Sport | 18:54 / 07.09.2017
158516
8 daqiqa o‘qiladi

Terma jamoamiz bosh murabbiyligi uchun 6 nomzod

Bugun terma jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan iste'foga chiqarildi. Navbatdagi sikl oldidan aksariyat jurnalistlar va muxlislar terma jamoaga chet ellik tajribali murabbiy tayinlanishi kerakligini aytishmoqda. O‘zbekiston futbol federatsiyasi bu borada qanday fikrda ekanidan xabarimiz yo‘q. Katta ehtimol bilan ularda birorta fikr yo‘q bo‘lishi ham mumkin.

Chunki yaqinda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida saylovlar bo‘lib o‘tib, yangi rahbariyat kelishi kutilmoqda.

Oradagi tanaffusdan foydalanib, keling, terma jamoamizni boshqarishga ko‘ndirish mumkin bo‘lgan, ya'ni hozirda hech qayerda ishlamayotgan, oldimizga qo‘yiladigan vazifalarga fikrimizcha, mos keladigan murabbiylar haqida gaplashamiz. 

Uli ShTILIKe

Fuqaroligi: Germaniya

Yoshi: 63 da.

 

Shtilike 1998-2006 yillarda Germaniya terma jamoasi sistemasida yordamchi murabbiy, yoshlar tarkibi murabbiyi sifatida ishlagan. Ya'ni, terma jamoalarning ishlash tizimi borasida yetarli tajribaga ega. Yangilanish davrida aynan mana shuni to‘g‘ri tushuna oladigan bosh murabbiy asqotgan bo‘lardi.

Uli shuningdek, Osiyo futboli bilan ham yaqindan tanish. U so‘nggi 3 yilda guruhdagi raqibimiz Janubiy Koreya terma jamoasini boshqardi. Bu davrda ikki bor terma jamoamiz bilan to‘qnash keldi va g‘alaba qozondi. Aytish mumkinki, terma jamoamiz imkoniyatlarini ham chamalay oladi, muzokaralarda bu jihat ham yordam berishi mumkin.

So‘nggi turlar oldidan koreyslar uni bo‘shatib yuborgan bo‘lishsa-da, terma jamoa muammosi faqat bosh murabbiy bilan bog‘liq emasligi sezildi. Janubiy Koreya terma jamoasi so‘nggi 2 o‘yinda mahalliy murabbiy qo‘l ostida o‘tkazib, birorta ham gol ura olmadi.

 

Guus HIDDINK

Fuqaroligi: Niderlandiya

Yoshi: 70 da

Yangi asr boshlaridagi eng e'tiborli murabbiylardan biri. Ayniqsa, berilgan qisqa muddatlarda ham o‘yin sifatida, jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘ya olishi bilan mashhur.

Niderlandiya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi terma jamoalarda muvaffaqiyatli ishlagan.

Ayniqsa, bugungi terma jamoamizning tushkun kayfiyatiga mos keladi, qisqa vaqtda futbolchilarda ishonch uyg‘ota olishi, qiziqtirishi, terma jamoa atrofida ajoyib muhitni yaratishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumda u muvaffaqiyatsizliklar botqog‘iga botib qolgan «Chelsi»ni qabul qilib, uzoq vaqt mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgandi.

E'tiborli jihati, Hiddink terma jamoamiz yetakchi futbolchisi Odil Ahmedov bilan juda yaxshi tanish, ular birgalikda «Anji» klubida ishlashgan. 

 

Mayk FeLAN

Fuqaroligi: Angliya

Yoshi: 54 da

Eronliklar bosh jamoalari Aleks Fergyusonning shogirdini olib kelib, Osiyoning eng zo‘r, yengilmas jamoasiga aylantirib olishayotganda, nega biz ayni yo‘ldan bormasligimiz kerak, to‘g‘rimi?

Mayk Felan xuddi Karlos Keyrush singari, uzoq vaqt, salkam 15 yil «Manchester Yunayted» sistemasida ishladi. Fergyusonning so‘nggi yillarida uning birinchi yordamchisi sifatida faoliyat olib bordi.

Felan mustaqil faoliyat bilan shug‘ullanishga ham urinib ko‘rgan, jumladan, «Hall Siti», «Norvich» klublarida ishlashga ham ulgurdi.

 

Tomas TUXeL

Fuqaroligi: Germaniya

Yoshi: 44 da

 

Shu odamni ko‘ndirsak, juda yaxshi ish bo‘lardi. Yangi davrning eng ko‘zga ko‘ringan murabbiylaridan biri. U «Maynts» klubini boshqarayotgandayoq, Yevropada tilga tushdi, «Borussiya»da kimsan Yurgen Kloppning o‘rniga qolib, o‘yin sifati va natijalar borasida bemalol o‘rinbosar bo‘la olgani tahsinga sazovor.

