga huquqiy yordam ko‘rsatish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir. 

Hakamlik sudining xo‘jalik sudlari va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardan farqli jihatlari quyidagilarda o‘z aksini topadi:

1. Hakamlik sudi tomonidan nafaqat xo‘jalik ishlari balki fuqarolik ishlari ham ko‘rib chiqib, hal etiladi.
2. Xo‘jalik sudlarida faqat yuridik shaxsga oid xo‘jalik nizolar, Fuqarolik sudlarida faqat fuqarolarga oid nizolar ko‘rib chiqiladi. 
3. Hakamlik sudlari, jumladan, yuridik shaxslar o‘rtasidagi nizolarni, fuqarolar o‘rtasidagi qarz oldi-berdisiga oid nizolarni ko‘rib chiqadi. Fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi yozma tilxat bor yoki yo‘qligidan qat'i nazar hakamlik sudi nizolarni ko‘rib chiqib, qonuniy qaror qabul qiladi. 
4. Hakamlik sudlarida ish tezkorlik bilan hal etiladi (chunki hakamlik sudida faqat bitta instansiya nazarda tutilgan bo‘lib, boshqa sudlar kabi appelyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyalari mavjud emas. Hakamlik sudining qarori yakuniy hisoblanadi).
5. Asosiy maqsad taraflarning kelishuviga yo‘naltiriladi va taraflar o‘rtasidagi hamkorlik saqlab qolinadi. Birinchi o‘rinda taraflarni murosaga keltirish yo‘llari izlanadi, keyinchalik ham hamkorlik qilishlari uchun oralaridagi munosabatlar buzilmasligi yo‘lida harakat qilinadi. 
6. Hakamlik muhokamasining maxfiyligi qonun bilan kafolatlanadi. Hakamlik muhokamasi yopiq majlisda ko‘rib chiqiladi. Bu taraflar o‘rtasida nizo mavjudligi, shuningdek, nizoning biror bir o‘ziga xos tomonlari oshkora qilinmasligini, tijorat sirini saqlanishini ta'minlaydi.
7. Hakamlik sudida faqat sud tarkibi va nizolashayotgan tomonlar qatnashadi. Prokuror ishtirok etmaydi.
8. Tomonlar jinoiy va ma'muriy jazoga tortilmaydilar. 
9. Hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Shu bilan birga, Xo‘jalik sudlari va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga xaqli emas. Bundan tashqari, xakamlik sudlari yig‘im miqdori xuddi shunday toifadagi ishlarni xo‘jalik sudi yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rib chiqilganida to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat bojining yarmidan oshmaydi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchimiz, hakamlik sudi ma'muriy, oila va mehnat huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni hal etmaydi. Masalan, aliment undirish, bola asrab olish, ishga tiklash, nikohni bekor qilish kabi nizolar ko‘rib chiqilmaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning turli viloyatlarida hakamlik sudlari faoliyat olib bormoqda. Ana shunday hakamlik sudlaridan biri Toshkent shahri, Chilonzor tumanida joylashgan bo‘lib, bu yerga murojaat qilayotgan barcha fuqarolarning huquqlari qonuniy tomondan ko‘rib chiqilmoqda va ijobiy hal etilmoqda.

Manzil: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Kichik xalqa yo‘li, 21 “a” uy.
Telefonlar: Qabulxona (faks): 276-56-67, 276-56-53.

Mavzuga oid