O‘zbekiston | 17:30 / 15.08.2017
13846
1 daqiqa o‘qiladi

«O‘zstandart»ning yangi rahbariga yangi o‘rinbosar tayinlandi

O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi («O‘zstandart») rahbariga yangi o‘rinbosar tayinlandi.

«Kun.uz»ning agentlikdagi manbasi ma'lumotiga ko‘ra, Jasur Shukurov agentlik rahbarining yangi o‘rinbosariga aylangan. U bu lavozimda Jamshid Mirsaidov o‘rnini egalladi.

Qayd etish kerakki, agentlik rahbari ham o‘tgan haftada o‘zgargandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri etib tayinlangan sobiq rahbar Aktam Hayitov o‘rnida Abduhamid Karimov ish boshlagandi.

Endilikda agentlikning sobiq xodimiga aylangan Jamshid Mirsaidov biroz oldinroq matbuot anjumanida O‘zbekistonda tez vaqt ichida «halol» standarti joriy etilishi haqida ma'lumot bergandi.

Agentlikdagi manba uning ishdan ketishini rahbariyatdagi o‘zgarishlar bilan bog‘ladi.

Mavzuga oid