Dortmundliklar kutilmaganda u bilan shartnomani bekor qilishdi va eng iqtidorli murabbiylardan biri hozircha ishsiz qolmoqda. O‘z vaqtida uning «Chelsi» yoki hatto «Barselona» klubini boshqarishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Hujumkor, yuqori pressingga asoslangan futbol tarafdori. Yangi talantlarni ochish, yoshlar bilan ishlash va o‘zining taktik yangiliklari bilan e'tiborni jalb qiladi. 

 

Xorxe FOSATTI

Fuqaroligi: Urugvay

Yoshi: 64 yosh

 

Tajribali murabbiy. Osiyo futboli bilan ham juda yaqindan tanish. 2011 yilda «As Saad» bilan birgalikda Osiyo chempionlar ligasida g‘olib kelgan.

So‘nggi saralash guruhida u raqibimiz Qatar terma jamoasini boshqardi. Ushbu terma jamoa boshqaruvidagi so‘nggi o‘yin ham uning ishga bo‘lgan munosabatini yaqqol namoyon qiladi. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda Fosattining iste'foga chiqishi, qatarliklarda keyingi bosqichga chiqish imkoniyati deyarli qolmagani deyarli aniq bo‘lib turganiga qaramasdan, Qatar bor kuchi bilan o‘ynagandi. Futbolchilar murabbiyni juda qadrlashgandi.

Bu Xorxe Fosattining har qanday sharoitlar ostida ham o‘z oldiga maksimal maqsadlar qo‘ya olishini va doimo o‘z vazifasini sidqidildan bajarishini isbotlaydi.

 

Qurbon BeRDIYeV

Fuqaroligi: Rossiya, Turkmaniston

Yoshi: 65 yosh.

 

Ertaga birgina chet ellik murabbiy kelishi bilan butun federatsiyamiz, futbolchilarimiz, futbolimizdagi munosabatlar Yevropaga aylanib ketishiga ishonish qiyin. Agar chuqur ilohotlardan umid bo‘lmasa, bugungi sharoitlar ostida ham qandaydir yaxshi natijalar ko‘rsatish kerak bo‘lsa, nomzod sifatida Qurbon Berdiyevni ko‘rsatish mumkin.

U sobiq ittifoq davlatlaridagi, O‘rta Osiyodagi futbol tizimini yaxshi tushunadi, qo‘rqib ketmaydi va mana shu sharoitlarda ham o‘zi uchun qulay tizim yarata oladi. U nafaqat jamoani futbol maydonida boshqarish, shuningdek, menejyerlik qobiliyati, umuman futbol tizimiga turtki berishi mumkinligi bilan ham e'tiborga arziydi.

Berdiyev kuchli taktik, jamoa imkoniyatidan kelib chiqib, vazifani uddalay olishi bilan mashhur. «Rubin»ning «Barselona»ga qarshi yoki «Rostov»ning «Bavariya»ga qarshi o‘yinlarini eslash kifoya. 

 

Ro‘ziqul BeRDIYeV

Fuqaroligi: O‘zbekiston

Yoshi: 45 da.

Kelajakka bo‘lgan optimistik qarashlarimiz puch bo‘lib chiqishi, o‘tgan muvaffaqiyatsizlik uchun yagona chora, shunchaki, Babayanni iste'foga chiqarib qo‘yib, uyog‘i eski hammom va eski tog‘orada cho‘milishga majbur bo‘lishimiz mumkin. U holda yuqorida sanab o‘tilgan yoki o‘tilmagan biror murabbiyning kelishidan umid yo‘q, xush kelibsiz, Ro‘ziqul Berdiyev deb qolamiz xolos. Yurtimizda PRO lisenzitsiyasini olgan murabbiylar juda ko‘p, navbati bilan hamma ishlab chiqsa ham bo‘ladi.

Sarkazmni yig‘ishtirib qo‘yib aytadigan bo‘lsak, Yevropalik tajribali murabbiylarni terma jamoamiz boshqaruviga olib kelib, unga o‘zimizning Berdiyev, Hasanov, Qosimov, Lushchan, Irismetov kabi murabbiylarimizni yordamchi qilib qo‘ysak, murabbiylarimiz uchun ham yaxshi tajriba maktabi bo‘lishiga shubha yo‘q. 

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid