O‘zbekiston | 15:07 / 28.08.2017
113870
9 daqiqa o‘qiladi

«Narxoz»ga kimlar kirgan o‘zi: Sxema qanday ishlagan?

Foto: KUN.UZ

Kun.uz saytida e'lon qilingan «Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi sirlar ochilmoqda» va «Narxoz»da test kuni «rektorskaya gruppa» ishlaganmi yoki bu bir tasodifmi?» sarlavhali maqolalardan so‘ng tahririyat pochtasiga tinimsiz xatlar kelmoqda va mavzu ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Shular orasidan eng diqqatga sazovorlari olinib, tahlil qilingan holda o‘quvchilar e'tiboriga havola etiladi.

Surayyo Muzafarova ismli foydalanuvchi quyidagicha fikrlarni yozdi (izoh qisman tahrirlandi):

«Farzandim, ya'ni o‘g‘lim bu yil o‘sha «Narxoz»ga topshirgandi, ne umidlar bilan 3 yil repetitorga qatnab. Kirolmadi. 108,4 ball bilan. «Narxoz»da bularning juda ham «o‘yini» ko‘p ekan. Biz hujjatni «Mehmonxona» yo‘nalishiga topshirganmiz. Qabul komissiyasi esa o‘g‘limni «Turizm» yo‘nalishiga qo‘ygan. Uch marta bordim. Bolamni «Mehmonxona» yo‘nalishiga o‘tkazdilaringmi, deb so‘rab. Qabul komissiyasida o‘tirgan odam «to‘g‘irlab chiqdim, noto‘g‘ri ketib qolibdi», dedi. Lekin meni aldashgan ekan. Shu bilan DTM olganda ham borib so‘radim, bolam «Mehmonxona» yo‘nalishidami, qani ro‘yxatni ilib qo‘yishinglar kerak edi, desam, «Sizdaqalar 60 mingta, qaysi biring bilan gaplashamiz», deb meni urishib haydagandan badtar qilishdi. Xullas, tayinli javob olmadim. Test kuni bolam imtihonni «Turizm» yo‘nalishiga topshirib chiqdi. Savolnomaga hattoki «Mehmonxona» deb yozib chiqdi. Lekin javoblar chiqqanda borib qarasak, o‘g‘lim «Turizm» yo‘nalishida turibdi. «Mehmonxona» yo‘nalishi tag-tugi bilan yo‘q. Ushbu yo‘nalishning javoblarini e'lon ham qilishmadi. Men qabul komissiya raisiga uchradim, Azamat Muxtorovga. «Qani «Mehmonxona» yo‘nalishi, nega ilmagansizlar?» desam tayinli javob ololmadim. Bu ish yuzasidan Bosh prokuraturaga, Milliy xavfsizlikka, Prezident portaliga shikoyat tayyorladim. O‘sha «Narxoz»dagi qabul komissiyasi o‘yinlarini ko‘rib chiqishlari uchun. Umuman haqiqat yo‘q ekan «Narxoz»da. Bolamning bir yillik umri bekor ketadigan bo‘ldi».

Shunga o‘xshash izohni yana Shohrux Rasulov ismli foydalanuvchi qoldirdi. Unda quyidagicha deyiladi:

«Narxozda keyin xohlagan yo‘nalishingizga topshira olmaysiz, hammasi «Iqtisod»ku deb, «Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha)» yo‘nalishiga aldab odamlarni topshirtiradi».

Yuqoridagi fikrni qo‘llab-quvvatlab, Zamira Jumanazarova ismli foydalanuvchi quyidagilarni yozadi:

«To‘ppa-to‘g‘ri! Mening ukam topshirmoqchi bo‘lganda shunaqa aytishgan. Sug‘urta yo‘nalishiga topshiramiz desak «Yo‘q, iqtisod «obshchiy» degan. Kap-katta domla shunaqa degandi».

Biz ushbu yozilgan izohlarni tahlil qilib ko‘rdik. Nahotki, bu gaplarda jon bo‘lsa? Nahotki abituriyentlar so‘z ketayotgan Iqtisodiyot universitetining istalgan yo‘nalishiga hujjat topshira olmasdan, faqat «Iqtisodiyot» va «Turizm» yo‘nalishlariga topshira olsa? Yoki fuqarolar o‘zlari tushunib-tushunmay aldashyaptimi? Yoki shamol bo‘lmasa ham daraxtning uchi qimirlamayotganmikin?

Biz joriy yilda Narxozga topshirilgan hujjatlar soniga e'tibor qaratdik va qiziq raqamlarga duch keldik.

Abituriyentlar soniga qarasak, haqiqatdan «Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yichayo‘nalishiga eng ko‘p – 1 ming 091 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Yuqoridagi fuqaro da'vosiga ko‘ra, farzandi majburan o‘tkazib yuborilgan «Xizmatlar sohasi (turizmni tashkil etish va boshqarish)» yo‘nalishiga esa 978 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Xo‘sh, qolgan yo‘nalishlarga-chi? Agar ancha nufuzli hisoblangan «Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar» yo‘nalishini hisobga olmasak, Iqtisodiyot universitetining qolgan yo‘nalishlariga keskin ravishda kam hujjatlar topshirilgan. Hattoki birortasi 350 kishiga ham yetmaydi.

