Jamiyat | 21:05 / 04.03.2017
9604
2 daqiqa o‘qiladi

Tuva Respublikasidagi bir oilaning qotilligi bo‘yicha opa-singillar hibsga olindi

Rossiyaning Tuva Respublikasidagi Ak-Dovurak shahrida bir oila – er-xotin va ularning 2 nafar norasida qizlarining qotilligi bo‘yicha 2 nafar qiz qo‘lga olindi.

Avvalroq er-xotin ko‘plab pichoq jarohatlaridan, ularning farzandlari esa vannaxonada suvga cho‘ktirilish oqibatida halok bo‘lganlari ma'lum qilingandi

Respublika tergov boshqarmasida ma'lum qilinishicha, qotillikni sodir etish gumoni bilan shu shaharda yashagan 19 va 25 yoshli opa-singillar hibsga olingan. Tergovchilarning taxminiga ko‘ra, bu ayollar o‘ldirilgan oila boshlig‘i bilan 3 mart kuni uning uyida spirtli ichimliklar ichib o‘tirishgan. Erkakning rafiqasiga bu holat yoqmagan va u bilan qizlar o‘rtasida janjal chiqib, mushtlashuvga aylanib ketgan. Oqibatda oilaning barcha a'zolari o‘ldirilgan. Jinoyatchi qizlar o‘z qilmishlarining izini yashirish uchun uyga o‘t qo‘yishgan. Keyinroq qurbonlarning qo‘shnilari tutun hidini sezib, o‘t o‘chiruvchilarni chaqirtirishgan. Aynan o‘t o‘chiruvchilar jasadlarni aniqlashgan.   

Ayni vaqtda ikki qiz ham hibsga olingan. Tergovchilar voqeaning to‘liq suratini tiklash uchun ularni so‘roq qilishmoqda. Yaqin orada jinoiy ish materiallari sudga topshiriladi. Tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid