Jahon | 15:20 / 04.10.2017
20440
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shnilari uni tanishmadi

1 oktabr kuni Las-Vegasda musiqa festivaliga yig‘ilgan kishilarni o‘qqa tutib, 59 kishini o‘ldirgan va 500dan ortiq kishini jarohatlagan Stiven Peddokning shaxsiy hayoti Meskit shahridagi qo‘shnilari uchun ham sirli bo‘lgan.

Ularning ba'zilari Peddokni ko‘rishmagan ham. 

Meskit shahri Las-Vegasdan 145 km masofadagi shaharcha bo‘lib, u yerda asosan yoshi o‘tgan kishilar istiqomat qilishadi. 

"Men uni tanimaganman. Men uni ko‘rmaganman ham", degan o‘z nomi sir qolishini iltimos qilgan qo‘shnilardan biri.

"Bu uy hamisha sokin bo‘lardi. Biz ularni "snegirlar" (qishni iqlimi issiq bo‘ladigan hududlarda o‘tkazuvchilar) deb o‘ylardik", deya ma'lumot bergan yana bir qo‘shni.

Peddok ertalab hammadan oldin turgan va jo‘nab ketgan, qo‘shnilar u bilan gaplashishining imkoni bo‘lmagan. Bog‘dagi ishlarni bog‘bonlar bajarishgan. Kurerlar unga pitssani eshik ortidan uzatishgan. Peddok shaharchadagi tadbirlarda hech qachon ishtirok etmagan.

Peddok odamovi bo‘lgan va o‘zi bilan yashab kelgan 62 yoshli Meril Denlidan boshqa hech kim bilan gaplashmagan.

Ayni vaqtda uning qo‘shnilari uylari eshiklariga "Biz uni tanimaymiz" yozuvi tushirilgan taxtachalarni osib tashlashgan.

Foto: Reuters

Peddok otishma olib borgan mehmonxona xonasida, uning Meskitdagi uyida va Nevadadagi u bilan bog‘liq yana bir binolarda o‘tkazilgan tintuvlardan keyin jami 47 dona qurol topilgan. Mehmonxonadan topilgan 12 dona qurolga ularning tez otish darajasini avtomat darajasigacha oshiradigan maxsus qurilmalar o‘rnatilgan.

Soyli miltiq (vintovka), sochma o‘qli ov miltig‘i va to‘pponchalarni Peddok 20 yil davomida Nevada, Yuta, Kaliforniya va Texas shtatlarida sotib olgan.

Peddok ko‘p yillardan buyon ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanadigan firmada boshqaruvchi bo‘lgan. U kazinolarda ko‘p vaqt o‘tkazgan. 

U tez-tez kiradigan Starbucks kafesi xodimasi uni o‘ta qo‘polligi uchun yaxshi eslab qolgan. Peddok Denli xonim o‘zi uchun buyurtma qilishiga yo‘l qo‘ymagan va uning uchun o‘zi buyurtma berishi, uning uchun pul to‘lashi haqida aytgan.

“U hamrohini og‘iz ochgani qo‘ymasdi”, - deya eslaydi Starbucks xodimi.

Pitstsa taomlari tarqatuvchi Domino‘s tarmog‘i kurerlari keyingi bir necha oy ichida Peddokka 14 marta pitssa keltirishgan. Ular Peddokni xushmuomala kishi sifatida eslashgan, u xizmatchilarga yaxshigina choychaqa berib turgan.

Ikki yildan buyon Peddok bilan yashab kelgan Denli Las-Vegasdagi hujum vaqtida AQShda emasdi, u bir hafta ilgari sayohatga chiqib ketgan, 1 oktabr kuni Filippinda edi. Uni tergov savollariga javob berishi uchun seshanba oqshomida Los-Anjyelesga keltirishdi.

Sud materiallariga ko‘ra, Peddok 1977 yili turmush qurgandi. 1979 yili u xotini bilan ajrashgan, bir yil o‘tib ajrim Los-Anjyelesda rasmiylashtirilgan.

5 yil o‘tib u yana uylanadi, ammo 1989 yilda yana ajrashadi. 

Sud materiallarida ajrimga ikki tomon bir-birini tushunmagani sabab sifatida keltirilgan.

Daily Mail nashri Stiven Peddok Las-Vegasda tungi konsert tashrifchilarini o‘qqa tutgan Mandalay Bay mehmonxonasi xonasida olingan suratlarni e'lon qildi. Ushbu suratlarda polda uning jasadi va qurollar yotganini ko‘rish mumkin.

Foot: Daily Mail

1 oktabr kuni kechqurun Stiven Peddok ismli shaxs Las-Vegasda Route 91 musiqa festivali qarshisida joylashgan Mandalay Bay mehmonxonasining 32-qavatidan olomonni o‘qqa tutdi. 59 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. Bu AQShda qurbonlar soni bo‘yicha eng yirik otishma deb baholandi.

Las-Vegas sherifi Jozef Lombardo CNN efirida ma'lum qilishicha, Peddok odamlarni o‘qqa tutishni boshlashdan oldin mehmonxonadagi xonasiga ko‘p sonli videokameralar o‘rnatib qo‘ygan. U jami 9 daqiqa davomida o‘q yog‘dirgan. 

Sherifning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tergovchilar o‘qotarni yo‘q qilish operatsiyasida qatnashgan politsiyachilar taqqan kameralardagi yozuvlarni o‘rganmoqda. «Bundan tashqari, biz fojia yuz bergan hududga o‘rnatilgan kameralardagi videoyozuvlarni ham o‘rganib chiqyapmiz», — degan u.

Mavzuga oid