Jahon | 17:42 / 14.05.2017
8033
3 daqiqa o‘qiladi

Butunjahon savdo tashkiloti rahbari Ipak yo‘li loyihasi muvaffaqiyati shartlarini aytdi

Foto: RIA "Novosti"

«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining amalga oshishi ko‘p jihatdan Xitoyga bog‘liq, ushbu umumbashariy loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun Pekinning qilishi mumkin bo‘lgan eng xayrli ish — o‘z iqtisodiy yuksalishini oshirib boraverishidir, — dedi Butunjahon savdo tashkiloti bosh direktori Roberto Azevedo.

Yevroosiyo bo‘ylab imtiyozli shartlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk tashish uchun savdo yo‘laklari yaratishni nazarda tutadigan ushbu loyihaning asosiy investori va bosh tashabbuskori Xitoy hisoblanadi. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan forumda XXR raisi Si Tszinping «Bir makon, bir yo‘l» loyihasiga Xitoy investitsiyalari hajmini yanada oshirish niyatini oshkor etdi.

«Bir muddat umumbashariy iqtisodiyot Xitoyning iqtisodiy o‘sishidan katta foyda olgan edi, fikrimcha, hozirgi tartib ham Xitoy barqaror o‘sish darajasini saqlab qolishiga bo‘lgan ishonchga asoslangan. O‘shanda jahon iqtisodiyoti Xitoy bilan birgalikda biz ayni damda yana duchor bo‘lgan mana shunday turg‘un vaziyatdan chiqib keta olgan edi. Endi esa biz umid qilishimiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi holat — yaqin kelajakda Xitoyda yanada tezroq o‘sish ro‘y berishidir», — degan Azevedo CGTN telekanaliga bergan intervyusida, Si Tszinpinning so‘zlarini izohlar ekan.

U, shuningdek, Xitoy hukumatining past turmush darajasi bilan bog‘liq muammolarni yechishdagi muvaffaqiyatini ham alohida qayd etib o‘tdi: «Biz so‘nggi 40 yil ichida Xitoy 800 million kishini qashshoqlik changalidan qanday qutqarib chiqarganiga guvoh bo‘ldik va o‘ylanmanki, bularning barchasi savdo salohiyati tufayli yuz berdi, bu yerda juda ko‘p narsa savdo va o‘zaro aloqalarga asoslangan». BST bosh direktori boshqa davlatlar ham bu muammoni hal qilishda Xitoy modelidan foydalanishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Azevedo shuningdek, tashkilot Xitoy hukumati bilan bitim imzolagani va unga ko‘ra, Pekin BST bilan hamkorlikda nafaqat korxonalarga, balki savdo infratuzilmasi yaratilishiga muhtoj bo‘lgan Ipak yo‘li davlatlari hukumatlariga ham texnik ko‘mak berib borishini ta'kidlab o‘tdi. «Biz ularga kichik va o‘rta korxonalar biznesi uchun qulay sharoitlar yaratishda yordam qo‘lini cho‘zmoqchimiz», — deya o‘z fikrini yakunladi Azevedo.

Mavzuga oid