O‘zbekiston | 23:20 / 09.10.2017
69975
6 daqiqa o‘qiladi

«Qishloq qurilish invest» uy-joylarni sotayotganda kimni aldayapti?

Yildan-yilga aholida uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj oshib bormoqda va bu ipoteka xo‘jaligini yuritish tarmoqlarini yanada rivojlantirishni talab etishi tayin. Aks holda, quyidagi voqeaga o‘xshash hodisalar yuz berishi, oqibatda, bundan oddiy xalq, iste'molchi aziyat chekishi hech gap emas.

Avvalo, «Qishloq qurilish invest»​ MChJ injiniring kompaniyasi tomonidan namunali loyiha asosida barpo etilayotgan uylar ko‘z oldingizga kelgandir. Adashmadingiz, gap aynan ana shunday tipdagi uy-joyni sotib olish haqida ketmoqda.

Buning uchun buyurtmachi kompaniyaning hududiy filiali bilan dastlabki shartnomani tuzishi shart. Jarayonni to‘g‘ri olib borish tartibi va dastlabki shartnomada ko‘rsatilgan talabga ko‘ra, talabgor tanlagan loyiha qiymatining kamida 25 foiz miqdoridagi mablag‘ni besh ish kuni davomida omonatga qo‘yib, kredit olish uchun tegishli hujjatlarni bankka taqdim etishi shart. Buyurtmachi bankning mijozga kredit ajratishi haqidagi ijobiy xulosasi va boshqa so‘ralgan ma'lumotnomalar bilan «Qishloq qurilish invest»​ MChJ injiniring kompaniyasining hududiy filialiga qayta murojaat qiladi. Shundan so‘ng, asosiy shartnoma tuziladi va uy-joy taqdim etilishi belgilangan.

Hovli joyli bo‘lish umidi bilan Artikov Anvar 2016 yilning sentabr oyida ana shunday dastlabki shartnomani imzolagan. Bank unga kredit ajratish bo‘yicha ijobiy xulosa taqdim etib, Anvar bo‘lajak «Cho‘lobod»​ massivida qurilishi rejalashtirilgan 135ta xonadonga talabgor fuqarolarning 82-navbatida qayd etildi.

Asosiy shartnoma imzolanishi arafasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 21 oktabr kuni imzolangan «2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida​»gi qaror ijrosini ta'minlash maqsadida yuqoridagi uy-joylar soni 71taga qisqartirilgan. Sababi shuki, ulardan 64tasining o‘rniga 4ta ikki qavatli, ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi belgilandi.

Shunga asosan, mazkur massivda quriladigan uy-joylar shartnoma tuzgan 135 nafar buyurtmachining 71 nafariga taqsimlab berildi. Artikov Anvar muqaddam tuzilgan ro‘yxatda 82-navbatda qayd etilgani tufayli, u kelgusida qo‘shimcha uy-joy qurilishi haqida qaror qabul qilinishi kutib qoladi.

Oradan bir necha oylar o‘tib, ya'ni joriy yilning 5 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan 84-sonli yig‘ilish bayoniga asosan, injirining kompaniyasi tomonidan qo‘shimcha ravishda Urganch tumanidagi «Turkmanlar» mahallasida 50ta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu qurilishda ko‘rsatilgan uy-joylarning 24tasi «Turkmanlar» mahallasida buzilishga tushgan xonadon egalariga, qolgan 26tasi «Cho‘lobod»​ va «Yuqorijirmiz»​ mahallalaridagi uy-joylardan birini olish imkoniyati ega bo‘lmay qolgan buyurtmachilarga taqsimlanishi belgilangan.

Biroq, «Qishloq qurilish invest» MChJ​ injiniring kompaniyasi Xorazm viloyat filiali qo‘shimcha qurilayotgan uy-joydan qolgan 26tasini dastlab tuzilgan 135 nafar fuqarodan iborat ro‘yxat bo‘yicha emas, balki noma'lum tartibdagi, shubhali buyurtmachilarga taqsimlashga qaror qilgan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan injiniring kompaniya mutasaddi vakillari dastlabki badal to‘lovini (umumiy qiymatning 25 foizi) bajargan buyurtmachilar bilan dastlabki shartnoma tuzmay turib, asosiy shartnomani tuzish imkoniyati yo‘qligini tasdiqladi. Ammo, IK Xorazm filialining ma'lumotnomasi nazar tashlasak, boshqacha manzaraga guvoh bo‘lamiz. 

Navbatda 13-navbatda qayd etilgan Z.Atajanov bilan dastlabki shartnoma 25.03.2017 da tuzilgan bo‘lib, asosiy shartnoma oradan 9 kun o‘tib imzolangan. Yana bir shunday holat 26-navbatda qayd etilgan Sadullayev G‘ulom bilan yuz bermoqda. U bilan dastlabki shartnoma 11.04.2017 sanasida imzolangan bo‘lsa, asosiy shartnoma 16.03.2017 tuzilgan. Bu holatlar yuqorida ta'kidlangan tartibning qo‘pol buzilishi sanaladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng qizig‘i, ushbu shartnomani tuzishdagi xatoliklar yana 18 nafar buyurtmachi bilan yuz bergan. 

Sezganingizdek, 82-navbatdagi Artikov Anvarga uy-joy taqsimlanmay, kalendar tartibi bo‘yicha undan keyingi o‘rinda turgan buyurtmachilar bilan asosiy shartnoma tuzilgan.

Kun.uz muxbiri masalani o‘rganib chiqib, mutasaddi vakillar bilan bog‘landi va «keyingi navbatdagilar uy-joyga muhtoj edi, yana ariza yozdi. Shunga asosan, uy-joy taqsimotini o‘tkazdik», degan ishonchsiz izohni oldi. Har kimda tabiiy savol paydo bo‘ladi: kimdir mana shu taqsimotda manfaatdor emasmi? Nega qonunda belgilangan tartibni mensimay, vakolatli shaxslar o‘z bilganicha ish ko‘rmoqda?

Biz bu masalani chuqur o‘rganishni xohlagan edik, ammo muammo barchaga oydek ravshan: kalendar navbati bo‘yicha turgan buyurtmachiga uy-joy taqsim etilishi shart edi. Amalda esa buni ko‘rmadik...

Mavzuga oid