Sport | 08:58 / 25.03.2017
5456
2 daqiqa o‘qiladi

Timoshuk Lutsk faxriy fuqarosi unvonidan mahrum bo‘lishi mumkin

Sankt-Peterburgning «Zenit» va Ukraina terma jamoasi yarim himoyachisi Anatoliy Timoshukni Lutsk shahri faxriy fuqarosi unvonidan mahrum qilishlari mumkin. Shunday ariza mahalliy petitsiyalar yagona tizimida paydo bo‘ldi. 

«Ukraina sharqida urush davom etmoqda. Har kuni u yerda bizning bolalar o‘lmoqda. Kimningdir taqdiri sinmoqda, onalar o‘g‘illarini dafn qilayapti! Deyarli har hafta Volinda ham urush marhumlari bilan vidolashuv bo‘lib turadi. Bizning davlatimiz kimga qarshi kurashayotganini hamma yaxshi biladi. Rossiya Federatsiyasi bo‘lmaganida bu ziddiyat allaqachon barham topgan va yakuniga yetgan bo‘lar edi. Rossiya bilan urush olib borilayotgan bir vaqtda dushman tomon bilan har qanday munosabatda bo‘lish axloqsizlikdir. 

Volin futbol maktabi tarbiyalanuvchisi Anatoliy Timoshuk, shubhasiz, uzoq vaqtlar mobaynida dunyo va o‘lkamiz futboli dong‘ini dunyoga taratdi. Ammo, uning «Zenit» futbol jamoasida murabbiy sifatida ishlashga qaror qilgani shaharda g‘azab qo‘zg‘otdi. Faqat futbolchilar emas, balki jamoatchilik ham Anatoliyning ishidan norozi. 

Shunga ko‘ra, shahar kengashining 2008 yil 18 iyundagi №28/7 sonli «Lutsk shahri faxriy fuqarosi» unvonini berish qarori bekor qilinishini va Timoshukni undan mahrum etishni talab qilamiz», — deyiladi petitsiyada.

2017 yil martidan Timoshuk «Zenit» klubi murabbiylar shtabida faoliyat yurita boshladi.

Mavzuga oid