Jamiyat | 22:10 / 26.10.2017
53869
7 daqiqa o‘qiladi

Mahallaning bor gazini «​yo‘q»​ qilganlar kim?

Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati Xiva tumanidan bir necha kishilar tomonidan imzolangan murojaat kelib tushdi. Unda Xiva tumani «Juryon»​ QFY «Arvik»​ mahallasida joylashgan 462ta xonadon na tabiiy gaz, na suyultirilgan gaz ballon yoxud ko‘mir bilan ta'minlangani haqida so‘z borardi. Kun.uz muxbiri voqeani batafsil o‘rganish maqsadida Xorazm viloyatiga yo‘l oldi.

Ilk paydo bo‘lgan savol – nega gaz yo‘q? Axir, biron sababga ko‘ra, tabiiy gaz yetkazib berilmas, shuning uchun ko‘mir yoki suyultirilgan gaz ballondan foydalanish zarurdir. Ammo, mahalla fuqarolarining aytishicha, joriy yilning bahor oylarida ham tabiiy gaz uzluksiz yetkazib berilgan.

«Xivatumangaz»​ filiali sobiq boshlig‘i Q. Abdullayevning 2013 yilda bergan ma'lumotiga ko‘ra, «Arvik»​ mahallasidagi 458ta xonadon tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlar ro‘yxatiga kiritilmagani sababli kuz-qish mavsumida tabiiy-gaz bilan aholini ta'minlash chora-tadbirlari ko‘rilgan. Joriy yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2013 yil qabul qilingan «Xorazm viloyati iste'molchilarini yoqilg‘i energetika resurslari bilan ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida​»gi 193-son qarorini amalda ijro etilishini nazorat qilish bilan hamma muammo boshlandi.

Qarorda ko‘rsatilishicha, «​Arvik»​ mahallasida 14ta xonadon uzluksiz tabiiy gaz ta'minotiga ega bo‘lib, 300ta uy tabiiy-gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududda joylashgani tufayli ko‘mir yoki suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta'minlanishi e'tirof etilgan. Hujjat ilovasida «Arvik»​da foydalanishda bo‘lgan hech qanday ijtimoiy va iqtisodiy obektlar ko‘rsatilmagan.

Mahalliy mutasaddi shaxslar Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qaror to‘liq ijro etilmayotgani, ya'ni tabiiy-gaz yetib borishi qiyin, deya e'tirof etilib, amalda aholi bunday ne'mat bilan «siylangani»ni aniqlashgan. Oqibatda, gaz quvuri kesilib, tabiiy gaz ta'minoti 2017 yil bahorda to‘xtatib qo‘yilgan.

«Arvik»​ QFY raisi R.Nurmetovning aytishicha, hudud 3ta kichik mahallalarga bo‘lingan bo‘lib, «Arvik»​da 462, «Chinobod»​da 336, «Xistiyon»​da esa 147ta xonadon istiqomat qiladi. Shundan «Chinobod»​ va «Xistiyon»​dagi 483ta xonadon to‘liq tartibda suyultirilgan gaz ballonlari hamda ko‘mir bilan ta'minlangan. Ammo tahririyatga murojaat qilgan, «Arvik»​ mahallasi a'zolari esa bunday baxtdan mosuvo.

Kun.uz muxbirini o‘z o‘rnida bir nechta savollar qiziqtirdi, jumladan, chindan ham VMning 193-son qarorida ko‘rsatilgan 14ta xonadon gaz bilan ta'minlanganmi, aslida 462ta xonadon istiqomat qiladigan hududda nega «314ta uy-joy bor»​, deb ko‘rsatilgan?! Qolaversa, «Arvik»​ mahallasi tabiiy gaz yetib borishi qiyin hududda ham joylashmagan, buning ustiga xalq hashar yo‘li o‘z puliga gaz quvurini keltirgan bo‘lsa. Achinarlisi, bu mahallada dorixona va maktab bor. Vazirlar Mahkamasining qarorida «ko‘rsatilmagan»​ maktabning ham gazini uzib ketishgan. O‘quvchilar uchun qayg‘urib turgan direktor kirib kelayotgan kuz-qish mavsumida xonalarni qanday isitishni o‘ylamoqda.

«Balki, ko‘mir olib yoqarmiz. Ammo maktabning ta'miri yangi edi, pechka qurib, ko‘mir yoqsak, u ham qorayib ketadi», deydi u. Afsuski, direktor hali pechka qurish uchun mablag‘ni qayerdan olishni bilmaydi.

Mahalla faollari bir necha bor tegishli idoralarga murojaat qilib, «bizning nega gazimizni uzib ketishdi», deb so‘raganlarida, «VM qarorida shunday ko‘rsatilgan, uni o‘zgartirishga bizning haqqimiz yo‘q»​, degan vaj bilan javob berib kelishgani aytiladi. 

Kun.uz muxbiri «aholiga gaz yetib bormaydi», deya quvurlar kesilgan mahalladan nari borsa 200 m masofada ishlab turgan g‘ishtxonaga ko‘zi tushdi. Korxona barcha rasmiy hujjatlar bilan ishlab kelmoqda, uning ta'minoti aholi uchun mo‘ljallanmagan, ammo xalqning g‘amini o‘ylamay, ko‘r-ko‘rona ish tutish, bolalar ta'lim olayotgan maktab binosini issiqlik manbaisiz qoldirish insofdanmi?

Xorazm viloyati «Shimolgazta'minot»​ UK rahbarining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ijtimoiy obektlar va aholi ko‘mir, suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta'minlanadi. «Axir ular 193-son qarorda ko‘rsatilmaganku?», deya so‘ralgan muxbirning savoliga korxona rahbari aniq javob bera olmadi. U yuqoridagi so‘zlarni qat'iy qilib takrorladi.

Rahbarning aytishicha, chalkashlikka kim yo‘l qo‘yganini u bilmaydi, ammo QFY raisining o‘zi «tabiiy-gaz ta'minotida bosim pastligi tufayli» xizmatdan voz kechganini qistirib o‘tdi. Shunga qaramay, bu haqda biron hujjat taqdim etishga ojiz qoldi. Boz ustiga, QFY raisi aslo bunday ma'lumotnoma yo iltimosnoma kiritmaganini muxbirga​ jahl bilan so‘zlab berdi.

Aziz, o‘quvchi! So‘nggi so‘z va xulosa o‘zingizdan, soxta raqam va yolg‘on ma'lumotni o‘zidan yuqori turuvchi organga yuborib, aholini tabiiy gazdan mahrum qilgan, uning ustiga ana shu raqamlar asosida chiqarilgan qarorni barcha shikoyatlarga ro‘kach qilib turganlarning qing‘ir ishi o‘rganiladimi, buni kuzatib boramiz.

Mavzuga oid