Fan-texnika | 20:20 / 20.02.2017
5264
3 daqiqa o‘qiladi

Ford: avtomobillarni yarim muqobil boshqarishdan naf yo‘q

Foto:motor.ru

AQShning Ford kompaniyasi uchinchi bosqich avtopilot (avtomobilning mustaqil ravishda harakatlanishi)ini joriy qilishni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bunda elektronika buyrug‘i yoki favqulodda vaziyat tufayli avtomobil boshqaruvini inson o‘z ixtiyoriga oladi. Kompaniyaga ko‘ra, bu kabi boshqaruvning umuman foydasi yo‘q. Bloomberg agentligining xabar qilishicha, Amerika ishlab chiqaruvchisi buning o‘rniga to‘liq avtopilotli mashinalarni ishlab chiqarish niyatida. Ular 2020 yildan so‘ng paydo bo‘lishi kerak.

Ford avtomobillariga o‘rnatilgan uchinchi bosqich avtopilotlarini sinash chog‘ida aniqlanishicha, sinovchilar mudrab qolishgan. Titrovchi o‘rindiqlar va rul, muhandis yoniga hamroh qo‘yilishi ham foyda bermagan. Har safar avtomobilning bir xil harakatidan sinovchilar mudrab qolaverishgan.

«Ular barchasini tekshirib, kuzatishi lozim bo‘lgan muhandislar edi, — deydi Ford  yangi ishlanmalari rahbari Raj Nair. — Ammo, bu inson tabiati: sen avtomobilga qanchalik ko‘p ishona boshlasang, diqqat bilan kuzatishning hojati yo‘qligini anglay boshlaysan».

Bu qarash faqatgina Ford kompaniyasiga tegishli xulosa emas. Google korporatsiyasi ham shunday fikrda. Unga tegishli avtopilotlar bilan shug‘ullanuvchi Waymo kompaniyasining fikricha, ehtimol uchinchi darajali avtopilotga ega mashinalarni ishlab chiqarmagan ma'quldir. 

Yarim muqobil avtomobillarda rul boshqaruvi, tezlik va tormoz pedallarini qurilma boshqaradi hamda atrofdagi vaziyat o‘rganib boriladi. Biroq, ayrim vaziyatlarda inson ishtiroki talab etiladi. Bunda, elektronika, masalan, BMW, Audi va Mercedes-Benz avtomashinalarida 10 soniya avval haydovchini ogohlantiradi. Nissan va Honda mashinalari 30 soniya avval ogohlantirishni boshlaydi. Biroq, ko‘plab ekspertlarning fikricha, haydovchi o‘z vaqtida qaror qabul qilishi uchun bu vaqt yetarli emas. 

«Biz besh, o‘n soniya deganlariga ishonmaymiz, — degan Volvo rahbari Xakan Samuelson. — Bu baribir xavfli. Agar siz biror narsa bilan mashg‘ul bo‘lsangiz, tadqiqotlarga ko‘ra, nima bo‘layotganini tushunib, vaziyatni baholab, boshqaruvni qo‘lga olishga 2 daqiqa talab etiladi. Bundan kam vaqtda bo‘lishi mumkin emas. Shunga ko‘ra, uchinchi darajali muqobil boshqaruv tizimi umuman keraksiz bo‘lib chiqadi».

Mavzuga oid