“Ko‘k kit” - o‘yin niqobidagi qabihlik
Hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Ko‘z ochib-yumgunimizcha, kunlar izidan tunlar, tunlar izidan oylar, yillar o‘tib bormoqda. Vaqt shu qadar tez sur'atlarda o‘tayaptiki, ba'zan hayot tashvishlari bilan bo‘lib, hatto ko‘z o‘ngingizda voyaga yetayotgan farzandingizning bo‘yi cho‘zilib, fikrlashi o‘zgargani, katta bo‘lib qolganini ham sezmay qolarkansiz.
Bunday xulosaga kelishimga sabab, endigina 10 yoshga to‘lgan qizimning savollari, fikr-mulohazalari, aksar hollarda shoshma-shosharlik bilan bo‘lsa-da, o‘ziga chiqargan hayotiy xulosalari ba'zan yosh ona sifatida aqlimni shoshirib qo‘yadi. O‘zimning aynan shu yoshimdagi fikrlarim, tasavvur va xayolot dunyoimni eslashga harakat qilaman. O‘ylab ko‘rsam, o‘n yoshligimda ancha sodda bo‘lgan ekanman. Shunday vaqtda psixologlarning hozirgi o‘smirlar o‘tmishdoshlariga nisbatan jismoniy va aqliy jihatdan birmuncha ustunlikka egaligi, ularda jinsmoniy yetishish, ijtimoiylashuv jarayoni, psixik o‘sish oldinroq namoyon bo‘layotgani haqidagi xulosasi qanchalik to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘ladi, kishi.
O‘smirlik davri haqida so‘z yuritilganida, bir necha o‘n yillik pedagoglik tajribasiga ega onamning gaplari yodimga tushadi:
— O‘smirlik davri bolalarning eng nozik pallasidir, — deydi onam. — Bu davrda bolalarning jismoniy va ruhiy taraqqiyoti juda tezlashadi, qiziqishi ortadi, fe'l-atvori va ma'naviy dunyosi shakllanadi, ilk qarama-qarshiliklarga duch keladi. Eng asosiysi, bu davrda ularning axborot, ma'lumotlarga bo‘lgan intilishi kuchayadi. Shu bois biz, kattalar bolalarning yangiliklarga bo‘lgan ehtiyojini doimo hisobga olishimiz, badiiy va hujjatli adabiyotlarni mutolaa qildirish orqali ma'naviyat asoslari mustahkam bo‘lishiga erishishimiz lozim. Dono xalqimiz bejiz bo‘sh qop tik turmaydi, demaydi. Agar sen farzandlaringga o‘z vaqtida kerakli bilim va yangiliklarni bera olmasang, u tashqaridan axborot izlay boshlaydi va bunday holatdan manfur maqsadli kimsalar ustomonlik bilan foydalanmasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Ayni damda internet, ijtimoiy tarmoqlar, turli ommaviy axborot vositalarida yoshlarni, o‘smir va o‘spirin bolalarni o‘z joniga qasd qilishgacha undayotgan “Siniy kit”, “More kitov”, “Feya”, “F-57” va “F-58”, “Men o‘yinda”, “Bogataya uzbechka” singari o‘yinlar ko‘plab mamlakatlar aholisiga, ayniqsa, o‘smirlariga katta xavf tug‘dirayotgani haqidagi maqolalar, ko‘rsatuv va eshittirishlarni o‘qib, eshitib, ko‘rib turibmiz.
“SINIY KIT” QANDAY O‘YIN?
Farzandi maktab, kollej yoki akademik litseyda tahsil olayotgan va ayni paytda ularning qo‘liga ijtimoiy tarmoq, internetga ulanish imkoniyatiga ega smartfonlarni tutqazib qo‘ygan ota-onalarga ma'lumot tariqasida “Siniy kit” onlayn o‘yini haqida quyidagilarni keltiramiz:
Mazkur o‘yinni boshlash uchun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, aksariyat hollarda o‘smirlar o‘z sahifalariga belgilangan yozuvlarni kiritadi. So‘ng ismi noma'lum kimsa ushbu yozuvlarni qayd etgan bola bilan internet orqali bog‘lanadi. Odatda, bunday kimsalar o‘zlari haqida ma'lumotni oshkor qilmaydi va ularni izlab topish ehtimoli juda kam. Dastlab ular qoida bilan foydalanuvchini tanishtiradi. Ushbu jarayonda notanish kimsa bolaning ong-shuuriga “u mustaqil shaxs ekanligi, shu bois u ushbu o‘yinni o‘ynayotganligini sir saqlashi lozim”ligini singdiradi.
