Jamiyat | 14:51 / 18.04.2017
34005
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda bolalarga ism qo‘yishda taqiqlar paydo bo‘ldi

Tojikiston madaniyat vazirligi yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga qanday ism qo‘yish mumkinligi haqida maxsus reyestrni e'lon qildi.

Unda 3 mingga yaqin ismlar rus va ingliz tillarida ham qanday yozilishi kerak ekani ilova qilingan.

Tojikiston hukumati topshirig‘i bilan tayyorlangan reyestrga ko‘ra, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga eng avvalo millatga begona bo‘lgan ismlar qo‘yish taqiqlanadi. Bundan tashqari, jismlar, hayvonlar va qushlarning nomini bolalarga qo‘yish mumkin emas.

Shuningdek, ismlarga «mullo» va «to‘ra» qo‘shimchalari qo‘shilmaydi. Yangi tug‘ilgan bolaga avvalgi kabi otasi yoki onasi tomondan ajdodlarining ismi familiya sifatida berilishi, familiyalarga maxsus suffiks (qo‘shimchalar) qo‘shish yoki qo‘shmaslik mumkin.

Ozchilik a'zosi qolgan urug‘ yoki millat vakillari uchun istisno sifatida ajdodlarining ismini qo‘yishga ruxsat beriladi. Tojikiston hukumati bunday islohotni o‘z madaniyatini tashqi kuchlardan asrab qolish maqsadida amalga oshirgan.

Mavzuga oid