Jahon | 12:45 / 05.04.2017
8868
3 daqiqa o‘qiladi

Rasmiy Damashq Anqara ma'muriyatiga nisbatan jiddiy ayblovlarni ilgari surdi

Foto: AFP

Anqara Suriyaning Idlib viloyatida jangarilar tayyorlash bo‘yicha ikkita lagerni barpo qilmoqda. Bunday harakatlar Suriya suverenitetini buzishi barobarida BM XK rezolyutsiyalariga ham ziddir, deb bayonot bergan Suriyaning Rossiyadagi elchisi Riyod Haddod RIA Novostiga. 

"Turkiya Idlib viloyatida Kirbat va Atma tumanlarini bosib olish bilan yangi hududlarni egallash jarayonini boshladi. Turk qo‘shinlari bu hududda ikkita jangarilar tayyorlash lagerini barpo etdi. Unda ikkita yangi terrorchilik guruhi shug‘ullanmoqda. Bu nafaqat mamlakat suverenitetiga qarshi agressiya, balki Suriya xalqiga nisbatan ham agressiyadir", — degan yuqori lavozimli diplomat. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning "Frot qalqoni" amaliyoti tugagani to‘g‘risidagi bayonoti amaldagi ishlardan butunlay farq qiladi. 

"Amalda Turkiya tomoni o‘z qo‘shinlarini olib chiqqani yo‘q. Hozirda, ular mamlakat shimolidagi Al-Bob shahrida. Ular o‘zlariga ittifoqchi kuchlar yordamida shahar barpo qilishga urinmoqda. Men mazkur tumandagi terrorchilik guruhlarini nazarda tutmoqdaman", — degan elchi. 

Shu bilan birga, rasmiy Damashq xalqaro hamjamiyatdan Turkiyaga bosim o‘tkazishni talab qilmoqda. Elchining aytishicha, Suriya hukumati bu masalani BMT Xavfsizlik kengashida ham ko‘targan va dushmanona kayfiyatdagilarni yarashtirish bo‘yicha Markaz vakillari bilan muhokama qilmoqda. 

Bundan tashqari, Suriya arab respublikasining Rossiyadagi elchisiga ko‘ra, Anqara Suriya hududlarini noqonuniy bosib olgan. 

Turkiya yakka tartibda davlat chegaralarini Suriyaning Afrin daryosi chegarasigacha ichkari surdi. Bu aslida Suriya hududlarini egallab olishdir, deb aytgan Riyod Haddod. 

"Turkiya Jyenderis shahridan janubi-g‘arbdagi Afrin daryosining qurib qolganidan foydalanib, ikki davlat chegaralarini anglatuvchi tikonli simto‘rlarni ko‘chirdi. Shu bilan, Suriya hududlarini egallab olish yuz bermoqda", — deya ta'kidlagan SAR elchisi. 

Bundan tashqari, Dikmadash tumanida turk harbiylari Afrin shahri yaqinidagi tepalikni egallab olishgan. U yerga og‘ir va zirxli texnikalar keltirilgan. Elchining aytishicha, turkiyalik harbiylar Suriya va Turkiya hududini ajratib turadigan devorni qurishga hozirlik ko‘rmoqda. 

Mavzuga oid