Jahon | 00:08 / 21.06.2017
20968
2 daqiqa o‘qiladi

NASA olimlari Yerga o‘xshash yangi sayyoralarni aniqlashdi

Foto: NASA/JPL-Caltech

AQShning NASA koinot agentligi olimlari ko‘plab ko‘rsatkichlariga ko‘ra Yerga o‘xshash bo‘lgan 10 ta yangi ekzosayyorani aniqlashdi.

Tegishli tadqiqot NASA saytida "Kepler" koinot zondi olib borgan kuzatuvlar materiallari katalogi shaklida chop etilgan. Katalog "Kepler" missiyasining ilk 4 yili davomida olingan natijalarga bag‘ishlangan.

"Bu sinchkovlik bilan to‘plangan katalog astronomiyaning eng asosiy savollaridan biri – galaktikada Yerga o‘xshash yana qancha sayyora borligi haqidagi savolga aniq javob berish uchun asos hisoblanadi", deb aytdi katalog yetakchi muallifi Syuzan Tompson.

Olimlar 4 yil ichida 219 ta yangi sayyora aniqlashgan. Ekzosayyora bo‘lish uchun hammasi bo‘lib 4 mingdan ko‘proq da'vogar sayyora mavjud bo‘lib, undan 2,3 mingini tekshirib chiqishga muvaffaq bo‘lingan. Ulardan faqatgina 50 tasigina Yerga yaqin o‘lchamlarga ega. 

Aniqlangan sayyoralar orasida Yer bilan deyarli bir xil ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan kamida bitta sayyora topildi. KOI 7711 nomi bilan ma'lum bo‘lgan bu sayyoraning diametri Yernikidan 30 foizga kattaroq va uning o‘z orbitasi atrofida aylanishi deyarli bir yilni tashkil qiladi. 

Aprelda Yerga o‘xshash LHS 1140b ekzosayyorasi aniqlangani ma'lum qilingandi. Olimlarning fikricha, bu sayyora Proxima b yoki TRAPPIST-1 tizimi sayyoralaridan ko‘ra hayot uchun ko‘proq yaroqlidir.

Mavzuga oid