Sport | 18:20 / 21.08.2017
8685
3 daqiqa o‘qiladi

OFK Bosh kotibi Toshkentga keldi

21 avgust kuni Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Bosh kotibi Dato Vindsor Jon va Osiyo Futbol Konfederatsiyasining futbol uyushmalari bilan ishlash departamenti boshlig‘i Ravi Kumar rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar bergan.

OFK delegatsiyasining tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsadi 12 sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasiga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishish bo‘ldi.

Tashrif dasturiga muvofiq OFK Bosh kotibi Dato Vindsor Jon O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov bilan uchrashdi. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Mirabror Usmonov birinchi marta O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan OFK Bosh kotibiga mamlakatda sportni, shu jumladan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan qisqacha axborot berdi.

OFK Bosh kotibi Dato Vindsor Jon O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim federatsiyalardan biri ekanligiga alohida urg‘u berib, Osiyo bugungi O‘zbekistonning xalqaro futbol maydonlardagi yutug‘ini tan olayotganligini ta'kidladi. Tomonlar, shuningdek, O‘FFning hisobot-saylov konferensiyasiga doir masalalalar yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba ham almashdi.

Mirabror Usmonov bilan uchrashuvdan keyin OFK delegatsiyasi O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasiga tashrif buyurib, sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Dato Vindsor Jon, shuningdek, Milliy Olimpiya Qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining faoliyatini qisman kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi va markaz hududida bunyod etilayotgan murakkab jarrohlik amaliyotlari bajariladigan kardio-xirurgiya klinikasining qurilish ishlari bilan ham qiziqdi.

OFK delegatsiyasi bugunning o‘zida Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurib, o‘zbek futboli tarixi muzeyini ko‘zdan kechirdi. “Bunyodkor” bosh direktori Murod Aliyev OFK bosh kotibiga “Bunyodkor” stadionining tarixi, qurilishi va bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi. OFK Bosh kotibi Dato Vindsor Jon “Bunyodkor” stadioni faxriy mehmonlari kitobida o‘z dastxatini ham qoldirdi.

OFK delegatsiyasi 22 avgust kuni Samarqandga tashrif buyuradi va shaharning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, shu kunning o‘zida Livanga xizmat safariga uchib ketadi.

Tashrif davomida OFK delegatsiyasiga O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Birinchi vitse-prezidenti va Bosh kotibi, Osiyo Futbol Konfederatsiyasining ijroiya qo‘mitasi a'zosi Sardor Rahmatullayev va O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vitse-prezidenti Asqar Tolibjonov hamrohlik qiladi.

OFK delegatsiyasining Toshkentga tashrifi doirasida olingan suratlarni mazkur havolaga o‘tish orqali tomosha qilish mumkin. 

Mavzuga oid