Kimlar sirtqi bo‘limlarda o‘qishi mumkin?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 maydagi «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq maxsus sirtqi bo‘lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta'minlash maqsadida mamlakatimizdagi qator oliy ta'lim muassasalarining maxsus sirtqi bo‘limlarida bakalavrlarni tayyorlash nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda O‘zA.
Bu jarayonda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15, to‘lov-kontrakt asosida 85 talabani o‘qishga qabul qilish rejalashtirilgan. Xo‘sh, universitetda qaysi yo‘nalishlarda sirtqi bo‘lim ochiladi? Qabul qilish shartlari qanday? O‘qish muddati qancha vaqtni tashkil qiladi?
Bu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mutasaddilariga murojaat qildi.
– Ishlab chiqarishdagi xodimlarning bilim darajasini oshirish, yangi zamonaviy texnologiyalar bilan tanishtirish va ilmiy jihatdan yondashishga o‘rgatishda muayyan oliy o‘quv yurtlarida maxsus sirtqi bo‘limning ochilishi muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi universitet birinchi prorektori F.A'zamov. – Shu kungacha universitetimizda «Televizion texnologiyalar» ta'lim yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘lim mavjud edi. Unga o‘tgan o‘quv yilida 322 abituriyent hujjat topshirib, ularning 50 nafari talabalikka qabul qilingan. Endi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatib, tegishli sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislarga ilmiy darajasini oshirish, ya'ni oliy ma'lumotli bo‘lish imkoni yanada kengaydi. Joriy o‘quv yilida universitetimizda maxsus sirtqi bo‘lim uch ta'lim yo‘nalishida ochiladi. «Televizion texnologiyalar», «Kompyuter injyenering» ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha 25 nafardan, «Pochta aloqasi texnologiyasi» ta'lim yo‘nalishida 50 talaba o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Sirtqi bo‘limga hujjat topshirish uchun abituriyent kasb-hunar kollejining mos yo‘nalishida tahsil olgan, kamida uch yil shu sohada ishlagan bo‘lishi kerak. Abituriyentdan o‘zi ishlayotgan tashkilotdan tavsiyanoma olib kelish talab etiladi.
Bunda hujjatlarni topshirish tartibi kunduzgi bo‘lim bilan deyarli o‘xshash. Farqli jihati, «Pochta aloqasi texnologiyasi» ta'lim yo‘nalishiga "O‘zbekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyati, «Televizion texnologiyalar», «Kompyuter injyenering» ta'lim yo‘nalishlariga O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi rahbariyatining tavsiyanomasi talab qilinadi. Kirish imtihonlari 1 avgust kuni test tarzida bo‘lib o‘tadi.
Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish muddati uch yil. Talabalar har o‘quv yilida ikki marta o‘rta hisobda bir oydan tahsil oladi. Hamkor tashkilotlar bilan birga o‘quv rejasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga yuboriladi. Talabalarga ushbu tasdiqlangan o‘quv rejasi asosida bilim beriladi. Har bir mutaxassis o‘zining tashkilotida amaliyot o‘taydi, qo‘shimcha topshiriqlarni bajaradi.
Bu boradagi yana bir muhim jihat – yoshlarning ish joyidan ajralmagan holda ta'lim olishi. Bundan korxona va muassasalar manfaatdor. Zamonaviy bilimlarni egallagan mutaxassis o‘zi ishlab turgan tashkilotida yanada samarali xizmat ko‘rsata oladi. Bu bilan nazariya va amaliyot uyg‘unligiga erishiladi. Bakalavriatni tamomlaganlar o‘qishni davom ettirishni istasa, magistraturada ham ta'lim olishlari mumkin.
Mavzuga oid
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
14:33 / 21.11.2024