Jahon | 13:40 / 16.11.2017
28848
9 daqiqa o‘qiladi

«Timsoh» Mugabeni «yeb qo‘ydi» – Zimbabveda davlat to‘ntarishi

Afrikaning Zimbabve davlati prezidenti Robert Mugabe harbiylar tomonidan hibsga olinganidan so‘ng, bugun 16 noyabr kuni matbuot anjumani beradi. U har ehtimolga ko‘ra, vitse-prezident foydasiga hokimiyatdan voz kechadi. Armiya rahbariyati esa, o‘zlarining harakati davlat to‘ntarishi emasligini, balki mamlakat siyosiy tizimini tozalashga urinish ekanini ta'kidlamoqda. Ammo Hararadagi voqealar qanday baholanishidan qat'i nazar Afrikaning “diktator” rahbarlaridan birining 40 yillik boshqaruviga chek qo‘yadi. 

Foto: Philimon Bulawayo/Reuters

Bir haftalar avval Zimbabvening umri oxirigacha hukmdori sanalgan 93 yoshli Robert Mugabe davri shunday qilib poyoniga yetmoqda. Afrika davlati prezidenti bir guruh harbiylarning til biriktirishi oqibatida hokimiyatdan chetlashtirilmoqda. Harbiylar orasida esa, bir guruh oliy generalitet vakillari ham bor. 

Hozirda Robert Mugabe uy qamog‘ida saqlanmoqda. Uning o‘zi bu haqda JAR yetakchisi Jyeyob Zumaga ma'lum qilgan, deb xabar qilmoqda News 24. Mugabe «yaxshi holatda» ekanini aytgan.

Avvalroq, mamlakat harbiylari Robert Mugabeni hibsga olganini bildirgan va «mamlakatdagi vaziyat boshqa holatga o‘tganini» e'lon qildi. General-mayor Sibusiso Moyoning bayonotiga binoan, prezidentga hech narsa tahdid solayotgani yo‘q. Gap davlat to‘ntarishi haqida emas, hukmron Zanu-PF partiyasi saflarini «tozalash» haqida bormoqda. Biroq ofitserlar hibsga olish arafasida anchagina qat'iyat bilan harakat qilishgan edi.

Nazvaniye

Zimbabve poytaxtida otishmalar ro‘y berdi. Shahar ko‘chalarida zirhli texnikalarni ko‘rish mumkin edi. Xabarlarga ko‘ra, Mugabe o‘rnini mamlakat vitse-prezidenti Emmerson Mnangagva egallashi kerak. U mamlakat yuqori doiralarida eng obro‘li siyosatchilardan biri hisoblanadi. Mnangagva uzoq vaqt mobaynida hukmron partiyaning ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biri bo‘lib keldi. U mustamlakachilikka qarshi urush vaqtida partizanlar safida kurash olib borgan va qamoqqa tushgach, qiynoqlarga solingan. Shu jihati ham borki, siyosatchining o‘zi ham ancha qattiqqo‘lligi bilan mashhur bo‘lib, «Timsoh» laqabi bilan ataladi.

Britaniyaning The Daily Mail nashrining yozishicha, 1980-yillarda Mnangagva etnik kamchiliklarning qo‘zg‘olonini vahshiylarcha bostirgan. Bunda qo‘zg‘olonchilarga qarshi amaliyotlarda ishtirok etgan maxsus bo‘linmalarni KXDR harbiylari tayyorlagan. Mugabe yetakchiligidagi Afrika millatchilari g‘alaba qozonganidan so‘ng, uning safdoshi mamlakatda turli lavozimlarni egallagan, hatto mudofaa vaziri ham bo‘lgan. 

Shuning barobarida Mugabe «Timsoh» ta'siridan xavotirlangani asossiz bo‘lmaganini so‘nggi voqealar isbotlab turibdi. 2007 yildayoq Mugabedan norozi bir guruh harbiylar uni ag‘darib, o‘rniga Mnanganvani olib kelishni rejalashtirgani ma'lum qilingandi. Biroq Mnanganvani ustamonligi va mohirligi hibsga olinishiga yo‘l qo‘ymadi, aksincha Zimbabve birinchi vitse-prezidenti bo‘lish imkonini berdi. 

Shu yilning avgustida Mnangagva zaharlandi va JARda davolandi. Noyabr oyi boshlarida Mugabening rafiqasi Greys bilan sen-menga borib qolganidan so‘ng, prezident tomonidan vazifasidan chetlashtirildi. Shundan so‘ng, siyosatchi yana JARga qaytdi va u yerdan mamlakat harbiylarining qo‘llab-quvvatlashiga erishdi. 

Foto:  Mnangagva/Reuters

Mnangagva qachonlardir Buyuk Britaniyaning eng boy mustamlakasi bo‘lgan davlatning eng badavlat kishisi deb bilishadi. Bunda vitse-prezident Mugabedan ancha yosh bo‘lishiga qaramay, aslida navqiron yoshda emas. U ham 75 yoshni yashab qo‘ygan.

Qayd etilishicha, Mugabening hokimiyatdan chetlashtirilishi partiya fraksiyasining Greys Mugabe qo‘llab-quvvatlab kelgan dushmanona siyosatiga barham berilishini anglatadi. Davlat rahbari so‘nggi yillarda aynan uni o‘z merosxo‘ri qilishga urinib kelayotgan edi. Biroq u oshkora manmanlik va dabdabavozligi uchun aksar zimbabveliklarning nafratini uyg‘otib kelgan. Greys esa, kamtarlikni chetga surib qo‘ygani holda fuqarolar «Mugabening jasadi»ga ovoz berishga shayligini ta'kidlab kelar edi.

