Jamiyat | 15:59 / 21.03.2017
10323
5 daqiqa o‘qiladi

Ustoz bilan samimiy suhbatlar!...

Uzoq kutganimiz, biz sog‘ingan taftli bahor fasli ham kirib keldi. Yangilanish va yasharish ayyomi hisoblangan ushbu go‘zal faslda biz qo‘shaloq shodiyonalarni o‘zgacha shukuh ila nishonlaymiz. Ayniqsa, Navro‘z bayrami barchamizga birdek qadrdon! Mazkur bayram haqida oshiqcha ta'rif-tavsiflar keltirishga hojat yo‘q, menimcha. Bu qutlug‘ sana yana shunisi bilan ahamiyatliki, o‘zbek adabiyotining zabardast vakili, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri ustoz Abdulla Oripov tavallud topgan kun. 

Ushbu ulug‘ insonni nafaqat buyuk ijodkor, balki bag‘rikeng, sofdil inson sifatida ham hurmat qilaman. Ular bilan ilk tanishuvmiz hech qachon yodimdan ko‘tarilmasa kerak. 2011-yil ayni iyun oylarining ilk kunlarida “Do‘rmon” ijod uyida Andijonlik bir guruh ijodkorlar uchun seminar bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda ustozim Xurshidabonu (Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari) bilan birga ularning holidan xabar olgani xonadonlariga kirganmiz. Ular meni birinchi marotaba ko‘rayotgan bo‘lsalar-da, go‘yoki yaqinlaridek munosabatda bo‘lib, she'rlarimni ishtiyoq bilan tinglagandi. Qolaversa, uch kunlik seminar davomida ham ular bilan samimiy muloqotlar o‘tkazganmiz. Shu-shu poytaxtga kelganimda ustozning huzurlariga borishga oshiqadigan bo‘ldim. Har gal ular meni “nabira shogirdim” deb, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olar, kerakli o‘gitlar berib kuzatar edi. 2015-yilning iyun oyi oxirida uylarida qilgan suhbatimiz anchagina maroqli o‘tgan edi. Mendan andijonliklar haqida, viloyatimizdagi katta bunyodkorlik ishlari, shoir-yozuvchilar ahvolini bir-bir so‘rab o‘tdi. Suhbatimiz mevalar mavzusiga burilib, shu gaplarni kuyinib aytgan edilar.

- Qara, bu yil bahor boshqacha kelib, ko‘p dov-daraxtlar havo xorg‘inligidan kurtaklagan paytida gullari to‘kilib ketdi. Shularni o‘ylab, tunov kuni she'r qoraladim. 

O‘qib bergan she'rlarini to‘liq keltira olmadim. She'r mazmunida: – “Biz kattalarning gunohimiz ko‘pdir, xo‘p, lekin go‘daklarning rizqida nima ayb bor...” degan, mazmun ifoda etilgandi. Har safar ustoz bilan suhbatlashganimda, biz yoshlar haqida qayg‘urayotganligini, ko‘p-ko‘p kitoblar o‘qishimizni uqtirardi. O‘z navbatida o‘sha kuni men ham yangi yozgan she'rlarimni o‘qib berganman. Ularga bag‘ishlagan she'rimni tinglab mamnun ohangda.

- Ha, har doim sizlarni duo qilaman. Kelajaklaring porloq bo‘lsin. Yaxshi ilm sohibi bo‘linglar, ilohim!..

Ustoz bilan oxirgi uchrashuvmiz 2016-yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgandi. Sog‘liqlari unchalik yaxshi bo‘lmaslarda, kelganimdan ancha quvonib, duo qilgan edilar. Yana kelib turishimni aytib, hamma-hammaga salomlarini yetkazishimni aytgan edi. 

Bugun ustoz Abdulla Oripov oramizda yo‘q, bo‘lsalar-da, ularning nodir merosi, yorqin xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi. Fevral oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida u kishining aziz yodlarini abadiylashtirish uchun qator takliflar bildirganliklari, muhtasham haykallari barpo etilishi uchun kerakli topshiriqlar berganliklaridan bag‘oyatda mamnun bo‘ldim. Shunisi muhimki, ularning boy ijodiy mulki biz yoshlarni o‘zlikni anglashga, falsafiylikka, chuqur mushohada yuritishga chorlaydi. Vatanparvarlik, xalq va yurt dardini yonib kuylashga undayveradi. 

Quyida, yuqorida aytib o‘tgan bag‘ishlov she'rimni havola etaman.

Yuksak parvozlarga shaylangay qushday,
Ulkan maqsadlarni  qo‘ydim, oldimga.
Bu olis yo‘llardan boraman, zilday,
Ne-ne mashaqqatlar bordir oldimda.

Mayliga qiynoqlar o‘z ishin qilsin,
Bunday sinovlarga cho‘kmagayman tiz.
Madad bo‘lajakdir hayot yo‘lida,
Nabira shogirdga “Oq fotiha”ngiz!

Nurillo TO‘XTASINOV,
Alisher Navoiy nomidagi 
ToshDO‘TAU 1-kurs talabasi
 

Mavzuga oid