Sport | 22:16 / 18.04.2017
11713
3 daqiqa o‘qiladi

Luis Enrike muxlislarda intriga uyg‘otdi

«Barselona» bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi chorak finali doirasida «Yuventus»ga qarshi kechadigan o‘yindan oldin o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.

O‘yin haqida
«Ertaga bizda xuddi «PSJ»ga qarshi o‘yindagi kabi holat. O‘ylaymanki, «Yuventus»da ham gol uchun imkoniyatlar bo‘ladi. Demak, bizning vazifamiz 5ta gol urish. Agar tezkor gol ursak, «Kamp Nou»dagi muhit bizga ikkinchi golni keltiradi, keyin uchinchisi va boshqalari.

Ayni vaqtda bizda yo‘qotadigan boshqa narsa yo‘q. Yo‘l faqat bitta - hujum, hujum va yana hujum. Tanaffusda dam olamiz va keyin yana hujumga o‘tamiz. Biz oxirigacha kurashamiz.

Muxlislarimizga aytishni istardimki, ular 80-daqiqada ketib qolishmasin. Bu holda aniqki, ko‘p narsani o‘tkazib yuborishadi. Bu yana bir tarixiy kechaga aylanishi mumkin».

Undan shuningdek, bugun «Real»ga qarshi o‘ynaydigan «Bavariya»ning imkoniyatlari qay darajada ekani haqida so‘rashgan.

«Bugun ularning uchrashuvi bormi? Mening ishim shu qadar ko‘pki, barcha e'tiborimni ertangi o‘yinga qaratganman va boshqa narsa haqida o‘ylashga vaqtim yo‘q».

U Allegrining jamoasi yarim finalga chiqish uchun 2ta gol urishi kerakligi haqida aytgan gapiga munosabat bildirgan.

«Agar u shunday degan bo‘lsa, demak, men noto‘g‘ri hisoblabman. Agar ular ikkita gol urmoqchi bo‘lishsa, biz 6ta gol urishimiz kerak».

Eslatib o‘tamiz, jamoalarning Turinda kechgan birinchi bahsi «Yuventus»ning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi.

«Barselona» – «Yuventus» bahsi 19 aprel kuni «Kamp Nou» stadionida Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanadi.

Mavzuga oid