Jahon | 10:58 / 29.08.2017
5688
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: arab-kurd bo‘linmalari Raqqaning 60 foizini nazorat qilmoqda

"Suriya demokratik kuchlari" harbiy koalitsiyasi tuzilmalari Raqqa shahrining 15 dahasini terrorchilardan ozod qildi. Bu haqda ANF agentligi xabar bermoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, SDK tarkibiga kiruvchi arab-kurd guruhlari mazkur shaharning 60 foiz hududini nazorat qilmoqda

Shaharning g‘arbiy qismidagi Al-Barid, Xattin, Naxda va Diriya dahalarida ayovsiz janglar davom etmoqda. SDK jangchilari shaharning sharqiy yarmida IShIDning asosiy kuchlari (1,7 ming jangari) to‘plangan qadimgi qarorgohni qurshab olmoqda. Bu tuman yaxshi himoyalangan bo‘lib, jangarilar yer osti tunnellaridan foydalanishadi. Bu hudud ustidan nazoratning qo‘lga kiritilishi shaharni terrorchilardan ozod qilishni tezlashtiradi. 

Foto: anfenglish.com

SDK Raqqa markazida Mansur mavzesiga ham kirib, soatli minora o‘rnatilgan hududning har bir qarichi uchun jang olib bormoqda. Jangchilar terrorchilarning qator hujumlarini qaytargan. 

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, SDK bir kecha kunduzda Raqqada 48 jangarini yo‘q qilgan. Shaharni egallash uchun hujumlar 6 iyundan beri davom etib keladi. Arab-kurd bo‘linmalariga AQSh yetakchiligidagi koalitsiya HHK samolyotlari havodan ko‘mak bermoqda. 

Mavzuga oid