Fan-texnika | 08:48 / 22.02.2017
10699
3 daqiqa o‘qiladi

Kapsulali transport tizimi - Hyperloop qanday ishlaydi?

Business Insider nashri kelajakning kapsulali transport tizimi Hyperloop faoliyatiga oydinlik kirituvchi videokontseptga e'tibor qaratdi. Uni Hyperloop One kompaniyasi Dubayda amalga oshirmoqda. 

2016 yil noyabr oyida Hyperloop One Dubay hukumati bilan hamkorlik bitimiga erishgani haqida e'lon qilgan edi. Kompaniya rahbariyati Dubay va Abu-Zobi shaharlarini Hyperloop transport tizimi bilan o‘zaro bog‘lashni rejalashtirgan. Kompaniya, o‘sha vaqtda Hyperloop yo‘lining kontsepti (loyihasi)ni ham namoyish qilgan edi. Ishlab chiqaruvchilarning taxmin qilishlaricha, kapsulalar soatiga 1125 kilometr tezlikda harakatlanadi, yo‘lga sarflangan vaqt 12 daqiqani tashkil etadi. 

BAA yo‘lovchilari uchun maxsus mobil ilova ham ishlab chiqiladi. Uning vositasida kerakli bekatga qanday borish aniqlab olinadi. Bu ilova Hyperloop tizimining jadvalini ham foydalanuvchi e'tiboriga havola qiladi. Agar yo‘lovchi Hyperloop optsiyasini tanlasa, ilova kerakli darvozaga qanday borishni tushuntiradi va bo‘lg‘usi sayohatning barcha tafsilotlarini ma'lum qiladi. 

Shundan so‘ng, foydalanuvchi harakatlanish uchun kapsula turini tanlaydi. Rejaga ko‘ra, yo‘lovchilarga bir necha xil: bir kishi yoki bir necha kishilik, uchrashuv, ma'ruza yoki dam olishlari uchun mo‘ljallangan kapsulalar taklif etiladi. 

Kapsula yo‘lovchini mustaqil ravishda Hyperloop tizimiga keltiradi. Loyiha mualliflariga ko‘ra, Dubay — Abu-Zobi yo‘nalishida 120 dona kapsula ishlaydi, ular soatiga 8500 yo‘lovchini manziliga yetkazadi. 

Yo‘lovchilar joylashgan kapsulalar birmuncha yirik hajmdagi kapsulaga 4 donadan joylashtiriladi. Ushbu to‘rtta kapsulaning 3tasida yo‘lovchilar, birida yuklar tashiladi. 

Hyperloop One kompaniyasining muhandislik yo‘nalishi menejyeri Josh Gigelning fikricha, kelajakda Hyperloop kabi transport vositalari shunchalik keng tarqaladiki, shaharlar aholisi ulardan metro singari foydalanadi. 

Yo‘lovchi va yukli kapsulalarni ichiga olgan yirik kapsula Hyperloop quvurini tark etgach, ular odatdagi yo‘l orqali mijozni manziliga yetkazadi.

Masalan, Dubaydagi Burj Xalifa osmono‘par binosidagi Hyperloop One bekati shunday ko‘rinish oladi:

Dubaydagi Hyperloop One transport tizimi konsepsiyasi:

Moviy chiziqlar bilan Hyperloop quvurlari belgilangan, pushti tuslar bilan yo‘lovchilar bekatga yetib kelgach, kapsulalar davom etadigan yo‘nalishlar aks ettirilgan. 

Kapsulalar harakatini boshqaruv markazidagi mutaxassislar nazorat qilishadi. 

Business Insider nashrining yozishicha, Hyperloop One dastlab yuklarni tashishni maqsad qilgan, ammo 2017 yil fevralida yuk va yo‘lovchilarni ham tashishini bildirdi. 

Mavzuga oid