Fan-texnika | 14:08 / 29.06.2017
15248
3 daqiqa o‘qiladi

Atrof-muhitga eng ko‘p ziyon yetkazuvchi smartfonlar nomi ma'lum qilindi

Greenpeace tashkiloti iFixit bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, Apple, Samsung va Microsoft kompaniyalari mahsulotlari ta'mirlash imkoni eng kam bo‘lgan gadjyetlardir. Greenpeace saytida ma'lum qilinishicha, ta'mirlashning ilojsizligi gadjyetning akkumulyator kabi elementlari utilizatsiyasi jarayonini qiyinlashtiradi. Bu esa, o‘z o‘rnida, elektron chiqindilarning ko‘payishiga olib keladi. 

Tadqiqot davomida Greenpeace va iFixit 17 IT-kompaniya mahsulotlari tahlilini o‘tkazdi - Apple, Dell, Fairphone, Samsung hamda Microsoft kabi gigantlar shular jumlasidandir. Unda 40 tadan ortiq qurilmalar modellari, jumladan Samsung Galaxy S8 va Apple Retina MacBook ham o‘rganib chiqildi. Qurilmalarning 70 foizida yo batareyani chiqarishning haddan ziyod qiyinligi, yoki dizaynning o‘ziga xosligi ta'mirga to‘sqinlik qiladi.

"Bu gadjyetning xizmat muddati qisqarishiga olib keladi va ular shunchaki navbatdagi elektron chiqindiga aylanadi, - deydi Greenpeace'ning IT-sektori tahlilchisi Harri Kuk. - Apple, Samsung va Microsoft kompaniyalarining foydalanuvchi tomonidan ta'mirlashi juda qiyin bo‘lgan mahsulotlari soni sezilarli darajada oshib bormoqda".

Ko‘pincha zamonaviy qurilmalarni ta'mirlashga nostandart va noyob jihozlar kerak bo‘ladi, bu iPhone, Oppo R9m va  Huawei's P9 kabi qurilmalar ta'mirini qiyinlashtiradi. Bularning barchasi oxir-oqibat gadjyet muddatining qisqarishiga olib keladi. Smartfon egasi uni tashlab yuborib, yangisini xarid qiladi. Elektronikani ishlab chiqarish va utilizatsiya qilish esa juda ko‘p energiya talab qiladi. 

"Ishlab chiqaruvchilar har yili milliardlab gadjyetlarni taqdim etishadi, iste'molchilar esa ulardan atigi bir necha yilgina foydalanishadi. Elektron chiqindi - sayyoramizda eng tez o‘sayotgan chiqindi oqimlaridan biri", - dedi iFixit bosh direktori Kayl Vines. 

Shuningdek ma'lumotda ta'kidlanishicha, o‘rganilgan modellar orasida ta'mirlash qiyinchilik tug‘dirmaydigan qurilmalar ham mavjud. Xususan, bunga misol sifatida HP, Dell va Fairphone kompaniyalari smartfonlari keltirilgan - bu kompaniyalar ta'mir bo‘yicha qo‘llanmalarni taqdim etadi hamda ehtiyot qismlarini ochiq sotadi. Eng ta'mirlash oson bo‘lgan gadjyetlar sifatida Fairphone 2, LG G4 va G5 hamda HP Elite x2 1012 G1 qayd etildi. 

Mavzuga oid