O‘zbekiston | 02:11 / 28.08.2017
113547
4 daqiqa o‘qiladi

«Narxoz»da test kuni «rektorskaya gruppa» ishlaganmi yoki bu bir tasodifmi?

Foto: KUN.UZ

Ilgariroq saytimizda «Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi sirlar ochilmoqda» sarlavhasi ostida bloger va yurist Xushnud Xudoyberdiyevning Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yangi o‘quv yili uchun qabul imtihonlari natijalaridagi ishonarsiz raqamlar haqidagi maqolasi keltirilgan edi.

Xushnud Xudoyberdiyev o‘z saytida e'lon qilgan maqolada qabul kvotasining so‘nggi bali va o‘qishga kira olmagan birinchi abituriyentning bali o‘rtasidagi juda katta tavofutga e'tibor qaratgan.

Yolqin Muqimov o‘zining «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xuddi shu mavzu bo‘yicha yana bir tahlil natijalari e'lon qildi. Uning joylashtirgan posti qo‘yidagicha:

Shu yilgi imtihonlardan oldin televideniyeda o‘tkazilgan davra suhbatida «rektorskaya gruppa» haqida umuman hech narsani bilmasligini e'tirof etgan rektorlarimizga va shuningdek ba'zi «o‘zga sayyoradan tushganlar»ga shunchaki ma'lumot uchun bir faktni taqdim etmoqchiman.

Ushbu suratda Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti (xalq og‘zida — «Narxoz») ning Korporativ boshqaruv yo‘nalishining imtihon natijalari ko‘rsatilgan.

Kvota bo‘yicha 4 ta grant, 66 ta kontraktga abituriyent qabul qilinishi kerak. Ushbu kvota bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning aqalli birrortasi bo‘lsa ham o‘z bilimi bilan o‘qishga kirganmikan? Meni folbinga chiqarishingizdan oldin sizga bir qancha «ashyoviy dalillar»ni taqdim etaman. Keyin nima deysiz, o‘zingizga havola.

Test varaqalari DTM tomonidan kodlangan holda kelishidan xabardorsiz. Bir guruhga tushgan abituriyentlarning DTM kodlari ketma-ket kelishi ham ma'lum (masalan 7271210, 7271211, 7271212, ... tarzida)

Xullas, o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning DTM kodlariga e'tibor qiling. Bir qarashda hech qanday g‘ayrioddiylikni sezmaysiz. Chunki kodlar aralash holatda turibdi. Lekin bu DTM kodlarni tartib bo‘yicha joylashtirsak, «ajoyib» manzaraning guvohi bo‘lasiz.

Foto: Xushnudbek.uz

Diqqat qiling! O‘qishga kirgan barcha abituriyentlarning DTM kodlari ketma-ket kelgan raqamlardan iborat:

7271171 raqamidan to 7271180 raqamigacha; (jami 10 ta)

7271201 raqamidan to 7271211 raqamigacha; (jami 11 ta)

7271231 raqamidan to 7271241 raqamigacha; (jami 11 ta)

7271280 raqamidan to 7271300 raqamigacha; (jami 20 ta)

7271351 raqamidan to 7271362 raqamigacha; (jami 12 ta)

7677930 raqamidan to 7673035 raqamigacha; (jami 6 ta)

Hammasi bo‘lib 70 kishiga tegishli raqamlar.

Bu abituriyentlar yonma-yon partalarda, bitta auditoriyada o‘tirganiga hech qanday shubha yo‘q. O‘qishga kira olmagan «yetimcha» abituriyentlar esa qolgan guruhlarda tarqalib qolibdi. Aqalli bitta kod topolmadim-yey «osmondan tushgan». Siz-chi, siz topdingizmi?

Kontraktning eng oxirgi bali 163,8 ball. Yiqilganlarning birinchi o‘rni esa 97,3 ball.

Keyingi suratda xuddi shu oliygohning Menejment fakulteti:

Foto: Xushnudbek.uz

Nima deyishga ham hayronsan...

Nima bo‘lganda ham, bu holatning rost yoki yolg‘onligini sinab ko‘rishning bittagina yo‘li bor: O‘sha kirgan 70 nafar abituriyentga aynan o‘sha test variantlari keltirilib, boshqatdan test olinadi. Albatta, jamoatchilik nazorati ostida. Agar ichlaridan kimdir 15 avgust kuni e'lon qilingan natijalarga yaqin ball to‘play olishmasa — talabalar safidan qo‘rqmasdan chiqarish va o‘rniga chiziqdan pastdagilarni kvotaga qabul qilish kerak.

Adolatning qo‘rqinchli basharasi mana shu bo‘ladi!

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid