Jamiyat | 18:28 / 23.04.2017
42373
3 daqiqa o‘qiladi

“Yo oblohu” yoxud azali uylardagi qo‘rqinchli holat

Inson umri Alloh tomonidan belgilangan va u ma'lum vaqt chegarasida nihoyasiga yetadi. O‘lim – ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan holat emas. U barcha tirik jonning qismati.

Bobolarimiz vafot etgan yaqinlariga nisbatan chiroyli sabr qilib kelishgan. Ya'ni, dod-voy ko‘tarmay, ayollar sochlarini yulmay va shunga o‘xshash boshqa holatlar kuzatilmagan. Ammo sobiq ittifoq davrida islom diniga va o‘zbekona qadriyatlarga bo‘lgan e'tibor susaygach, ayrim e'tiqodlar zamini darz ketdi. Xususan, aza marosimi vaqtida.

Gapimiz tasdig‘i sifatida aytishim mumkin-ki, azada ayollarni qichqirib yig‘lashlari, jumladan, viloyatlarda “bexalpa” degan nusxalar paydo bo‘lib, turli xurofotlarni keltirib chiqarishgani bugunga kelib ham o‘z ta'siri ko‘rsatayapti. Boshqa viloyatlarni bilmadim, ammo Qashqadaryo viloyatida mana shu “bexalpa”siz birorta marosim o‘tmaydi. Ana shunday marosimlarda ularni zimdan kuzatganman: turgan bitgani daxshat va qo‘rquv, ruhiy ta'sir. Ayollar doira bo‘lib olib, huddi sekta a'zolaridik aylanishadi va tinmay “yo oblohu”, deb baqirishadi. Ular yopib olgan oq ro‘mollar va xatti-harakatlar bu manzaraga yanada vahima tusini beradi. Endi savol tug‘iladi: bu nimaga kerak? Kim shunday qiling deb ketgan va asosiysi bu o‘lgan insonga nima naf beradi. So‘zlarga e'tibor bering – “Yo Oblohu!”. Bu nima degani? Obloh kim yoki nima o‘zi? Agar bu so‘zda Olloh nazarda tutilayotgan bo‘lsa, bu g‘irt uydirmachilik emasmi?

Shukrki, bugun diniy savodxonlik darajasi ancha oshdi. Bunga har tomonlama ko‘mak berib kelinmoqda. Shunday ekan, nega hamon keraksiz ishlar bilan mashg‘ulmiz. Qo‘limizga kitob olib o‘qish, bilmaganlarimizni bilish vaqti yetmadimi? O‘z ilmimizni oshirish fursati kelmadimikan?

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid