Sport | 15:00 / 02.11.2017
21862
14 daqiqa o‘qiladi

YeChL. Kimda qanday imkoniyat?

Yevropa Chempionlar ligasi 4-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlari haqida so‘z borib, hatto 11 jamoa shu turdan keyin keyingi bosqich masalasini hal qilish imkoniyati borligi haqida aytilgandi. Ammo yakunda faqat to‘rt jamoa – «PSJ», «Bavariya», «Manchester Siti» va «Tottenhem» jamoalarigina keyingi o‘yinlarni har qanday hisobda yutqazishga haqlilar xolos.

Shunday bo‘lsa-da, tan olish kerak, guruh o‘yinlari biz kutgan kurashlarni taqdim eta olmadi va aksariyat guruhlarda rasman bo‘lmasa-da, deyarli, peshqadamlar yakunda kim bo‘lishi aniq bo‘lib ulgurgan.

A GURUHI

100% chiqqan jamoa: yo‘q.

Deyarli hal qilgan: «Manchester Yunayted»

Bizning taxmin: «Manchester Yunayted», TsSKA

Keyingi o‘yinlar: «Bazel» – «MYu», TsSKA – «Benfika», «MYu» – TsSKA, «Benfika» – «Bazel»

«Benfika»ga qarshi o‘yindan so‘ng, to‘plangan 12 ochko ham pley-offni kafolatlamaganini eshitgan Mourino ham hayron qolgandi. Rostan ham, shunday. Lekin manchesterliklar keyingi bosqichga chiqmasliklari uchun qolgan ikki o‘yinni ham yirik hisobda yutqazishlari, o‘z navbatida «Bazel» va TsSKA ham yuz foizlik natija ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi.

Demak, bu ikki jamoa 2-o‘rin uchun kurash olib borishini taxmin qilish mumkin. Bugungacha 6tadan ochko to‘plagan bu jamoalar keyingi ikki turda «Benfika» va «MYu»ga qarshi o‘ynaydi va kim ko‘proq ochko to‘plasa, o‘sha jamoa pley-offga chiqadi. O‘zaro o‘yinlarga ko‘ra, shveysariyaliklar ancha yaxshiroq ko‘rsatkichga ega. Ammo 3 ochko olish imkoniyati bo‘lgan o‘yin faqat TsSKA jamoasida bor. «Benfika» Moskvaga keladi va portugaliyaliklar YeChL o‘yinlarida ko‘proq ikkinchi tarkibni tushirishni boshlab yuborgan. «Bazel» bilan esa, «Benfika» o‘z uyida o‘ynaydi va 0:5 hisobidagi mag‘lubiyatning alamini olishga urinishi mumkin.

Armiyachilar murabbiyi Viktor Goncharenko «MYu»ning so‘nggi turdagi o‘yinga biroz e'tiborsiz bo‘lishidan umid qilayotganini yashirmadi, ammo «Old Trafford»dagi uchrashuvda katta narsa umid qilish qiyin. Mourino jamoasi barcha musobaqalarda bu stadionda hozircha yuz foizlik natija ko‘rsatmoqda.

 

B GURUHI

100% chiqqan jamoa: «PSJ», «Bavariya»

Bizning taxmin: «PSJ», «Bavariya»

Keyingi o‘yinlar: «PSJ» – «Seltik», «Anderleht» – «Bavariya», «Seltik» - «Anderleht», «Bavariya» – «PSJ»

Bu guruhda hammasi oldindan kutilganidek, deyarli aniq bo‘lganini aytish mumkin. «PSJ» va «Bavariya» rasman keyingi bosqich masalasini hal qilib ulgurdi.

Guruhdagi birinchi o‘rin masalasi ham amaliy tarafdan hal bo‘lgandek. «PSJ» keyingi turda o‘z maydonida «Seltik»ni qabul qiladi va agar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ularni hozirgi egallab turgan o‘rinlaridan tushirib yuborish qiyin. Parijliklarni ortda qoldirish uchun «Bavariya» 4 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishiga to‘g‘ri keladi.

Umuman, jamoalarning aynan birinchi o‘rin uchun qattiq jon kuydirishlariga ham ishonish qiyin, chunki katta ehtimol bilan «Real», «Yuventus» kabi klublar ham 2-o‘rin bilan kifoyalanmoqda. Ya'ni guruh g‘olibi bo‘lib, «Real»ga, guruhda ikkinchi o‘rinni olib esa, masalan, «Beshiktosh»ga tushib qolish ehtimoli bor.

 

C GURUHI

100% chiqqan jamoa: yo‘q

Deyarli hal qilgan: yo‘q

Bizning taxmin: «Chelsi», «Roma»

Keyingi o‘yinlar: «Qorabog‘» – «Chelsi», «Atletiko» – «Roma», «Roma» – «Qorabog‘», «Chelsi» – «Atletiko»

Bu guruhda hali kim yaqqol peshqadam bo‘lishini aytish qiyin. Hech qaysi jamoa keyingi bosqichni kafolatlamadi. Shunday bo‘lsa-da, «Atletiko»ning imkoniyati juda pasayib ketgani va endi barchasi uning qo‘lida emasligini aytsa bo‘ladi.

Keyingi turlarni asosiy raqiblariga qarshi o‘tkazadigan Simeone shogirdlari har ikki o‘yinda g‘alaba qozongan taqdirda ham, yakunda uchinchi o‘rinda qolib ketish ehtimoli katta. Chunki, «Roma»ni ham, «Chelsi»ni ham «Qorabog‘»ga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. «Chelsi» kelasi turda Ozarboyjonda g‘alaba qozonsa, pley-off masalasini hal qiladi. So‘nggi turda «Qorabog‘»ni Rimda qabul qiladigan «Roma» ham xuddi shu ishni qilishi mumkin. Yoki ozarlardan yana bir qahramonlik kutaylikmikin?

 

D GURUHI

100% chiqqan jamoa: yo‘q

Deyarli hal qilgan: «Barselona»

Bizning taxmin: «Barselona», «Yuventus»

Keyingi o‘yinlar: «Yuventus» – «Barselona», «Sporting» – «Olimpiakos», «Barselona» – «Sporting», «Olimpiakos» – «Yuventus»

5-turda «Barselona»ga qarshi o‘yinda ochko olish, aniqrog‘i, g‘alaba qozonish «Yuventus» uchun juda zarur. Bu bilan turinliklar ham «Sporting» bilan oradagi farqni saqlab turadi, hamda kataloniyaliklarning oxirgi turda ham ochko uchun kurashga majbur qiladi.

Aks holda, «Sporting» o‘z maydonida «Olimpiakos» ustidan g‘alaba qozonib, «Yuventus»ga yaqinlashib oladi. Oxirgi turda esa, «Yuventus» Gretsiyaga, «Sporting» Barselonaga boradi. Greklar maydonida ochko olish oson emasligini o‘tgan tur isbotladi. «Barselona» esa, agar guruh masalasini oldinroq hal qilsa, so‘nggi turga biroz panja ortidan qarash ehtimoli ham paydo bo‘ladi. 

 

E GURUHI

100% chiqqan jamoa: yo‘q

Deyarli hal qilgan: yo‘q

Bizning taxmin: «Sevilya», «Liverpul»

Keyingi o‘yinlar: «Sevilya» – «Liverpul», «Spartak» – «Maribor», «Maribor» – «Sevilya», «Liverpul» – «Spartak»

Keyingi turda «Sevilya» o‘z maydonida «Liverpul»ni qabul qiladi va agar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, keyingi bosqichga chiqadi. Umuman durang ham ispanlarni qanoatlantirishi mumkin, chunki oxirgi turda «Sevilya» «Maribor» bilan o‘ynashini e'tiborga olsak, yana 3 ochko kiritish imkoniyatiga ega.

Oxirgi turdagi «Liverpul» – «Spartak» o‘yini ikkinchi yo‘llanma masalasini hal qilishi shubhasiz. O‘sha o‘yinda ruslarni faqat g‘alaba qoniqtiradi.  

 

F GURUHI

100% chiqqan jamoa: «Manchester Siti»

Deyarli hal qilgan: yo‘q

Bizning taxmin: «Manchester Siti», «Shaxtyor»

Keyingi o‘yinlar: «Manchester Siti» – «Feyyenord», «Napoli» – «Shaxtyor», «Shaxtyor» – «Manchester Siti», «Feyyenord» – «Napoli»

Bu guruhda «Napoli» masalan «Shaxtyor»ga nisbatan kuchsiz ekanini ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, aynan taqvim ukrainaliklarga juda qulay kelyapti va yakunda ortiqcha urinishlarsiz guruhdagi 2-o‘rinni olib bermoqda deb aytish mumkin.

Birinchidan, 1-turda «Shaxtyor» «Napoli»ni o‘z maydonida qabul qildi va kerakli g‘alabaga erishdi. Agar bu o‘yin Italiyada bo‘lib o‘tganda, guruh o‘yinlari davomida «Napoli»ning imkoniyati balandroq bo‘lardi. Ikkinchidan, «Shaxtyor» «Manchester Siti» bilan endi, raqibga ochko kerak bo‘lmagan pallada o‘ynaydi. E'tiborli jihati, «Shaxtyor» – «Manchester Siti» o‘yini APL doirasidagi Manchester derbisidan uch kun oldin bo‘lib o‘tadi. Albatta, Pep Gvardiola keyingi o‘yinga tayyorlanishi va bir qator yetakchi futbolchilarni Xarkovga olib kelmasligi mumkin.  Bu o‘yindagi durang «Shaxter»ni pley-offga olib chiqadi.  

Aslida barchasi keyingi turda ham hal bo‘lish ehtimoli katta. «Napoli» o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra «Shaxtyor»dan yaxshiroq bo‘lib olish uchun, ukrainaliklarni yirik hisobda yutishiga to‘g‘ri keladi. Bu amalga oshmasa, «Shaxtyor»ni bemalol 2-o‘rin bilan tabriklashimiz mumkin.

 

G GURUHI

100% chiqqan jamoa: yo‘q

Deyarli hal qilgan: «Beshiktosh»

Bizning taxmin: «Beshiktosh», «Portu»

Keyingi o‘yinlar: «Beshiktosh» – «Portu», «Monako» – «Leyptsig», «Portu» – «Monako», «Leyptsig» – «Beshiktosh»

Keyingi turda turklar o‘z maydonida «Portu»ni qabul qiladi. Bu o‘yindagi durang ham «Beshiktosh»ni keyingi bosqich ishtirokchisiga aylantiradi.

Afsuski, «Monako»ning kurashga qo‘shilishi biroz kech yuz berishi mumkin. Frantsuzlar keyingi turda o‘z maydonida «Leyptsig»ni yengadigan bo‘lishsa, balki «Portu»ga yaqinlashib olishar. Ammo eng oxirgi turda «Monako» «Portu» mehmoni bo‘ladi – 2004 yilgi YeChL finalchilari bu safar pley-off masalasini o‘zaro hal qilishsa, albatta, qiziq o‘yin bo‘lsa kerak.

O‘z navbatida, nemislarni ham unutmaslik kerak, ularda hatto bir turdan keyin ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatlari bor. «Leyptsig» agar Monakoda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, balki oxirgi o‘yinda o‘z maydonida ochko kerak bo‘lmagan «Beshiktosh» bilan o‘yinda ham g‘alaba qozonishi mumkin.

Xullas, avvaldan kutilganidek, eng qiyin va murakkab guruh – so‘ngi turgacha hammada pley-offga chiqish imkoniyati saqlanib qolishining ehtimoli katta.

 

H GURUHI

100% chiqqan jamoa: «Tottenhem»

Deyarli hal qilgan: «Real»

Bizning taxmin: «Tottenhem», «Real»

Keyingi o‘yinlar: «Borussiya» – «Tottenhem», «APOEL – «Real«, «Tottenhem» – APOEL, «Real» – «Borussiya»

APOEL bu guruhda «Qorabog‘» vazifasini bajarib berdi. Ya'ni so‘nggi turgacha qizg‘in kurashlar kechishi taxmin qilingan guruhda «Borussiya»ni 4 ochkodan mahrum qilib, amalda barcha masalani hal qilib qo‘ydi.  

Endi, madridliklar Kiprda g‘alaba qozonishsa, bo‘ldi, «Borussiya» pley-off umididan butkul mahrum bo‘ladi.

Guruh g‘olibi masalasi ham deyarli aniq. So‘nggi turda kiprliklarni qabul qiladigan «Tottenhem» hozir egallab turgan o‘rnini «Real»ga topshirib qo‘ymasa kerak. O‘zaro o‘yinlarda madridliklardan ustun bo‘lgan inglizlar keyingi 2 turda 3 ochko olsa, kifoya, guruhda 1-o‘rinni ham naqd qilib qo‘yishadi.

Mavzuga oid