Jahon | 19:45 / 03.07.2017
9961
2 daqiqa o‘qiladi

Nigerga tuya mingan jangarilar hujum qildi

Nigerdagi qishloqqa tuya mingan jangarilar hujum qilishdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatgan.

Mahalliy hukumat vakillari ma'lumotiga ko‘ra, jangarilar Nigeriya bilan chegaradan 50 km masofadagi Ngaleva qishlog‘iga bostirib kirishgan. Ular qishloqda 9 kishini o‘ldirib, ayollar va bolalarni, jami 40 kishini o‘g‘irlab ketishgan.

Hozircha ushbu hujum uchun javobgarlikni hech bir tashkilot zimmasiga olmagan. Niger harbiylari ushbu hujum IShIDning «G‘arbiy Afrikadagi filiali» («Boko Haram») tomonidan amalga oshirilganini taxmin qilishmoqda. Bu tashkilot vakillari Nigeriyada harakat qilib, bir necha marta qo‘shni mamlakatlar hududlariga hujum qilgan.

2016 yil dekabrida Nigeriya harbiylari «Boko Haram»ning Sambis o‘rmonidagi qarorgohi yakson qilinganini ma'lum qilishgan, mamlakat prezidenti Muhammad Buxoriy esa ushbu tashkilot butunlay tor-mor qilingani haqida bayonot bergandi. Ammo bir necha oy o‘tib, jangarilarning hujumlari qaytadan boshlandi.

«Boko Haram» 2002 yilda Nigeriya hududida tashkil topgan, tashkilot a'zolari mamlakatda shariat qonunlarini joriy etib, G‘arb ta'siriga qarshi kurashadi. 2015 yil aprelida tashkilot rahbari Abubakar Shekau IShIDga qasamyod qilgan, tashkilot IShIDning «G‘arbiy Afrikadagi filiali»ga aylangandi.

Mavzuga oid