O‘zbekiston | 14:00 / 27.08.2017
6390
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov UNWTO bosh kotibi bilan uchrashdi

Foto: mfa.uz

27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo uyg‘onish davrining dunyo tamadduni tarixidagi o‘rni” nomli xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Butunjahon sayyohlik tashkilotining (UNWTO) Bosh kotibi Taleb Rifai bilan uchrashdi. Bu haqida TIV matbuot xizmatida xabar berildi

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan UNWTO o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va ularni chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Mamlakatimiz mazkur tashkilot faoliyatida 1993 yildan buyon ishtirok etadi.

O‘zbekistonning tashabbusiga ko‘ra, UNWTO doirasida mintaqamizda turizm rivojlanishini rag‘batlantirgan qator hujjatlar – «Buyuk ipak yo‘lida turizmni rivojlantirish to‘g‘risida Samarqand deklaratsiyasi» (1995 yil), «Turizm va madaniy merosni saqlab qolish bo‘yicha Xiva deklaratsiyasi» (1999 yil), «Ipak yo‘li bo‘ylab turizm bo‘yicha Buxoro deklaratsiyasi» (2002 yil) qabul qilingan.

Uchrashuvda o‘zbek xalqining boy tarixiy, me'moriy, madaniy merosi asosida hamkorlikning mavjud salohiyatlarini bosqichma-bosqich amalga oshirishga ikki tomonda ham qiziqish borligi qayd etildi.

Muloqot davomida UNWTO huzurida Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy komissiyani tashkil etish masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa mavzular muhokama qilindi.

Mavzuga oid