Light | 09:54 / 17.08.2017
27000
7 daqiqa o‘qiladi

Aql va mehnatsevarlikning o‘zigina muvaffaqiyat keltirmasligiga oid 7 sabab

Medium foydalanuvchisi Melissa Chu barcha imkoniyatlar bo‘lsa-da, muvaffaqiyatga erishishga nima xalaqit berishi haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Men uzoq vaqt davomida aqlli inson qulay muhitga tushib, astoyidil ishlasa, ertami-kechmi muvaffaqiyatga erishishiga ishonar edim. Men bunday insonlarga qarab, "U bir kuni albatta qandaydir kashfiyot qiladi", deb o‘ylab qolardim.

Biroq tajribam oshgani sari, har doim ham bunday emasligini tushunib yetdim. Mening ba'zi tanishlarim - aqlli va mas'uliyatli kishilar - chindan ham haqiqiy muvaffaqiyatga erishishgan. Ammo, afsuski, nima qilishni bilmay, shunchaki oqim bo‘yicha suzayotganlar ham talaygina.

Shunda men muvaffaqiyatga juda ko‘p omillar ta'sir qilishini anglab yetdim: albatta, aql va mehnatsevarlik ham o‘z hissasini qo‘shadi, biroq bu bilangina cheklanib bo‘lmaydi.

Quyida nima uchun aqlli va mehnatsevar bo‘la turib, muvaffaqiyatga erisha olmaslikning yetti sababi keltiriladi.

 

1. Yangi aloqalar o‘rnatmaysiz

Sizga eski muloqot doirangiz turganda ko‘pincha boshqa hech kim kerak emasdek tuyuladi. Bir-biringizni yarimta so‘zdanoq tushunasiz va faqatgina o‘zingizgagina tushunarli bo‘lgan hazil-mutoyibalar ustidan kulishingiz mumkin.

Biroq bir muammo bor: eski do‘stlar davrasi bilan cheklanib qolsangiz, bir xil g‘oyalarni qayta ishlayverasiz. Siz o‘z doirangizdan tashqarida nimalar bo‘layotganini bilish imkoniga ega bo‘lmaysiz.

Dastlab yangi tanishlarni izlash qiyin ishdek tuyulishi mumkin, lekin kichik qadamdan boshlash mumkin - masalan, haftasiga bittadan yangi tanish orttirish.

"Orzuingizga erishish uchun kurashishingiz kerak. Uning uchun nimanidir qurbon qilishingiz va tinmay ishlashingiz kerak", - deydi Leonel Messi.

 

2. O‘zgarishlarni yoqtirmaysiz

Uzoq vaqt davomida bir muhitda qolib ketsangiz, bu sizning notanish narsalarga moslashish qobiliyatingizni pasaytiradi. Biroq o‘zgarishlar o‘zi bilan doim yangi imkoniyatlarni olib keladi.

O‘zgarishlarga qarshilik qilish o‘rniga, o‘ylab ko‘ring, ulardan qanday foyda olish mumkin. Ehtimol, siz bozordagi yangi o‘rinni to‘ldirarsiz yoki o‘z vaqtida salohiyatli loyihaga kirisharsiz.

Yangi g‘oyalar uchun ochiq bo‘ling va atrofingizdagi dunyoga olimlarcha qiziqish bilan qarashga urinib ko‘ring.

 

3. Tavakkal qilishni xohlamaysiz

Aqlli odamlar ko‘pincha xavfsizlikni tanlashadi. Goho karera yoki hayot yo‘lini tanlashda ular xavf eng kam bo‘lganini tanlashadi.

Albatta, bu muayyan darajada xavfsizlikni ta'minlaydi, ammo ular bir xillikdan chiqa olmay qolishadi. Menga aqlli odamlar ko‘pincha ishdan charchaganlari va yana nimalar bilandir shug‘ullanish istagi borligi, lekin qo‘rqishlarini aytishadi.

Biror yangi ish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangizu, tavakkal qilishni xohlamasangiz, hech nimani o‘zgartirmaslikka qaror qilgan taqdiringizda, taxminan 20 yildan keyin hayotingiz qanday bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘ring. O‘z qaroringizdan mamnun bo‘larmikansiz?

 

4. Bilimingiz muvaffaqiyatni kafolatlaydi deb o‘ylaysiz

Yaxshi o‘qiydigan kishilar atrofdagilar ularning yutuqlarini maqtashlari va ularning salohiyatlarini ko‘klarga ko‘tarishlariga o‘rganib qolishadi. Bu yoqimli, albatta, biroq buning ba'zi salbiy ta'sirlari ham bor.

Men odamlarning faqatgina o‘z aqli yoki bilimi tufayli muvaffaqiyatga erishganlariga doir ta'kidlarini eshitganman. Ular nufuzli universitet diplomi ularning oldida avtomat ravishda barcha eshiklarni ochishini kutishadi. Afsuski, hayotda hammasi ular o‘ylagandek emas.

Real hayotda natija faqatgina sizning ishga qancha kuch sarflaganingizga bog‘liq emas. Muvaffaqiyat uchun nafaqat mehnat, balki strategik fikrlash, shuningdek ma'lum bir ma'noda omad ham kerak.

 

5. Ko‘p chalg‘iysiz

Aksariyat muvaffaqiyatli professionallar vaqtni behuda o‘tkazishni yomon ko‘rishlarini aytishadi. Aqlli odamlar ularning vaqti naqadar qimmat turishini haddan tashqari yaxshi bilishadi - ular bu vaqtni bir narsaga sarflab, boshqa narsani qo‘ldan boy berishlari mumkin.

Bu ancha kuchli pozitsiya, biroq u ko‘pincha insonning avvalgi ishini oxiriga yetkazmay, yangisiga kirishishiga olib keladi. Shunday bo‘lsa-da, har qanday ishda boshlang‘ich bosqich odatda qo‘shimcha xatti-harakatlarni talab qiladi. Uzoq istiqbolda hadeb yangi ishga kirishavermay, bor kuchni bir maqsadga yo‘naltirish foydaliroq bo‘ladi.

 

6. Qat'iyatsizsiz

Aql va mehnatsevarlik oldingizda ko‘p eshiklarni ochishi mumkin. Afsuski, variantlar haddan tashqari ko‘p bo‘lganda tanlovni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Natijada sizga qaysi biri to‘g‘ri kelishini sinab ko‘rish uchun hammasiga urinib ko‘rish istagi tug‘iladi.

Men bir qizni bilardim - u doim biror yangi yo‘nalishdagi bilimlarni o‘zlashtirardi. Mana o‘n yil o‘tsa hamki, u hali-hanuz nima bilan shug‘ullanishni xohlashini bilmaydi.

Imkoniyatlar orasida yuguravergandan ko‘ra ko‘proq ma'lumot to‘plashga harakat qiling. Odamlar bilan suhbatlashing va imkon qadar ko‘proq fikrlarni o‘rganing, shunda u yoki bu variant sizning maqsadlaringizga to‘g‘ri kelish yo kelmasligini tushunishingiz osonlashadi.

 

7. O‘zingizga ishonmaysiz

Shunisi ajablanarliki, aqlli odamlar ko‘pincha o‘z qobiliyatlarini yetarlicha baholay olishmaydi. Ular o‘zlarini tanqid qilib, ba'zan hech narsaga qodir emasliklariga ishontirishadi.

Ishga doir masalalarda rejalar katta bo‘ladi. Har safar yangi loyiha ustida ishlaganda ular har bir qadamni tahlil qilishadi va ko‘pincha oxirgi xulosalarini o‘zgartirishadi.

Bir qarashda bu foydali xususiyatdek ko‘rinishi mumkin, biroq amalda u foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon yetkazadi. Perfektsionizm ko‘zlagan maqsadga erishish va ustuvor jihatlarni belgilashda xalaqit berishi mumkin.

"Agarda boshqacha yo‘l tutganimda..." yoki "yetarlicha uddasidan chiqmadim" qabilidagi poyonsiz fikrlar sizga xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymang. Yillar o‘tgandan keyin hayotingizni qanday ko‘rishni istashingiz haqida o‘ylang. Qulay fursat kelishini kutib o‘tirmay, hozirdanoq boshlasangiz - qanday bo‘lmasin - ko‘proq natijaga erishasiz.

Mavzuga oid