O‘zbekiston | 09:07 / 30.03.2017
52536
7 daqiqa o‘qiladi

Taniqli o‘zbek iqtisodchisi erkin konvertatsiyani kiritish haqida

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Gruziyaga tashrif buyurdi. Bu tashrifdan ko‘zlangan maqsad nima? O‘zbekiston uchun Gruziya nimasi bilan qiziq? Taniqli o‘zbek iqtisodchisi Baxtiyor Ergashev EADaily muxbirining qator dolzarb savollariga javob qaytardi.

«Gruziyaga qadar o‘zbek parlamenti delegatsiyasi Ozarboyjonga ham bordi. Bu davlat rahbariyati bilan jiddiy suhbat bo‘ldi. Gap Kavkaz transport yo‘lagi haqida bormoqda. Tbilisiga tashrif esa delegatsiya katta safarining bir qismi», - deydi Ergashev.

Shuningdek Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, Bokuda ham, Tbilisida ham ko‘plab masalalar muhokama qilinmoqda. Biroq eng asosiy mavzu O‘zbekiston, Ozarboyjon va Gruziya o‘rtasida transport-kommunikatsiya hamkorligini yo‘lga qo‘yish ekan. 

Bundan tashqari, Baxtiyor Ergashevning ma'lum qilishicha, Bokudagi muzokaralarning eng asosiy yakuniy hujjati bayonnoma bo‘ladi. Ayni damda Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘lini qurish bo‘yicha ishlar yakunlanmoqda. Bu yo‘l Bokudan Gruziya orqali Turkiyaga chiqish imkonini beradi, keyinchalik bu davlat orqali O‘rta yer dengizidagi Mersin portiga chiqish mumkin. Bu esa – O‘rta va Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Yevropa davlatlari bilan savdo aloqalaridan darak beradi. 

Shu tariqa, bu delegatsiyaning tashrifi, imzolanadigan bayonnomalar O‘zbekistondan Mersin portiga qadar yuklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishga xizmat qilishi mumkin ekan.

Yo‘nalishning barcha davlatlarida tariflar bir xil bo‘lishi haqidagi savolga javob berar ekan, janob Ergashev shunday dedi: “Gap hozircha BTK (ya'ni Ozarboyjon, Gruziya, Turkiya) yo‘nalishidagi ochiq tariflar haqida bormoqda. Xuddi shunday tarifni qo‘llash haqidagi masala O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida ham muhokama qilinmoqda. Agarda bu masalada kelishuvga erishilsa, O‘zbekistondan Turkiyaga qadar bo‘lgan yagona ochiq tarifga ega bo‘lamiz”.

Baxtiyor Ergashevning aytishicha, bu transport xarajatlarini kamaytirish, yuklar o‘tish tezligining oshishi, bu yo‘nalish bo‘ylab yuklar olib o‘tilishi qiymatini pasaytirish imkonini beradi. TRASeKA g‘oyasi – Turkiya-Kavkaz-Turkmaniston-O‘zbekiston Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston transport yo‘lagi haqiqatdan ham quriladigan bo‘lsa, o‘zining mantiqiy davomiga ega bo‘ladi. 

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston uchun barcha yo‘nalishlarda transport yo‘laklarini tashkil etish, bu iqtisodiy jihatdan juda muhim masala. 

Ergashev O‘zbekistonning import o‘rnini to‘ldirish siyosati haqida gapirar ekan, shunday dedi: “O‘zbekiston yo‘llarni yopgani yo‘q, balki juda kuchli tarif-bojxona rejimini kiritgandi. Masalan, avtomobillarga tariflar – 100 foizdan ko‘proq. Bu holat faqatgina O‘zbekiston va Hindistonda. Bu o‘z ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilindi. Biroq transport loyihalari amalga oshirilsa, bu import o‘rnini to‘ldirish siyosatiga ta'sir ko‘rsatmaydi. Tranzit davlati bo‘lish va o‘zining kommunikatsiya yo‘llari ochish mumkin, biroq shu bilan birga, juda kuchli tarif-bojxona rejimini saqlab qolishning ham iloji bor. O‘rta muddatli istiqbolda bunday sxema saqlab qolinadi. Biroq hech kim faqatgina tranzit davlati bo‘lib qolishni istamaydi. O‘zbekistonda yangi sanoat ishlab chiqarishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan juda kuchli sanoat siyosati bor. Sanoat mahsulotlariga esa uni o‘tkazish bozorlari kerak. Albatta, yaqin orada tovar yo‘lidagi bojxona-tarif to‘siqlari darajasi asta-sekin pasayishini ko‘rishimiz mumkin”.

O‘zbekiston jahon bozoriga qanday tovarlarni taklif qilishi mumkinligi haqidagi savolga esa shunday javob qaytarildi: “Asosiy pozitsiya tabiiy gazni eksport qilishga tegishli. O‘zbekiston paxta, uran, rangli metallar, sement kabi mahsulotlarni ham katta miqdorda eksport qilmoqda. Ya'ni bunday tovarlar turlari allaqachon tashkil etilgan va uni o‘zgartirish qiyin. Meva-sabzavot mahsuloti ham doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘lib qoladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston eksportida avtomobillar va ularning ehtiyot qismlari ulushi ko‘paymoqda. Hozirda bu tuzilmani diversifikatsiya qilish vazifasi turibdi. Bu birinchi navbatda tayyor tekstil hisobidan qilinishi mumkin. Paxta yoki yigirilgan ipni emas, balki tayyor trikotajni sotish. Bu tovar bilan avvaliga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bozorlariga chiqish kerak. O‘zbekiston farmatsevtika sanoati bilan jiddiy shug‘ullana boshladi va bunday mahsulotlar ham umumiy eksportda ko‘paytirilib boriladi. 

Ergashev ayirboshlash kurslarini bir xil qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish masalalarida shunday degan: “Bu masala doimiy va men aytmoqchimanki, yaqin istiqbolda almashtirish kursini bir xil qilish va to‘la konvertatsiyani kiritish masalasi obektiv iqtisodiy jarayonlar tufayli hal qilinmaydi – eksport barcha pozitsiyalar bo‘yicha kuchli kamaydi, asosiy eksport tovarlari narxlari tushib ketishi qayd etildi, valyuta tushumining pasayishi kuzatilmoqda. Bunday sharoitlarda erkin konvertatsiyani kiritish - bu shunchaki o‘z joniga qasd qilish. Biroq, hukumat kichik cheklovlarni bekor qila boshladi, ular aslida biznes samaradorligi va iqtisodiy iqlimga jiddiy ravishda ta'sir ko‘rsatadi. Masalan, eksportchilar tomonidan majburiy valyuta tushumini sotish barcha tushumning 50 foiziga teng edi. Hozircha uni 25 foizga qadar pasaytirishdi. Ishbilarmonlarga bu qo‘l keldi. Mamlakat ichida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasida valyutada hisob-kitoblar qilish ancha yengillashtirildi".

Mavzuga oid