Jamiyat | 01:02 / 13.08.2017
12199
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda ovchi 15 kishini bosib tashlagan filni otib o‘ldirdi

Hindistonda ovchi Navab Safat Ali Xon hukumat iltimosiga ko‘ra Hindiston sharqida 15 kishini bosib tashlagan yovvoyi filni Jarkxand shtatida otib o‘ldirdi. Bu haqda “Assoshieyted press” axborot agentiligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, filni bartaraf etish bo‘yicha operatsiyada 100 ga yaqin odam ishtirok etgan, biroq hukumat faqatgina Xonga o‘q uzishga ruxsat bergan.

“Agar u bizni xartumi bilan urganda biz halok bo‘lardik. Bu juda xavfli operatsiya edi”, deb aytgan ovchi.

Shtat yovvoyi tabiati qo‘riqchisi va bosh o‘rmonchisi L.R.Singxning aytishicha, filni o‘ldirish haqidagi qaror bir hafta davomida uni trankvilizator bilan uxlatish va tutishga urinishlar besamar ketgandan keyin qabul qilingan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘z to‘dasidan ajralgan fil mart oyida Bixar shtatida 4 kishini, qo‘shni Jarkxandda esa 11 kishini yanchib o‘ldirgan.

Xindiston atrof-muhit vazirligining ma'lum qilishicha, mamlakatda har kuni kamida bir kishi kamyob jonzotlar, asosan fillar bilan to‘qnashuvdan halok bo‘ladi.

Mavzuga oid