O‘zbekiston | 17:38 / 29.05.2017
14299
10 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritdi

Senatning yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.

Qonun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganligi ta'kidlandi. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashda ularning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2017 yil 21 apreldagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunga, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, Oliy Majlis Senati ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborotini, tashqi ishlar vazirining o‘z faoliyati haqidagi axborotini yiliga ikki marta eshitadi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotini Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitalarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqqan holda yiliga ikki marta eshitadi. 

Qonunda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etishni, shuningdek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini eshitishni Oliy Majlis Senatining vakolatlaridan chiqarish nazarda tutilmoqda. Oliy Majlisning 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmoqda. 

Senatorlar ta'kidlashicha, o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat boshqaruvi organlari faoliyatining tizimliligini oshirishga, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga ko‘maklashadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartishlar yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanganlik yoki ularni yaroqsiz holga keltirganlik, yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini, suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini, sanoat, ro‘zg‘or chiqindilari va o‘zga chiqindilarni tashish, joylashtirish, utillashtirish, ko‘mib tashlash chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik, shu jumladan, ushbu huquqbuzarliklarni takroran sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 9 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturiga muvofiq «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi hamda «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘liq davlat ta'minotida bo‘lgan bolalar toifasini aniqlashni va vasiy yoki homiy etib tayinlanishiga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslarni vasiy yoki homiy etib tayinlashga taqiq o‘rnatishni nazarda tutmoqda. 

Tumanlarning mahalliy byudjyetlari uchun qo‘shimcha manbalarni shakllantirish va mahalliy byudjyetlarning respublika byudjyetiga qaramligini bosqichma-bosqich kamaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Byudjyet kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjyetining boshqa daromadlari tarkibiga aksiyalarning davlat ulushi (payi) bo‘yicha dividendlarni (daromadlarni) ham kiritish, bundan mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi bo‘yicha dividendlar (daromadlar) mustasno, hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjyetlarining boshqa daromadlari tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi bo‘yicha dividendlarni (daromadlarni) ham kiritish nazarda tutilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturiga muvofiq «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi qonunga, Xo‘jalik protsessual kodeksiga, Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat soliq xizmati organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yanada kengaytirishga, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘ishga sarflanadigan xarajatlar kamayishini ta'minlaydigan ma'muriyatchilik ishlarini takomillashtirishga, masofaviy (kameral) nazoratni keng joriy etishga va soliq to‘lovchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga, sudlar va jarayon ishtirokchilari o‘rtasida hujjatlar ayirboshlash mexanizmini soddalashtirishga va tezkorligini oshirishga qaratilgan. 

Xo‘jalik ishlarini, shu jumladan, elektron shaklda shakllantirish tartibi belgilanmoqda. Bu esa dasturiy ta'minot ishlab chiqishni, shuningdek, sud majlislari zallarida zamonaviy kompyuterlar, skanerlar va boshqa uskunalar o‘rnatishni nazarda tutadi. 

Senatorlarning fikricha, mazkur tuzatishlarning kiritilishi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘ishga sarflanadigan xarajatlarning kamayishini ta'minlaydi, jarayon ishtirokchilarining moliyaviy xarajatlarini va ketadigan vaqtini qisqartirish, shuningdek, soliq organlari, sudlar va soliq to‘lovchilarning vaqtini tejash imkonini beradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 yanvardagi «Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq ayrim qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra xususiylashtiriladigan obektlarni, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga davlat mulkining strategik bo‘lmagan obektlarini, shu jumladan, davlatning ko‘chmas mulk obektlarini investitsiya majburiyatlarini qabul qilgan holda «nol» qiymatida sotib olish bo‘yicha realizatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish huquqi berilishi munosabati bilan ayrim obektlarni davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan obektlar ro‘yxatidan chiqaradi. 

O‘zbekiston Respublikasining «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonuniga ham o‘zgartishlar kiritilmoqda. Jumladan, Bosh prokuror zimmasiga yuklatilgan vazifalarning sifatli ijrosini ta'minlash maqsadida alohida hollarda, prokuratura organlaridagi xizmatga iqtisodiyot, moliya, sotsiologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida va boshqa sohalarda oliy ma'lumotga, zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni qabul qilish huquqi berilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunini (yangi tahriri) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi «Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini sotish, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini ijro etish maqsadida qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, dori vositalari, tibbiyot uchun mo‘ljallangan buyumlar kabi tushunchalarga yangi ta'riflar berildi, tibbiy texnika, dorivor o‘simlik xomashyosi kabi yangi tushunchalar kiritildi. 

Bundan tashqari, farmatsevtika faoliyatining turini – dori vositalarini va tibbiyot uchun mo‘ljallangan buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash bo‘yicha vakolatlarni O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash vazirligidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazib berilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritilmoqda. 

Shuningdek, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Mavzuga oid