Jamiyat | 18:40 / 05.04.2017
61603
5 daqiqa o‘qiladi

Dovrug‘i olamni tutgan Katta Farg‘ona kanalining bugungi ahvoli (foto)

XX asrning ulkan qurilishlaridan biri bo‘lgan, Markaziy Osiyo xalqlarining turmush darajasini yaxshilash borasida katta burilish yasagan Katta Farg‘ona kanalining tarixi barchamiz uchun qiziqarli va hayratlanarlidir. Buning boisi shundaki, u asosan qo‘l kuchi bilan tuproq qazilib, o‘z nihoyasiga yetkazilgan va Farg‘ona vodiysida bunyod etilgan eng yirik gidrotexnik inshootdir.

Aslida insonlar qadim-qadimlardan hayot uchun zarur bo‘lgan suv manbaalarini bo‘ysundirish uchun kanal qazib, ariq chiqarib, yerlarni o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib keladilar. O‘lka aholisi dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelar ekan, doimo suv tanqisligi, sug‘orish inshootlarining kamligi oqibatida unumdor yerlar cho‘lga aylanar edi. Katta Farg‘ona kanalining qurilishi esa aholining unumdor yerlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirib, bir necha asrlar mobaynida qamish bosib yotgan botqoqliklar hamda qum barxanlarining o‘rnida ekinzorlar bog‘lar va tokzorlarni yaratish imkonini berdi. 

1939 yil 1 avgustdan boshlangan xalq hashari bilan Katta Farg‘ona kanali juda qisqa muddatda 45 kunda qurib bitkazildi. Shundan keyin Katta Farg‘ona Kanali 1940 yilda Tojikiston hududida yana uzaytirildi. Xalq hasharida 180 ming nafar ishchi va dehqon hamda 3000 nafar muhandis-texnik xodim qatnashdi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hududidagi 500 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta'minoti yaxshilandi, yangi yerlarni o‘zlashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. 

O‘sha davrning mashhur san'atkorlari Tamaraxonim, Halima Nosirova, Lutfixonim Sarimsoqova, Gavhar Rahimova va boshqalar halol mehnat qilayotgan hasharchilarni madaniy xizmat ko‘rsatish bilan qo‘llab-quvvatladilar. 

Xo‘sh, ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib qolgan bu katta Farg‘ona kanalini asrab-avaylayapmizmi? Ularning mehnatini nechog‘lik qadrlayapmiz?

Ijodiy jamoamiz bilan kanalni suratga olar ekanmiz. Suvdan turli buyumlar chiqindisi, o‘t-o‘lanlar oqib kelayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu shunchaki, o‘z-o‘zidan kelib, tushib qolgan chiqindilar emas. Shu atrofda istiqomat qiluvchi aholi tomonidan tashlangan axlatlardir.   

Kimdir bu o‘t-o‘lanlar, shox-shabbalar shu kanal atrofidagi daraxtning shoxlari, barglari oqib kelayotganni aytib, bahona qilib qo‘yadi. Biroq, ko‘zimiz tushgan, guvoh bo‘lganimiz turli aholi chiqindilari daraxtda o‘smaydiku.  

Shu o‘rinda bizda haqli savol tug‘ildi. Kanal atrofida istiqomat qiluvchi aholi xonadoniga tuman obodonlashtirish bashqarmasi tomonidan chiqindi mashinasi ajratilmagandir. Aholi chiqindilarni qayerga olib chiqishni bilmay, kanalga tashlayotgandir. Mazkur muammo bilan obodonlashtirish boshqarmasiga murojat qildik.

Qo‘shtepa tumani obodonlashtirish boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra 8 ta chiqindi mashinalari aholi chiqindilarini olish uchun ajratilgan. Shu hududda istiqomat qiluvchi aholi xonadonida  chiqindilarni olish uchun shartnoma imzolangan. Kishi boshiga bir oy uchun 1300 so‘mdan mablag‘ ham to‘langan. Haftada 3 marotaba qishloq fuqarolar yig‘ini, ko‘chalarga tashrif buyuruvchi obodonlashtirish boshqarmasi mashinasi chiqindilarni kelishilgan vaqtda olib ketayapti.  

Bir yoqadan bosh chiqarib, katta mehnat g‘alabasi bilan yakunlangan xalq hashari samarasi o‘laroq, Farg‘ona vodiysi aholisining turmush tarzining yuksalishida muhim ahamiyat kasb etdi. Qolaversa, O‘zbekiston bog‘-rog‘larini gullatayotgan, el dasturxoni to‘kin bo‘lishi uchun hosildor yerlarni suv bilan ta'minlayotgan Katta Farg‘ona kanali o‘zbek xalqining chin ma'nodagi milliy boyligiga aylanganiga shak-shubha yo‘q. 

Bugun biz loqayd insonlarni qilayotgan ishlarini tasvirimiz orqali ko‘rsatdik, ogohlantirdik, xulosa chiqaring va mehnatni qadrlang. Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Ahror Ziyo, Farg‘ona

 

Mavzuga oid