Jamiyat | 20:55 / 05.05.2017
5398
2 daqiqa o‘qiladi

Kentukkida imtihon javoblarini o‘g‘rilashga uringan talabalar hibsga olindi

Foto University of Kentucky

AQShning Kentukki universitetiga imtihon javoblarini o‘g‘rilash maqsadida noqonuniy kirgan ikki talaba hibsga olindi.

3 maydan 4 mayga o‘tar kechasi talabalar universitet binosiga ventilyatsiya shaxtasi orqali kirib, imtihon javoblarini o‘g‘rilamoqchi bo‘lishgan. Biroq ular maqsadlariga erisha olmadilar. Bu rejaning amalga oshishiga ishda ushlanib qolgan muallim Jon Keyn yo‘l qo‘ymadi. U ish o‘rnini tamaddi qilib olgani vaqtinchalik tark etgan, biroq u qaytib kelgach talabalarni jinoyat ustida ushlashga muvaffaq bo‘lgan. Talabalar Keynning ishchi xonasini ichidan berkitib olishgan. Talabalar muallim politsiyani chaqirtirishini aytgandan keyin, eshikni ochib, qochib qolganlar. 

Politsiya voqea joyiga kelgandan keyin muallim uni tanib qolganidan xavotirlangan o‘g‘ri talabalardan biri, 21 yoshli Genri Linch qaytib kelgan. U qilmishini tan olgan va uning sherigi Troy Kifxut ismli talaba bo‘lganini ma'lum qilgan. 

Linch muallimning xonasidan avval ham imtihon javoblarini o‘g‘irlab yurganini aytgan. Avvalgi marta ham u universitet binosi ichiga ventilyatsiya shaxtasi orqali kirgan. Talabalarga o‘g‘rilik sodir etish bo‘yicha ayblov qo‘yildi.

The Independent nashrining ma'lum qilishicha, shtat va okrugga qarab o‘g‘rilik uchun 20 yil yoki undan ko‘proq jazo muddati berilishi mumkin. Biroq bu antiqa o‘g‘rilik 1 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanilsa kerak. 

Universitet vakili Jyey Blentonning ma'lum qilishicha, voqeani universitetning o‘quv intizomi qo‘mitasi ham ko‘rib chiqadi.

Mavzuga oid