Bundan tashqari, bola o‘yin avvalida “vazifalar qanchalik mushkul bo‘lmasin, bajarilishi shart”, “bajarilmagan topshiriq tufayli ishtirokchi o‘yindan butunlay chiqarib yuborilishi va yaqinlariga shikast yetkazilishi” haqida ogohlantiriladi. Odatda, o‘yin 50 ta shartdan iborat bo‘lib, har biri uchun bir kun muddat ajratilgan.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: “Nima uchun aynan kit o‘yinning ramziy timsoliga aylangan? Arslon, chiyabo‘ri yoki qoplon emas?” Mazkur o‘yinni ishlab chiqqan “donolar”ning fikriga ko‘ra, kit eng aqlli jonivorlardan biri bo‘lib, ayrim hollarda ommaviy ravishda o‘zlarini qirg‘oqqa otish orqali o‘z jonlariga qasd qiladi. Bu bilan ular go‘yoki ichki erkinligi, irodasi mustahkam ekanligini namoyon etar emish... Aslida esa ekologlarning bu boradagi fikri butunlay boshqacha. Gap shundaki, kit eng mehribon jonzotlardan biri bo‘lib, ularning biri yoki bir nechtasi bilan noxush holat yuzaga kelgan vaqtda boshqalari bu holatga befarq qarab turmaydi va halokat yoqasida turgan kitlarni qutqarishga urinadi. Ammo, afsuski, aksariyat hollarda qirg‘oq yonida suv sayoz bo‘lganligi bois qutqaruvchi kitlar ham nobud bo‘lishi kuzatiladi...
“SINIY KIT”DAN JABRLANGANLAR BORMI?
Rossiyada bu o‘yin 2015 yili paydo bo‘lgan va qisqa vaqt ichida o‘yin domiga tushgan 130 nafarga yaqin bola o‘z joniga qasd qilgan. 2017 yil fevral oyida mamlakatda olib borilgan o‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, yil boshidan buyon 800 nafar o‘spirin yigit-qizlar o‘z xohishlari bilan bu o‘yinni boshlash istagida bo‘lgan.
Bu kabi holatlar Bolgariya, Latviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston singari davlatlarda ham kuzatilgan.
BIZDA-ChI?
Afsuski, farzandlarimiz orasida ana shu o‘yin domiga tushib qolgan, qabih kimsalarning ko‘rsatmalariga ko‘r-ko‘rona ergashayotganlar ham bor ekan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasidan xabar qilishlaricha, maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida olib borilayotgan davomatni kuzatish tadbirlarida o‘quvchi-yoshlarning uyali telefon apparati ham tekshirilgan va 31 nafar maktab, 5 nafar kollej o‘quvchisi “Siniy kit” o‘yinining 1-15-bosqich ishtirokchilariga aylanganligi aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ta'lim tizimi vakillari bilan hamkorlikda o‘quvchilarning smartfon telefonlarida kit surati bor-yo‘qligi, shuningdek, tanasining u yoki bu qismiga tig‘ yoki boshqa turdagi o‘tkir vositalarning tekkizilganligi tekshirilgan.
Sakkizinchi sinf o‘quvchisi sirkul yordamida qo‘liga kit suratini chizgan. So‘rab-surishtirishlarda bolaning oilasi notinch ekanligi, uning tarbiyasi o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi aniqlangan. Yana bir o‘quvchi o‘yinning to‘rtta bosqichini o‘ynagan, tanasining ayrim qismlarini tilgan va oxir-oqibat bu o‘yinni davom ettirmaslikka qaror qilgan. Shunda uning telefoniga yaqinlariga shikast yetkazilishi haqidagi tahdidli xabarlar kelib tushgan. O‘quvchi bu haqida o‘z do‘stiga so‘zlab bergan, o‘yinni do‘sti davom ettirgan, ammo tez orada u ham o‘yindan voz kechgan. O‘yinning 15-bosqichiga qadar borgan yana bir o‘quvchining qo‘llari o‘zi tomonidan shafqatsizlarcha tilingan bo‘lgan. Aniqlanishicha, bolaning onasi xorijda ishlaydi, otasi boshqa manzilda yashaydi. Bola buvisi bilan bir xonadonda istiqomat qiladi. Suhbat jarayonida u o‘yinni davom ettirish niyatida ekanligini aytgan.
Bola bilan malakali psixolog bir necha bor muloqot qilishiga to‘g‘ri kelgan va hozirda bolaning ruhiy holati barqaror bo‘lishiga erishilgan.
Xullas, bu kabi o‘yinlar maqsadi, u bilan bog‘liq noxush voqea-hodisalar tafsilotiga to‘xtalish orqali yana bir bor hamyurtlarimizni ogohlikka chorlamoqchimiz. Ne-ne mashaqqat va sinovlar bilan dunyoga keltirgan, hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda voyaga yetkazayotgan farzandlarimizni o‘zgalar qo‘liga topshirib qo‘ymasligimiz uchun bugun ularning tarbiyasiga, taqdiriga befarq munosabatda bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Zero, Birinchi Prezidentimizning ta'biri bilan aytganda, “Bu dunyoda tabiatda ham, jamiyatda ham bo‘shliq bo‘lmaydi. Qayerdadir bo‘shliq paydo bo‘ldimi, hech shubhasiz, uni albatta kimdir to‘ldirishga harakat qiladi”.
Saodat Sodiqova
Mvd.uz
Mavzuga oid
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
14:33 / 21.11.2024