Fan-texnika | 22:38 / 24.08.2017
10241
2 daqiqa o‘qiladi

Meizu kompaniyasi M6 Note smartfonini taqdim etdi

Foto: hi-news.ru

Meizu 23 avgust kuni yangi M6 Note smartfonini namoyish etdi. Bu haqida Hi-News xabar berdi. Meizu kompaniyasining M liniyasidagi eng yangi smartfoni Snapdragon 625 chipsetiga ega. M6 Note — Meizu'ning Qualcomm'dan chipset olgan birinchi devaysi.

M6 Note 5,5-dyuymli Full HD displeyi bilan ta'minlangan. Yangi smartfon ekrani ostida barmoq izlari skaneri joylashtirilgan, u shuningdek Home tugmasi vazifasini ham bajaradi. Barmoq izlari skanerining bunday joylashuvi foydalanuvchilarga qulay hisoblanadi.

Foto: hi-news.ru

M6 Note devaysining orqa tomonida ikki kameraga mavjud. U Sony IMX362 sensorlariga (12 megapikselli) asoslangan, diafragmasi esa - f/1.9. Smartfonning old panelida 5 megapikselli qo‘shimcha kamerasi bor. Zamonaviy smartfonlar borgan sari ikki kamera bilan ta'minlanmoqda va bu foydalanuvchilarni ajablantirmay ham qo‘ydi.

Meizu M6 Note qurilmasi Android 7.1.2 Nougat operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. Devays 4000 mAs sig‘imli akkumulyatordan quvvat oladi.

Yangi smartfon uch xil versiyada taqdim etilmoqda, ular xotira hajmi jihatidan bir-biridan farq qiladi.

Birinchi versiya - 3 Gb operativ va 16 Gb ichki xotiraga ega. Narxi - 1099 yuan, 164 AQSh dollari.

Ikkinchi versiyaning operativ xotirasi hajmi birinchisi kabi, ichkisi esa 32 Gb. Narxi - 1299 yuan, 194 AQSh dollari.

Uchinchi versiyada operativ xotira 4 Gb'ga oshirilgan, ichki xotira esa - 64 Gb. Narxi - 1699 yuan, 254 AQSh dollari.

Smartfonlar foydalanuvchilarga uch xil rangda namoyish etildi - tillarang, ko‘k va qora.

Mavzuga oid