Fuqarolarning qariyb 29 foizi sifatli ichimlik suvi ta'minotidan qoniqmaydi
Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini hamda natijadorligini baholash yo‘lga qo‘yildi. Bunda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan hayotbaxsh mezonga tayanilmoqda. Shuni qayd etish kerakki, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga baho berishda qonuniylikni ta'minlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklari qanday himoya qilinayotgani, ularga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va ochiqligi eng asosiy mezon bo‘lmoqda.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, fuqarolar tomonidan davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatiga berilgan baho ijobiy tomonga o‘zgarib, ularning ish samaradorligi oshib bormoqda. Masalan, joriy yilning I choragida respondentlarning 47,1 foizi ijobiy fikr bildirgan bo‘lsa, II chorakda bunday xulosadagi fuqarolar soni 48,8 foizni tashkil qildi. E'tiborli jihati, Xorazm, Buxoro, Jizzax, Namangan, Andijon viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish bo‘yicha davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari ishi darajasi hamda samaradorligidan fuqarolarning qoniqish darajasi yuqori bo‘ldi (50 foizdan yuqori). Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent va Navoiy viloyatlarida esa bu mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past, ya'ni 38 foizdan kamni tashkil etdi.
Mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi ular oldida turgan dolzarb vazifalarni bajarishda faoliyat samaradorligining asosiy ko‘rsatkichi, fuqarolar hamda ijro organlari o‘rtasida doimiy aloqani amalga oshirishning muhim qismi hisoblanadi. Respondentlarning qariyb 49,2 foizi fikricha, “joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyati haqidagi axborot ochiq va undan foydalanish mumkin”. Mazkur miqdor so‘nggi uch oyda 9,5 foiz o‘sgan. Bundan tashqari, so‘rovning har uchinchi ishtirokchisi nazdida “axborot hamma uchun ham ochiq emas va undan barcha fuqaro foydalana olmaydi”.
Tadqiqot jarayonida mamlakatning aksariyat aholisiga daxldor eng dolzarb muammolar aniqlandi. Bular — iqtisodiy muammolar (ish haqi darajasi, kommunal xizmatlar va keng iste'mol tovarlarining narxlari va tariflari, ishga joylashish); ijtimoiy muammolar (uy-joy bilan ta'minlanish va uning sifati, tibbiyot muassasalarining ishi, oilaviy nizolar); ijtimoiy infratuzilma muammolari (kommunal xizmatlar ta'minotining sifati, ekologiya, transport); qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlash (inson huquqlari, korrupsiya, poraxo‘rlik hamda tamagirlik).
Umuman olganda, monitoring natijalari ko‘rsatishicha, fuqarolarning ko‘plab muammolar keskinligi va dolzarbligiga doir javoblarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Respondentlar nazarida, davlat boshqaruvi organlari faoliyati turli ijtimoiy guruhlarning aniq muammolari va real ehtiyojlariga yo‘naltirilgan bo‘lishi zarur. Idoralararo tarqoqlikning bartaraf qilinishi muhimdir.
So‘rovda qatnashganlarning 85,8 foizi tadbirkorlik faoliyati hamda kichik biznes sohasida ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi, deb hisoblaydi. Bunga ko‘ra, ularning viloyati, shahri, tumanida o‘z biznesini ochishi va umuman, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Keyingi paytlarda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, pensionerlar, nogironlar, faxriylar hamda aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlashni ta'minlash bo‘yicha vaziyat yaxshilandi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning inson huquq hamda erkinliklarini himoyalash bo‘yicha ishlari faollashdi, oilaviy poliklinikalar tomonidan aholiga o‘z vaqtida, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilayapti.
Har ikkinchi respondent “sovuq suv kun davomida barqaror ta'minlanmoqda”, deb javob bergan. Fuqarolarning 46,6 foizi fikricha, yashash joylarida chiqindilar uzluksiz tashib ketiladi. Har uchinchi ishtirokchi issiq suv yoki elektr quvvati bilan barqaror ta'minlanganidan qoniqish hosil qiladi. Respondentlarning qariyb 70 foizi markaziy isitish tarmog‘idan foydalanmasligini, har uchinchi ishtirokchi issiq suv va tabiiy gazdan foydalanish imkoniga ega emasligini ma'lum qilgan. Ularning 28,6 foizi suv ta'minotiga ulanmagan, aholining 27,8 foizi fikricha, chiqindilarni tashib ketish tashkil etilmagan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 87,3 foizi shaxsiy xavfsizligi, salomatligi, sha'ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari ta'minlanganligidan to‘la darajada qoniqadi. 86,6 foizi jamoat joylarida tartib va qonuniylik ta'minlanganligini yuqori baholaydi. So‘ralganlarning 76,7 foizi esa jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidan roziligini bildirdilar.
Respondentlarning 83,1 foizi uchun bozorlarimizdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va keng iste'mol tovarlari turlari maqbul. Jamoat transporti faoliyati jonlandi.
Shu bilan birga, har uchinchi respondent mavjud ishga joylashish imkoniyatlaridan qoniqmasdan, o‘zi yashayotgan viloyat, shahar yoki tumanda “yetarlicha yangi mehnat o‘rinlari yaratilmayapti va munosib haq to‘lanadigan barqaror ish joyi topish qiyin”, deb javob berdi. So‘rovda qatnashgan fuqarolarning 28,6 foizi sifatli ichimlik suvi ta'minotidan qoniqmaydi.
Mavzuga oid
11:19 / 24.12.2024
Atigi ming qadam yurish depressiya xavfini kamaytirishi mumkin – tadqiqot
12:59 / 18.12.2024
Olimlar Marsda suv topish ehtimolini baholadi
16:31 / 16.12.2024
Ukol o‘rniga krem: qoqsholga qarshi yangi turdagi vaksina yaratildi
17:34 / 10.12.2024