Jamiyat | 10:51 / 28.09.2017
9322
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot tashkilotlari eskirgan uskunalarni 2023 yilgacha almashtirishi shart

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 iyundagi 405-son “Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i (2017 yil 11 sentabr) bilan Tibbiy uskunaning ma'nan eskirganlik darajasini aniqlovchi mezonlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Belgilanishicha, mulkchilik shaklidan qat'i nazar yangi tashkil etilayotgan yoki qayta jihozlanayotgan tibbiyot tashkilotlari faqat tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida mavjud bo‘lgan tibbiy uskunalar bilan jihozlanishi lozim.
 
Ushbu tashkilotlar yangi yaratilgan tibbiy uskunalardan ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin foydalanishi mumkin.
 
Hujjatga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlari uchun tibbiy uskunaning ma'nan eskirganlik darajasi uning ishlab chiqarilgan yili orqali aniqlanadi. Tibbiy uskunaning texnik pasportida yoki yorlig‘ida ko‘rsatilgan ekspluatatsiya muddati tugagandan keyin u ma'nan eskirgan hisoblanadi. Ekspluatatsiya muddati ko‘rsatilmagan hollarda, u ishlab chiqarilgan sanasidan boshlab 15 yil o‘tgandan keyin ma'nan eskirgan hisoblanadi. Ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bunday tibbiy uskunalardan foydalanish taqiqlanadi.
 
Tibbiyot tashkilotlari o‘zlarida mavjud bo‘lgan ishlab chiqarilgan yili ko‘rsatilmagan hamda ma'nan eskirgan tibbiy uskunalarni 2023 yilning 1 yanvarigacha yangi uskunalarga almashtirishi lozim.
 
Yangi tashkil etilgan tibbiyot tashkilotlari ma'nan eskirgan tibbiy uskunalardan foydalanishi taqiqlanadi.
 
2017 yil 18 dekabrdan kuchga kiradi.

Mavzuga oid