Jahon | 10:45 / 16.06.2017
39792
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Stalin faoliyatiga nisbatan munosabatini izhor qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik rejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida sovet rahbari Iosif Stalinga nisbatan murakkab munosabatda ekanini ma'lum qildi. 

Putinning aytishicha, u Stalinning haddan ortiq salbiylashtirilishiga qarshidir, shuning barobarida, u stalinizm dahshatlari xalq xotirasidan ko‘tarilishini xohlamaydi. "U murakkab shaxs", — degan Putin.

Stoun Putindan Stalin Rossiyani fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga yetaklagani xususidagi fikrga qarashini so‘ragan. Putin, bunga javoban "menimcha, siz juda ayyor odamsiz", — deya gap boshlagan.
 
"Stalin o‘z davrining odami edi. Uni xohlagancha yomonotliqqa chiqarish mumkin va boshqa tomondan natsizm ustidan qozonilgan g‘alabada xizmatlari haqida xohlagancha gapirish mumkin. Uni yomonotliqqa chiqarish xususida. Angliya tarixida Kromvel degan davlat arbobi bo‘lgan. U juda qonxo‘r odam bo‘lgan. Kromvel inqilobiy o‘zgarishlar asnosida hukumat tepasiga kelib, diktator va zolimga aylandi. Ammo, unga o‘rnatilgan yodgorliklarni hamon Buyuk Britaniyaning istalgan joyida ko‘rish mumkin. Napoleonni umuman haddan ortiq olqishlashadi. U nima qilgandi? Inqilobdan foydalanib hukumatni egalladi va nafaqat monarxiyani tikladi, aksincha o‘zini imperator deb e'lon qildi hamda Fransiyani milliy fojiaga, to‘liq mag‘lubiyatga keltirdi. Bunday shaxslar jahon tarixida keragidan ortiqcha", — degan Putin.

"Menimcha, Stalinni ortiqcha yomonlash — bu (sobiq) Sovet Ittifoqi va Rossiyaga hujum qilishning yo‘llaridan biri. Shu bilan, bugungi Rossiya stalinizm davridan qolgan xollarga egaligini ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi. Biz barchamiz tug‘ilganimizdan shunday xollarga egamiz, nima bo‘pti?", — deya davom etgan Rossiya prezidenti. 

"Rossiya tubdan o‘zgardi. Albatta, ehtimol, tafakkurda nimadir qoladi. Biroq, bu stalinizmning konslagerlar va millionlab vatandoshlarni yo‘q qilish bilan bog‘liq barcha dahshatlarini unutishimiz kerakligini anglatmaydi", — deb qo‘shimcha qilgan davlat rahbari. 

U Buyuk Britaniyaning “sovetlar”ga qarshi ashaddiy bosh vaziri bo‘lgan Uinston Cherchill ham Ikkinchi jahon urushi davrida Stalinga birmuncha yonbosganini ta'kidladi. 

"O‘tgan davrning taniqli davlat arbobi Uinston Cherchill ashaddiy aksilsovetchi edi, ammo, Ikkinchi jahon urushi boshlanganida, u Sovet ittifoqi bilan hamkorlik qilish tarafdori bo‘lgan. Stalinni buyuk qo‘mondon va inqilobchi deb atagan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, aynan shu Cherchill sovuq urushi tashabbuskori bo‘lgani yaxshi ma'lum. Sovet Ittifoqi ilk atom bombasini sinovdan o‘tkazganida, yana o‘sha Uinston Cherchill ikki tizimning birgalikda hayot kechirishi lozimligi haqida so‘z yuritgan. Lekin, menimcha, uning Stalinga nisbatan munosabati hech qachon o‘zgarmagan", — degan Putin.

Stoun Putindan uning ota-onalari Stalindan faxrlanishganiga qiziqqan. "Albatta. O‘ylashimcha, sobiq Sovet Ittifoqining aksar fuqarolari Stalindan faxrlanishgan", — degan Putin.

Mavzuga oid