Iqtisodiyot | 15:35 / 26.07.2017
41841
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank avtokreditlar to‘xtatilgani sababiga oydinlik kiritdi

Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida O‘zbekistondagi tijorat banklari tomonidan qisqa muddatga taqdim etila boshlangan avtokreditlar nima uchun to‘xtab qolganiga doir savol yangradi. Bu masala O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev quyidagicha javob berdi:

“Birinchidan, avtokredit degan tushuncha noto‘g‘ri bo‘ladi. Sababi: banklar jalb qilingan mablag‘lar hisobidan kredit beradi. Aytaylik bir yillik resurs jalb qilinsa, bir yillik kredit beradi yoki 10 yillik resurs jalb qilsa, 10 yillik kredit taqdim etadi. Aytmoqchimanki, kredit berishga jalb qilingan resurslardan kelib chiqib kreditlar beriladi. Banklarda avtokreditlar berish yopildi, degan savolga nima deyish mumkin? Banklarimizda yil boshidan kreditlar ko‘p ajratildi va hisob-kitoblar qilinganidan so‘ng, ba'zi banklar uzoq muddatli kreditlar berishni qisqartirishdi. Avtokreditlar ham 3 yilga beriladigani uchun uzoq muddatli hisoblanadi. Shuning uchun ayrim banklarimiz bu yo‘nalishdagi ishlarini to‘xtatishgan. Lekin, mendagi ma'lumotlarga ko‘ra, avtokreditlar taqdim etishni davom ettirayotgan banklar ham bor”, - dedi Saidkamol Xo‘jayev.

Shu o‘rinda sessiya moderatori Sherzodxon Qudratxo‘jayev bu masalaga nisbatan o‘z fikrini bildirib, yil boshida yirik kreditlar taqdim etilgani, har bir sohada mablag‘ ayab o‘tirilmaganini qayd etar ekan, ayni vaqtda kreditlar berilishi qisqartirilgani, ekspertlar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng amalga oshirilayotganini ochiq aytish zarur ekanini ta'kidladi. Uning aytishicha, bularning barchasi respublikada valyuta liberalizatsiyasi bilan bevosita bog‘liq va mazkur holat qisqa muddatlidir. 

Mavzuga oid