Fan-texnika | 23:30 / 03.05.2017
36820
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda transport vositalari uchun yangi xavfsizlik talablari tasdiqlandi

Foto: Norma.uz

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 apreldagi №237-sonli qarori bilan muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi Umumiy texnik reglament tasdiqlandi. Hujjat 1 may kuni e'lon qilindi va 6 oydan so‘ng kuchga kiradi.

Hujjatning amal qilishi tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra g‘ildirakli transportlar uchun amal qiladi va quyidagi transport vositalariga taalluqli emas:

- tekis yo‘lda konstruktiv tezligi 25 km/soatdan oshmaydigan yoki ularning tezligi shu qiymatdan oshmasligi qonunchilikda belgilab qo‘yilgan transportlar;

- faqatgina sport musobaqalarida ishtirok etish uchun mo‘ljallangan transportlar;

- ishlab chiqarilgan sanasidan 30 va o‘ndan ortiq yil o‘tgan L va M1 toifasidagi, shuningdek, tijoriy yuklar va yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallanmagan, ishlab chiqarilgan sanasidan 50 va undan ortiq yil o‘tgan M2, M3 va N toifasidagi transportlar;

- diplomatik va konsullik vakolatxonalari, O‘zbekiston tomonidan imzolangan xalqaro shartnomalar yoki xalqaro huquq me'yorlariga ko‘ra imtiyozlar va immunitetlarga ega xalqaro (davlatlararo) tashkilotlar, shuningdek, shu vakolatxonalar (tashkilotlar) ning xodimlariga hamda ularning oila a'zolariga tegishli transportlar;

- yuqori yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lgan yo‘l tanlamas transport vositalari.

Umumiy xavfsizlik talablaridan shuni alohida qayd etish mumkinki, transport vositalari (ayrim hollardan tashqari) mamlakatimizning mo‘'tadil va sovuq, quruq tropik iqlimi kabi tabiiy-iqlimiy sharoitlariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, ishlab chiqarishda ozon qatlamini yemiruvchi moddalar (ularning ro‘yxatini Vazirlar mahkamasi tasdiqlaydi) dan foydalanishga, shuningdek, oldin foydalanilgan tarkibiy qismlardan yasashga (faqat shaxsiy foydalanish uchun tayyorlanadigan transport vositalari bundan mustasno) taqiq joriy qilingan.

Rul boshqaruvi o‘ng tomonda joylashgan transport vositalarini ishlab chiqarish ham taqiqlangan.

Muomalaga chiqarilishda o‘rnatilgan talablarga mos kelish quyidagi yo‘sinda tasdiqlanadi:

- transport vositalari uchun (shassi) — transport vositasi turi (shassi) ni ma'qullash — seriyali ishlab chiqarilayotgan transport turi uchun 3 yilga rasmiylashtiriladi, transport vositalari (shassi) partiyasi uchun — amal qilish muddati cheklanmagan.

- ayrim transport vositalari uchun — muvofiqlik sertifikati bilan.

Transport vositalari (shassi) ning muvofiqliligini baholash «O‘zstandart» agentligining sertifikati bo‘yicha akkreditatsiyalangan organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘rsatib o‘tilgan xavfsizlik talablariga muvofiqlik uchun butun mas'uliyat transport vositasining yakuniy ishlab chiqaruvchisi zimmasiga yuklanadi.

Qabul qilingan texnik reglament kuchga kirgach, g‘ildirakli transport vositalariga talablarni joriy etuvchi texnik tartibga solish sohasidagi me'yoriy hujjatlar to‘liq muvofiqlashtirilgan holatga keltirilgunga qadar texnik reglamentga zid kelmaydigan qismlari amalga oshiriladi.

Hujjat kuchga kirgunga qadar ko‘rsatib o‘tilgan transport vositalari (shassi) uchun olingan muvofiqlik sertifikatlari (transport vositasi turini ma'qullash) unda belgilab qo‘yilgan muddat yakunlangan qadar amalda bo‘ladi.

Ushbu hujjatning to‘liq matni, unga sharh va unga bog‘liq boshqa qonunchilik hujjatlariga havolalar bilan «O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

Oleg ZAMANOV,
Norma.uz eksperti.

Mavzuga oid