O‘zbekiston | 12:01 / 24.04.2017
44014
5 daqiqa o‘qiladi

SIPRI: O‘zbekistonning 2003 yildan keyingi harbiy byudjyeti ma'lum emas

AQShning 2016 yildagi harbiy xarajatlari so‘nggi 5 yilda ilk marotaba 1,7 foizga o‘sdi. G‘arbiy, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida bu raqam o‘sishda davom etmoqda. Biroq, bu raqam neft eksport qiluvchi ko‘plab mamlakatlarda sezilarli kamaygan. Stokholm xalqaro tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI)ning e'lon qilgan tadqiqot natijalarida shu haqda so‘z yuritilgan. Unda dunyoning eng ko‘p harbiy xarajatlar qiladigan 15 mamlakati ro‘yxati keltirilgan. 

Ekspertlarning qayd etishlaricha, o‘tgan yilning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, 2010 yildan buyon ilk marotaba Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropada harbiy maqsadlarga sarflanayotgan mablag‘lar ikkinchi yildirki o‘smoqda. 

SIPRI ma'lumotlariga ko‘ra, umuman, 2016 yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar 1,686 milliard dollarni tashkil etgan va 2015 yil bilan taqqoslaganda 0,4 foizga o‘sgan. Jahon bo‘yicha mudofaa xarajatlari global YaIMning 2.2 foizi yoki kishi boshiga 227 dollarga to‘g‘ri keladi. 

Tadqiqotda yozilishicha, dunyo bo‘yicha eng yuqori xarajat qiluvchi mamlakat AQSh bo‘lib qolmoqda. Bu mamlakat institut reytingini bir necha yildan beri boshqarib kelmoqda. Jahon mudofaa xarajatlarining 36 foizi birgina shu davlatga to‘g‘ri keladi. 

AQShdan keyingi o‘rinda Xitoy bormoqda. Uning mudofaaga eng ko‘p mablag‘ sarflaydigan 15 davlat orasidagi ulushi 13 foizni tashkil etadi. Uchinchi o‘rindagi Rossiya 4,1 foiz sarflashi ma'lum qilingan. RF bu borada Saudiya Arabistonini (3,8) to‘rtinchi o‘ringa tushirib yubordi. 2015 yilda yettinchi o‘rinda bo‘lgan Hindiston 2016 yilda 3,3 foizlik ko‘rsatkich bilan beshinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. 

Hisobotda aytilishicha, umuman, Osiyo va Okeaniya, G‘arbiy, Sharqiy va Markaziy Yevropa, Shimoliy Amerika va Shimoliy Afrikada bu sohaga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori oshib bormoqda. 

Shu bilan birga, Yaqin Sharq, Karib havzasi, Afrikaning ko‘plab davlatlari, Markaziy va Janubiy Amerika mamlakatlarida mudofaaga sarflanayotgan mablag‘lar kamaygan. 

O‘tgan yilga xos bo‘lgan yana bir tendensiya, institutning ta'kidlashicha, Saudiya Arabistoni, Venesuela, Janubiy Sudan, Ozarboyjon va Iroq kabi neft eksport qiluvchi mamlakatlarda harbiy maqsadlarga ajratilayotgan xarajatlar kamaygan. Ekspertlar buni neft daromadlari kamaygani bilan izohlashgan. Shu bilan birga, iqtisodiy holati birmuncha qulay bo‘lgan neft eksport qiluvchi mamlakatlar, jumladan Jazoir, Eron, Kuvayt va Norvegiya mudofaa byudjyetini bir xil saqlashga erishgan. 

SIPRI qayd etganidek, harbiy xarajatlar deganda, davlatning qurolli kuchlarga ajratiladigan jami mablag‘lari, maoshlar, to‘lovlar, foydalanish xarajatlari, qurol-yarog‘lar xarid qilish, harbiy qurilishlar, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar, ma'muriy xarajatlar kabilar tushuniladi. 

Institut hisobotida Markaziy Osiyo mamlakatlarining harbiy maqsadlarga sarflayotgan mablag‘lariga doir raqamlar ham keltirilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning 2003 yilda sarflagan mablag‘i 73,2 mln dollarni tashkil etgan. Institut ixtiyorida O‘zbekistonning shu yildan keyingi 2016 yilgacha bo‘lgan xarajatlariga doir axborot yo‘q. O‘sha 2003 yilda Qozog‘iston 547 mln dollar, Qirg‘iziston 99 mln dollar, Tojikiston 47,3 mln dollar sarflagan. Turkmanistonning 1999 yilda sarflagan 107,1 mln dollarlik xarajatidan keyingi harbiy byudjyeti ma'lum emas. 

Qozog‘iston 2015 yilda 2,046 mlrd dollarni shu maqsadda sarflagan bo‘lsa, 2016 yilda bu raqam 1,504 mlrd dollardan iborat bo‘lgan. Qirg‘izistonning bu boradagi ko‘rsatkichi 212 mln dollar ekani qayd etilgan. Tojikistonda esa 2015 yilgi mudofaa byudjyeti 95,8 mln dollardan iborat bo‘lgan. O‘zbekiston va Turkmanistonning so‘nggi 1 yildan ortiq vaqt mobaynida shu sohaga sarflagan mablag‘lari xususida aniq va ochiq raqam mavjud emas. 

Mavzuga oid