Aytishingiz mumkin, balki kvotalar sonidan farq bordir. Ya'ni odatda ko‘p kvota ajratilgan yo‘nalishlarga tabiiyki, ko‘proq hujjat topshiriladi.

Keling, buni ham tahlil qilamiz. «Abituriyentlarni aldab o‘tkazishadi» deya da'vo qilinayotgan «Iqtisodiyot» yo‘nalishiga 80ta kvota ajratilgan va jami 1.091 kishi hujjat topshirgan.

Kirish ballari o‘rtasidagi farq shubhali tarzda o‘ta keskin yuqori bo‘lgan «Korporativ boshqaruv» yo‘nalishiga esa 10ta o‘rin ko‘p, ya'ni 90ta kvota ajratilgan bo‘lishiga qaramasdan, lekin negadir unga atigi 313 kishi (!) topshirgan.

Yoki «Marketing» yo‘nalishiga ham 90ta kvota ajratilgan, lekin negadir unga atigi 332 kishi hujjat topshirgan.

«Buxgalteriya hisobi va audit» yo‘nalishiga ham 90ta kvota ajratilgan, lekin bu yerda ham raqamlar kamtargina - 303 kishi.

«Bank ishi» yo‘nalishiga 70ta kvota ajratilgan, lekin unga bor-yo‘g‘i 268 kishi hujjat topshirgan.

Yoki keling, yuqoridagi fuqaroning e'tirozida qayd etilgan 2 yo‘nalishdagi hujjatlar soniga nazar tashlaymiz.

«O‘g‘limni majburan o‘tkazishdi», deya da'vo qilinayotgan «Xizmatlar sohasi (turizmni tashkil etish va boshqarish)» yo‘nalishiga jami 50ta kvota ajratilgan, lekin unga 978 kishi hujjat topshirgan.

«Aslida biz arizani «Mehmonxona» yo‘nalishiga topshirgan edik», deya da'vo qilinayotgan «Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish» yo‘nalishiga 40ta kvota ajratilgan bo‘lishiga qaramay, unga atigi 179 kishi (!) hujjat topshirgan xolos.

Demak, kvotalar soni hujjatlarga soniga hech qanday ta'sir ko‘rsatmagan. Endi xolis bo‘lish uchun ikkinchi nazariyani ham tekshirib ko‘ramiz. Ya'ni balki yo‘nalishlarning kirish ballarida farq bordir? Chunki odatda abituriyentlar kirish balli past bo‘lgan yo‘nalishlarga o‘zlarini «urishadi» va hujjatlar soni oshib ketadi.

O‘tgan yilgi o‘tish ballarini tahlil qilganimizda, yo‘nalishlar o‘rtasida katta farq yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Masalan, haddan tashqari ko‘p hujjat topshirilgan va 80ta kvota ajratilgan «Iqtisodiyot» yo‘nalishiga kirish balli 152,7 bo‘lgan. 90ta kvota ajratilgan, sezilarli darajada kam hujjat topshirilgan va shubhali ketma-ketlik hamda ballar tafovutiga ega bo‘lgan «Korporativ boshqaruv» yo‘nalishiga kirish balli 155,4 bo‘lgan. Qolgan yo‘nalishlar ham shu atrofda. Demak, falon yo‘nalishda ball kam ekan deb, hamma bitta yo‘nalishga hujjat topshirishga ishtiyoqmand bo‘lgan, degan taxmin ham o‘zini oqlamadi.

To‘g‘ri, tan olish kerak, nomzodlar ko‘pligi bo‘yicha 2-o‘rinda turgan «Xizmatlar sohasi (turizmni tashkil etish va boshqarish)» yo‘nalishiga kirish balli ancha past bo‘lgan – 101,6 ball. Lekin unga sirtdan raqib sifatida qaralayotgan «Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish» yo‘nalishida ham ball unchalik yuqori emas – 138,6 ball bo‘lgan. Ammo shu ikki yo‘nalishning biriga 978 kishi, boshqasiga 179 kishi topshirgan. Qiziq, juda qiziq...

Yanada tushunarliroq bo‘lish uchun qisqagina jadvalni havola qilaman: 

Farqlar katta, nihoyatda katta. Men bu bilan biror tugal fikr bermoqchi emasman. Yuqoridagi fuqarolar yozgan e'tirozlarning barchasi haqiqat, deyishdan ham yiroqman.

Lekin tasodiflar ko‘payib ketmayaptimikin? Balki raqamlarda va shikoyatlarda ham jon bordir? Balki jiddiy tekshirish kerakdir. Bilmadim, buyog‘i endi bizning vakolatimizga kirmaydi. Buyog‘ini tegishli tashkilotlarga ishonamiz, ulardan javob kutamiz.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid