Jahon | 08:56 / 06.08.2017
22653
4 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Xirosimaga atom bombasi tashlanishi qurbonlarini yod olmoqda

Yaponiya xalqi 72 yil avval 100 mingga yaqin kishini hayotdan olib ketgan Xirosima voqeasi qurbonlari xotirasini bir daqiqalik sukut saqlash bilan yodga oldi. Xotira marosimi Xirosima markazidagi Tinchlik bog‘ida bo‘lib o‘tdi, unda 80ta davlat vakillari ishtirok etishdi. 

Sukut saqlash daqiqasi 1945 yil 6 avgustda, Xirosimada bomba portlagan vaqt – soat 08:15:01da e'lon qilindi. 

Marosimda so‘zga chiqqan shahar meri Kadzumi Matsui barcha davlatlardan yadroviy quroldan to‘liq voz kechishni talab qildi. Uning aytishicha, bu qurol butun dunyoni xavf ostiga qo‘ymoqda. 

"Fuqarolik jamiyati yadroviy qurol davlat xavfsizligini ta'minlash uchun befoyda ekanligini allaqachon tushunib yetgan. Bugungi kundagi bir bomba 72 yil avval tashlangan bombadan ming chandon kuchliroqdir. Yadro qurolining qo‘llanishi dushman mamlakat bilan birga uni qo‘llagan tomonni ham do‘zaxga duchor qiladi", deb aytdi Matsui va yadro qurolini saqlash katta qiymatdagi pullarni behuda sarflash ekanligini ta'kidlab ham o‘tdi. 

O‘z navbatida, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe xotira marosimida yadro quroli mavjud bo‘lmagan dunyoni qurish uchun barcha davlatlar ishtiroki zarurligini aytdi.

"Yaponiya atom bombardimoniga uchragan yagona davlat sifatida yadro quroli bo‘lmagan dunyoni qidirish bo‘yicha tinimsiz sa'y-harakatlar amalga oshirishi kerak", deb ta'kidlab o‘tdi u. 

"Bunday falokatlar hech qachon qaytarilishi kerak emas", deb qo‘shimcha qildi bosh vazir Abe va mamlakat 2020 yilda yadro qurolini tarqatmaslik kelishuvi bo‘yicha anjuman o‘tkazish uchun faol ko‘mak berishni va'da qildi. Shu bilan birgalikda bosh vazir hukumat bombardimonni boshdan kechirganlarga yordam berishni davom ettirishini aytdi.

1945 yil 6 avgustda erta tongda Yaponiya havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari Xirosimaga AQSh jangovar samolyotlarining kichik guruhi yaqinlashyotganini payqagan, biroq qo‘mondonlik ularni urib tushirish qarorini qabul qilmagan. Oqibatda AQShning B-29 Enola Gay bombardimonchi samolyoti hech qanday qarshilikka uchramay, shahar markazidan uchib o‘tgan va "Kichkintoy" deb nomlangan 4 tonnalik uran bombasini shaharga tashlagan. Bomba portlashi oqibatida 100 mingga yaqin kishi bir zumda halok bo‘lgan.

1945 yil oxirigacha qurbonlar soni 140 minggacha oshgan, yana o‘n minglab odamlar bir necha o‘n yillar davomida nurlanish oqibatidan aziyat chekib yashagan.

Xirosima shahri yadroviy zarba berish uchun bejiz tanlanmagan. Chunki bu shahar maksimal qurbonlar va vayronagarchiliklarga erishishga imkon beruvchi barcha mezonlarga mos kelgan: tog‘lar qurshovidagi tekislik, past va yengil alangalanuvchi yog‘och inshootlar. Shahar bombardimon oqibatida butkul yer yuzidan yo‘q bo‘lgan.

Mavzuga oid