Endilikda, aynan uning turmush o‘rtog‘i «siyosiy jasad»ga aylanmoqda. Greys mamlakatni tark etdi, deb xabar qildi SkyNews manbasiga tayangan holda. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, sobiq birinchi xonim Namibiyaga yo‘l olgan. Afrika yangiliklar agentligi (ANA) Zimbabve xavfsizlik xizmatidagi manbasiga tayangan holda Mugabe rafiqasining mamlakatni tark etishiga imkon berilishi evaziga iste'foga chiqishga rozi bo‘lgan. 

Zimbabvedagi voqealar tufayli bayonot bergan Afrika Ittifoqi hodisalarni «konstitutsiyaviy davlat to‘ntarishi»ga qiyosladi va harbiylarga murojaat qilib, mamlakatdagi vaziyatni yana o‘z oqimiga tezroq qaytarishga chaqirdi. Biroq Afrika yo‘nalishida faoliyat yurituvchi rossiyalik diplomatlardan biri «Gazeta.Ru» bilan suhbatda Afrikaning ayrim davlatlari bo‘layotgan voqealarni ijobiy qarshilamasligi mumkin, deb fikr bildirdi. «Zimbabvedagi voqealar 2015 yil may oyida Burundida amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishning aynisidir. Burundi muxolifati shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqlarda Burundi va Ruandada ham shu narsani takrorlashga chorlamoqda», — deydi diplomat. 

Har qanday holatda ham mintaqa bo‘yicha aksariyat ekspertlar mamlakat rahbarining 40 yillik boshqaruvi tugadi, degan fikrda yakdillik bildirishmoqda. 

Britaniyaning The Telegraph nashri yozishicha, Mugabe «o‘z davrining eng shafqatsiz hukmdorlaridan biri sifatida» mamlakat tarixida uzoq iz qoldiradi.

Mugabe ham Afrikaning aksar yetakchilari bosib o‘tgan va duch kelgan taqdir sinovini boshidan kechirmoqda. Diniy ta'lim olgan ajoyib notiq Britaniyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashchi sifatida dong taratdi. 1980 yili mustaqil Zimbabve bosh vaziri bo‘ldi. 1987 yili o‘z lavozimini bekor qilib, o‘zini mamlakat prezidenti deb atadi.

Mugabe boshqaruvining ilk yillari islohotlar bilan kechdi. Bu narsa mamlakat iqtisodiy holatini yaxshiladi. Buyuk Britaniya va Zimbabve hukumati o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq, bu yerda mehnatini davom ettirayotgan oq tanli fermerlar va ularning boshqaruviga qarshilik qilayotgan tubjoy aholi o‘rtasida tinchlikka erishildi.

Kelishuvning asl mohiyati shundan iborat ediki, mamlakat hukumati oq tanli fermerlarning yerlarini sotib olishi kerak edi. Albatta, 2000 yillar boshida Toni Bler hukumati shuning uchun belgilangan mablag‘ni ajratishni to‘xtatgani keskin to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi va yerlarning qurollangan radikallar tomonidan egallanishiga olib keldi.

2001 yili AQSh va YeI Mugabe tuzumiga qarshi sanksiya kiritdi. Jazo choralari ro‘yxatiga 81 kishi kiritildi. Ularning orasida prezidentning o‘zi, hukmron Zanu-PF (Zimbabve Afrika milliy ittifoqi) rahbarlari va prezidentga yaqin kishilar bor edi. Bundan tashqari, sanksiyalar olmos hamda boshqa foydali qazilmalar qazib oluvchi yirik zaxira kompaniyalariga ham joriy etildi. Ekspertlarga ko‘ra, G‘arb joriy qilgan qamal Zimbabvega 42 milliard dollarga tushdi.

Mamlakat hukumati tashqaridan bosimni zaiflashtirish maqsadida ma'lum bir islohotlarga qo‘l urdi. Masalan, prezidentlik muddati kamaytirildi. Mugabe mamlakat boshqaruviga o‘zining sobiq siyosiy raqibi Morgan Tsvangiraini jalb etdi, ammo 2013 yilgi saylovlardan so‘ng uning lavozimi yo‘q qilindi. Hokimiyat to‘lig‘icha Mugabe qo‘lida to‘plandi. 

Prezidentning hokimiyati boshqalar bilan bo‘lishishni istamagani aholining turli qatlamlari orasida norozilik keltirib chiqardi. 

«Gazeta.Ru» bilan suhbat qilgan afrikalik tadqiqotchi Kester Klomegaxning so‘zlariga ko‘ra, davlat boshqaruvi ko‘rinishi e'tiborga olinsa, Zimbambveda harbiy davlat to‘ntarishini kutish mumkin edi. 

«Mugabe mamlakatni mustaqil qildi. Bu hurmat qilishga arziydi. Lekin uning taqdiri Qoddofiy taqdiriga o‘xshash bo‘lishini xohlamasdim. Endilikda, yangi rahbariyatning asosiy vazifasi zamonaviy yetakchilar avlodini voyaga yetkazishdir».

 

Mavzuga oid