O‘zbek iqtisodchisi dunyoning eng kuchli yosh iqtisodchilari reytingidan joy oldi
Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti iqtisod fani o‘qituvchisi Raufxon Salaxo‘jayev dunyoning 100 ta eng kuchli yosh iqtisodchilari reytingidan joy oldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ro‘yxatning birinchi elliktaligida Osiyodan faqatgina Yaponiya, O‘zbekiston va Hindiston vakili joy oldi. Raufxon Salaxo‘jayev 32-o‘rinni band etdi. Hali o‘ttiz yoshni qarshilamagan Raufxon makroiqtisoddagi yangi yo‘nalish «Iqtisodiy o‘sishning chuqur omillari» bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan kam sonli olimlardan. Ilmiy ishi davlatlarning iqtisodiy rivojlanishida intellektual kapital va bozor institutlarining rolini tadqiq etishga bag‘ishlangan. Raufxonning 20 ga yaqin ilmiy maqolasi «Intelligence», «Kyklos», «Environmental Research» kabi dunyoning yetakchi ilmiy jurnallarida chop etilgan, «Forbes» agentligi, «National Policy» instituti tomonidan yuqori baholangan.
Yosh iqtisodchi olim 2012 yili AQShning «Fulbright» stipendiyasi g‘olibi bo‘lib, Nyu-York davlat universitetida iqtisod magistri ilmiy darajasini olgan. Hozir ta'lim dargohida muallimlik qilish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida katta ilmiy xodim hamdir.
Raufxon Salaxo‘jayevning muvaffaqiyati Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti uchun London Iqtisod maktabi (Buyuk Britaniya), Angliya banki va Braun universiteti kabi nufuzli ilmiy markazlar qatoriga kirishga yo‘l ochdi.
Reyting RePEc (Research Papers in Economics) «Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy maqolalar» tashkiloti tomonidan tuziladi, loyihani AQShdagi Federal rezerv banki tadqiqotlar bo‘limi muvofiqlashtiradi va dunyo bo‘ylab 50 mingdan ortiq iqtisodchilar faoliyati kuzatib boriladi. RePEc maqolalarga keltirilgan iqtiboslar, chop etilgan jurnal nufuzi kabi kategoriyalarga asoslanib, turli toifalar bo‘yicha eng yaxshi iqtisodchilar reytingini tuzadi.
Mavzuga oid
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024